“Laa ilaha illalloh” jannat kalitidir. Har bir kalitning tishlari bo‘lganidek, tavhid kalimasi – “Laa ilaha illalloh”ning ham tishlari mavjud. Ular quyidagilardir.
1. Ilm. Alloh taolo bunday buyuradi: “Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling” (Muhammad surasi, 19-oyat).
Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan boshqa iloh yo‘qligini bilib vafot etsa, jannatga kiradi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
2. Shubhadan holi bo‘lgan to‘liq ishonch. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Haqiqiy mo‘minlar Alloh va uning payg‘ambariga imon keltirib, so‘ngra shubha qilmagan va mollari va jonlari bilan Alloh yo‘lida jihod qilgan zotlardir. Aynan o‘shalargina (imonlarida) sodiqdirlar” (Hujurot surasi, 15-oyat).
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimning oxirgi so‘zi “Laa ilaha illalloh” bo‘lsa, jannatga kiradi», dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Hokim rivoyati).
3. Kibrdan yiroq bo‘lish. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Chunki ularga: «Allohdan o‘zga iloh yo‘q», deyilganda, kibrlangan edilar” (Soffot surasi, 35-oyat).
Rasululloh sollalohu alayhi vasallam: «Kim “Yolg‘iz Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Uning sherigi yo‘qdir, Muhammad Uning Rasulidir deb guvohlik bersa”, Alloh unga do‘zaxni xarom qiladi», deganlar (Imom Muslim rivoyati).
4. Itoat etish va buysunish. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Sizlarga azob kelib, so‘ngra yordam berilmay qolishidan ilgari Robbingizga qaytingiz va Unga bo‘yin suningiz!” (Zumar surasi, 54-oyat).
Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim “Ashhadu an laa ilaha illallohu vahdahu laa sharika lahu va anna Muhammadan ’abduhu va rasuluhu…”, deb guvohlik bersa hamda jannat va do‘zaxni haq deb bilsa, Alloh taolo jannatdagi sakkiz eshikning xohlaganidan kirgizadi», dedilar.
5. Chin ixlos. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Holbuki, ular faqat yagona Allohga, Uning uchun dinni (shirkdan) xolis qilgan, to‘g‘ri yo‘ldan og‘magan hollarida ibodat qilishga va namozni barkamol ado etishga hamda zakot berishga buyurilgan edilar. Mana shu to‘g‘ri (haqqoniy) dindir” (Bayyina surasi, 5-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlar ichida qiyomat kuni shafoatingiz bilan eng saodatmand bo‘ladigan kishi kim?” dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Abu Hurayra, aniqki, shu gapni sendan oldin hech kim so‘ramasligini bilar edim, chunki hadisga o‘ta harisligingni ko‘rganman. Odamlar ichida qiyomat kuni shafoatim bilan eng saodatmand bo‘ladigan kishi “Laa ilaha illalloh”ni qalbidan ixlos bilan aytgan kishidir», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
6. Allohga muhabbat. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Odamlar orasida Allohdan o‘zga narsalarni (soxta ma’budalarni) Unga teng bilib, ularni Allohni sevgandek sevadigan kimsalar ham bordir. Imon keltirganlarning Allohga bo‘lgan sevgilari esa (ularnikidan) kuchliroqdir” (Baqara surasi, 165-oyat).
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uchta (xislat) borki ular kimda bo‘lsa, u imon ta’mini his qiladi. Kimgaki Alloh va Uning Rasuli boshqa barcha narsalardan sevimli bo‘lsa, yaxshi ko‘rgan kishisini Alloh uchun yaxshi ko‘rsa, kufrga qaytishni olovga uloqtirilishni yomon ko‘rgandek yomon ko‘rsa”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV