Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Toshkent va Xiva shaharlarida o‘tkazilgan «Islom – tinchlik va ezgulik dini» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya uning ishtirokchilarida katta taassurot uyg‘otdi. Bu jihatlar xorijdan kelgan ishtirokchilarning fikrlarida ham o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.
Ahmad Ol Qosimiy, “HEDAYAH” zo‘ravon ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro markazi raisi ijrochi direktori (Birlashgan Arab Amirliklari):
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga ushbu muhim anjumanni tashkil etgani uchun tuzilmamiz nomidan samimiy minnatdorligimni bildiraman.
Anjuman doirasida Din ishlari qo‘mitasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilib oldik. So‘nggi yillarda markazimiz va O‘zbekistondagi diniy sohaga oid ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlandi.
Bugungi tahlikali davrda dinni noto‘g‘ri talqin qilish oqibatida ko‘plab ziddiyatlar sodir bo‘layotgani achinarli, albatta. Shaxsan men buning sababini ilmsizlikda va dinni to‘g‘ri anglamaslikda, deb bilaman. Yoshlarni bunday tahdidlardan himoya qilishning bir qancha yo‘llari mavjud va ularning avvalida ilm va yana ilm turadi.
O‘zbekistondek buyuk allomalarga Vatan bo‘lgan yurtda bo‘lib o‘tgan ushbu anjuman islom ma’rifatini teranroq anglashga yordam beradi.
Shu ma’noda, ushbu konferensiyani ezgulik anjumani, deb atash mumkin.
N.Usmonova, O‘zA
#haj
64-CAVOL:
Assalomu alaykum. Men piyoda haj qilmoqchiman, shu masalaga dinimizda nima deyiladi?
JAVOB:
Va alaykum assalom. Piyoda haj qilish to‘g‘risida mazhabboshimiz Imom Abu Hanifa rahimahulloh makruh, deganlar. Chunki piyoda haj qilishda safar mashaqqati odamning xulqiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, kishi fe’lini tajang qilib qo‘yadi. “Majma’ul anhur” kitobida: “Ulovda haj qilish piyoda haj qilishdan afzaldir va fatvo ham shungadir”, deyiladi.
Hozirgi kunda vatandoshlarimizning xavfsizligi va qulayligini hisobga olib, faqat uyushgan holda va havo yuli orqali haj safari qilinadi. Har bir hojining xavfsizligi, sog‘ligi va ibodatlarni to‘liq bajarishi maxsus ishchi guruh diqqat-e’tiborida bo‘ladi.
Demak, yakka tartibda piyoda va avtomobillarda haj safari qilish maqsadga muvofiq emas. Chunki piyoda safar qilinganda bir nechta xorijiy davlatlar chegaralari kesib o‘tiladi va yo‘lning xavfsizligiga hech kim kafolat bera olmaydi.
Hukumatimiz tomonidan barcha qulayliklar yaratilib turganda bir paytda, jonimizni xavfga qo‘yib, piyoda haj qilaman, deyish ma’qul emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
fatvo hay’ati. @diniysavollar