Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyul, 2025   |   11 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
06 Iyul, 2025, 11 Muharram, 1447

Jannat kaliti: “Laa ilaha illalloh”

18.10.2024   12789   4 min.
Jannat kaliti: “Laa ilaha illalloh”

“Laa ilaha illalloh” jannat kalitidir. Har bir kalitning tishlari bo‘lganidek, tavhid kalimasi – “Laa ilaha illalloh”ning ham tishlari mavjud. Ular quyidagilardir.

1. Ilm. Alloh taolo bunday buyuradi: “Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling” (Muhammad surasi, 19-oyat).

Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan boshqa iloh yo‘qligini bilib vafot etsa, jannatga kiradi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

 

2. Shubhadan holi bo‘lgan to‘liq ishonch. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Haqiqiy mo‘minlar Alloh va uning payg‘ambariga imon keltirib, so‘ngra shubha qilmagan va mollari va jonlari bilan Alloh yo‘lida jihod qilgan zotlardir. Aynan o‘shalargina (imonlarida) sodiqdirlar” (Hujurot surasi, 15-oyat).

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimning oxirgi so‘zi “Laa ilaha illalloh” bo‘lsa, jannatga kiradi», dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Hokim rivoyati).

 

3. Kibrdan yiroq bo‘lish. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Chunki ularga: «Allohdan o‘zga iloh yo‘q», deyilganda, kibrlangan edilar” (Soffot surasi, 35-oyat).

Rasululloh sollalohu alayhi vasallam: «Kim “Yolg‘iz Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Uning sherigi yo‘qdir, Muhammad Uning Rasulidir deb guvohlik bersa”, Alloh unga do‘zaxni xarom qiladi», deganlar (Imom Muslim rivoyati).


4. Itoat etish va buysunish. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Sizlarga azob kelib, so‘ngra yordam berilmay qolishidan ilgari Robbingizga qaytingiz va Unga bo‘yin suningiz!” (Zumar surasi, 54-oyat).

Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim “Ashhadu an laa ilaha illallohu vahdahu laa sharika lahu va anna Muhammadan ’abduhu va rasuluhu…”, deb guvohlik bersa hamda jannat va do‘zaxni haq deb bilsa, Alloh taolo jannatdagi sakkiz eshikning xohlaganidan kirgizadi», dedilar.
 

5. Chin ixlos. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: Holbuki, ular faqat yagona Allohga, Uning uchun dinni (shirkdan) xolis qilgan, to‘g‘ri yo‘ldan og‘magan hollarida ibodat qilishga va namozni barkamol ado etishga hamda zakot berishga buyurilgan edilar. Mana shu to‘g‘ri (haqqoniy) dindir(Bayyina surasi, 5-oyat).

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlar ichida qiyomat kuni shafoatingiz bilan eng saodatmand bo‘ladigan kishi kim?” dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Abu Hurayra, aniqki, shu gapni sendan oldin hech kim so‘ramasligini bilar edim, chunki hadisga o‘ta harisligingni ko‘rganman. Odamlar ichida qiyomat kuni shafoatim bilan eng saodatmand bo‘ladigan kishi “Laa ilaha illalloh”ni qalbidan ixlos bilan aytgan kishidir», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

 

6. Allohga muhabbat. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Odamlar orasida Allohdan o‘zga narsalarni (soxta ma’budalarni) Unga teng bilib, ularni Allohni sevgandek sevadigan kimsalar ham bordir. Imon keltirganlarning Allohga bo‘lgan sevgilari esa (ularnikidan) kuchliroqdir” (Baqara surasi, 165-oyat).

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Uchta (xislat) borki ular kimda bo‘lsa, u imon ta’mini his qiladi. Kimgaki Alloh va Uning Rasuli boshqa barcha narsalardan sevimli bo‘lsa, yaxshi ko‘rgan kishisini Alloh uchun yaxshi ko‘rsa, kufrga qaytishni olovga uloqtirilishni yomon ko‘rgandek yomon ko‘rsa, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

 

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mo‘tadillik - saodat

04.07.2025   3954   2 min.
Mo‘tadillik - saodat

Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.

Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.

Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.

Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida  “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar. 

Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”. 

Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.

Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi

Bahodir Mirfayziyev

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA