Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنِ ابْنِ عَوْنٍ قَالَ: دَخَلَ دَاخِلٌ عَلَى مُحَمَّدِ بْنِ سِيرِينَ، وَهُوَ عِنْدَ أُمِّهِ، فَقَالَ: مَا شَأْنُ مُحَمَّدٍ، أَيَشْتَكِي شَيْئًا؟ قَالُوا: لَا، وَلَكِنْ هَكَذَا يَكُونُ إِذَا كَانَ عِنْدَ أُمِّهِ.
Ibn Avndan rivoyat qilinadi:
«Muhammad ibn Siriynning oldiga bir odam kirdi. U onasining oldida turgan edi. Haligi kishi: «Muhammadga nima bo‘lgan, kasal bo‘lib qoldimi?» dedi.
«Yo‘q, onasining oldida turganida shunday bo‘ladi», deyishdi».
Sharh: Ya’ni biror-bir harakatim onamga yoqmay qolmasin, deya titrab-qaqshab, onasining ko‘ziga tikilib, nihoyatda o‘zini xokisor tutganidan, tashqarida turgan odam «Bu odam kasal shekilli», deydigan darajaga yetib qolar ekan.
Onaga bo‘lgan ehtirom, u kishiga ko‘rsatilgan hurmat ana shu darajada, butun vujud bilan berilgan holda ado etilgan. Uni bilmagan odam «Kasal bo‘lib qolibdi, hozir bunga bir narsa bo‘ladi», deydigan darajada qo‘rqib ketar ekan.
Muhammad ibn Siriyn mashhur tobe’inlardan. U kishi Ibn Siriyn nomi bilan mashhur, juda ilmli, butun Islom olamida dong taratgan ulug‘ tobe’inlardan bo‘ladilar. Ibn Siriyn onalarining oldilarida turganlarida bir odam kirib boribdi. U kishining holatini ko‘rib, qo‘rqib ketibdi. Qaytib chiqib: «Nima, Muhammad kasal bo‘lib qoldimi? Ahvoli chatoq-ku», deganida odamlar: «Yo‘q, kasal bo‘lgani yo‘q, onasining oldida turganida onaning ehtiromidan shunaqa holga tushib qoladi», deyishgan.
Imom Husayn ibn Hasan Marvaziyning biz o‘rganayotgan «Kitabul birri vas-sila» nomli kitobida juda nodir holatlar uchrayapti. Misol uchun, Muhammad ibn Siriynning aytib o‘tilgan holatlariga o‘xshash holatni boshqa kitoblarda ko‘rmaganmiz. Ya’ni onaning oldida turgan farzand haybatdan, u kishiga bo‘lgan muhabbatdan, u kishini norozi qilib qo‘ymayin, degan umid bilan o‘zini xokisor tutishidan yonida turgan odam: «Bu bechora kasal bo‘lib qolibdi-yu, og‘ir ahvolga tushib qolibdi-yu», deydigan darajada qaqshagan holda turishlari.
Onaning farzanddagi haqqi shu qadar ulug‘ki, salafi solih ulug‘larimizning, o‘zlari katta va mashhur olim, dunyoga dong‘i ketgan alloma bo‘lishlariga qaramay, onalarini qanchalik hurmat qilib, ularning oldida o‘zlarini bu qadar xor tutishlaridan har bir musulmon o‘rnak olishi lozim bo‘ladi.
عَنْ دَاوُدَ بْنِ قَيْسٍ قَالَ: أَخْبَرَنِي رَجُلٌ أَنَّ أَبَا هُرَيْرَةَ كَانَ إِذَا غَدَا مِنْ مَنْزِلِهِ لَبِسَ ثِيَابَهُ، ثُمَّ وَقَفَ عَلَى أُمِّهِ فَقَالَ: السَّلَامُ عَلَيْكُمْ يَا أُمَّتَاهْ وَرَحْمَةُ اللهِ وَبَرَكَاتُهُ، جَزَاكِ اللهُ عَنِّي خَيْرًا كَمَا رَبَّيْتِنِي صَغِيرًا. فَتَرُدُّ عَلَيْهِ: وَأَنْتَ يَا بُنَيَّ، فَجَزَاكَ اللهُ عَنِّي خَيْرًا كَمَا بَرَرْتَنِي كَبِيرَةً. ثُمَّ يَخْرُجُ فَإِذَا رَجَعَ قَالَ مِثْلَ ذَلِكَ.
Dovud ibn Qaysdan rivoyat qilinadi:
«Bir odam menga xabar berdi. Abu Hurayra ertalab uyidan chiqmoqchi bo‘lsa, kiyimlarini kiyib, onasining oldiga kelar, «Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh, onajon! Meni kichkinaligimda tarbiya qilganingiz uchun Alloh sizni yaxshi mukofotlasin!» der edi.
Onasi: «O‘g‘lim, keksayganimda menga yaxshilik qilganing uchun Alloh seni ham yaxshi mukofotlasin!» deb qaytarardi.
Keyin chiqar edi. Qaytganida ham o‘shanga o‘xshagan gapni aytardi».
Sharh: Mana, farzand bilan onaning orasida bo‘ladigan munosabatning namunaviy bir holati. Ulug‘ sahobiy, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning dorilfununlari bitiruvchisi Abu Hurayra roziyallohu anhu onani hurmat qilish bo‘yicha dunyodagi barcha farzandlarga numunaviy dars o‘tmoqdalar.
Ona uyda o‘tiradi. O‘g‘il turmush yumushlari bilan har kuni tashqariga chiqadi. O‘zi, onasi, oilasi uchun kasb qiladi. Ammo vafodor o‘g‘il bir zum ham volidasini esdan chiqarmaydi. Uydan chiqayotib, onasiga salom beradi, u kishining haqqiga go‘zal duo qiladi. Uyga kirayotib, onasiga salom beradi, u kishining haqqiga go‘zal duo qiladi. Har bir oila uchun ajoyib ziynat bo‘lishga arziydigan bu ish har kuni takrorlanadi.
O‘zini bilgan mo‘min-musulmon farzandlar Abu Hurayra roziyallohu anhuning bu ishlarini hozirgacha davom ettirib kelayotganlariga o‘zimiz guvohmiz. Dunyoda musulmonlarchalik onasini boshiga ko‘taradigan qavmni ko‘rganimiz yo‘q. Alloh bu savobli amalni qilishni barcha farzandlarga nasib etsin.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz
عن أبي هريرة رضي الله عنه: عن النبي صلي الله عليه وسلم قال: مَن أنْفَقَ زَوْجَيْنِ في سَبيلِ اللَّهِ، دَعاهُ خَزَنَةُ الجَنَّةِ، كُلُّ خَزَنَةِ بابٍ: أيْ فُلُ هَلُمَّ، قالَ أبو بَكْرٍ: يا رَسولَ اللَّهِ، ذاكَ الذي لا تَوَى عليه، فقالَ النبيُّ صَلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ: إنِّي لَأَرْجُو أنْ تَكُونَ منهمْ. رواه البخاري.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohning yo‘lida bir juft (narsa) nafaqa qilsa, uni jannat xozinlari chaqiradi. Har bir eshik xozini: “Ey falonchi, kel bu yoqqa”, (deydi)”, dedilar. Abu Bakr: “Yo Allohning Rasuli, zoye bo‘lmaydigan o‘sha ekan-ku”, dedi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Sen ulardan bo‘lishingni umid qilaman”, dedilar.
Ushbu hadisi sharifda rahmat payg‘ambari Sayyidimiz Nabiy alayhissalom biz ummatni oson, ammo Alloh taoloning huzurida katta darajalarga, ajr-mukofotga yetkazadigan amalga buyuryaptilar. E’tibor bilan qaraladigan bo‘linsa, hadisi sharifda aytilayotgan amalni hammamiz har kuni qila olishimiz mumkin bo‘lgan amalki, hech birimiz Alloh taoloning fazl-u marhamatidan umidimizni so‘ndirmasak ham bo‘ladi.
Hadisi sharifda “bir juft”, deyildi. Bunda har qanday narsadan bir juftni tushunishgan ushbu hadisni sharhlagan ulamolarimiz. Bir juft kiyim, bir juft dirham, bir juft dinor, bir juft non, bir juft taom va hokazo. Insonga yordami tegishi mumkin bo‘lgan, unga foyda berishi mumkin bo‘lgan har qanday narsa tushuniladi. Demak, aynan qaysidir narsaning qanday turini infoq qilish shart emas. Kishi topganini musulmon birodariga ilinib uni sadaqa qilsa hadisi sharifda aytilayotgan va’daga yetishi aniq ekan. Qarang, ushbu hadisi sharifda zikr qilingan amalni ixlos bilan, yolg‘iz Alloh taoloning roziligini ko‘zlab amalga oshiradigan bo‘lsak, jannatni hayotimizda doim uchraydigan, hamma ham qila oladigan, oddiy amal bilan qo‘lga kiritishimiz aniq ekan.
Savol tug‘iladiki, bu amalni bir marotaba qilsa kifoyami yoki doimiy shunday amalda bardavom bo‘lish kerakmi? Hadisi sharifdan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, bu amalni bir marotaba yoki doim qilgan odamga ushbu va’da yetishi mumkinligini tushunamiz. Mana shunday amalda chin ixlos-la, Alloh taoloning roziligini maqsad qilib sobit bo‘lgan odamga qiyomat kuni har bir Jannat darvozasida turgan farishtalar uni ey, falonchi, bu yoqqa, kel, deya chaqirar ekan.
Boshqa hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Kim Alloh yo‘lida ikki bor infoq qilsa-biror narsa sarflasa (yoki ma’nosi: Alloh yo‘lida ikki juft ot, tuya, eshak, dinor va hokazo sarflasa), jannat eshiklaridan biridan chaqiriladi: kim namoz ahlidan bo‘lsa, namoz eshigidan, kim jihod ahlidan bo‘lsa, jihod eshigidan, kim ro‘za ahlidan bo‘lsa, rayyon eshigidan, kim sadaqa ahlidan bo‘lsa, sadaqa eshigidan chaqiriladi”. Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu shunda: “Yo Alloh payg‘ambari, ota-onam sizga fido bo‘lsin, barcha eshiklardan kirish fazilati ham bo‘larmikan, biror kishi barcha eshiklardan ham chaqirilib qoladimi?” deb so‘radilar. Payg‘ambar alayhissalom: “Ha. Siz o‘shalardan bo‘lsangiz kerak”, deb javob berdilar.
Ulamolardan Ibn Abdul Barr rahimahulloh “At-Tamhid” nomli asarlarida (7/184-185 betlar) quyidagilarni aytadilar:
“Ushbu hadisdan olinadigan foydalardan biri shuki, Islom targ‘ib etgan amallarni bajarishda har kim ham hamma sohada ilg‘or bo‘lolmaydi, birida jonbozlik ko‘rsatsa, aksar hollarda boshqasidan mahrum qolishi mumkin, juda kam holatlarda bularning barchasi bir kishida to‘planadi, Abu Bakr roziyallohu anhu ana shunday nodir kishilardan edilar. Bu hadisda yana shunga dalolat borki, bir narsaga ko‘proq odatlangan kishi o‘shanga mansub etib qayd etiladi (albatta, bu yerda farzi ayndan tashqari bo‘lgan ibodatlar haqida gap ketmoqda). “Kim namoz ahlidan bo‘lsa”, degan so‘zlariga e’tibor bering, ya’ni, “kim namozdan ko‘paytirgan, ko‘p o‘qigan bo‘lsa” degani. Negaki, hamma ham namoz ahlidan ekani ma’lum. “Kim jihod ahlidan bo‘lsa”, “kim ro‘za ahlidan bo‘lsa” deganlari ham shu ma’noda.
Imom Molikning Abdulloh ibn Abdulaziz Umariy nomli zohid, obid kishiga aytgan so‘zlari ham shunga o‘xshab ketadi. Mazkur zohid bir kuni imom Molikni ko‘proq uzlatga da’vat etib, zikru namoz, amalni ko‘paytirishga, odamlar bilan hadeb o‘tiravermaslikka chaqirib xat yozadi. Imom Molikning unga javobi quyidagicha bo‘lgan edi: (Alloh taolo xuddi rizqlarni bo‘lib berganidek, amallarni ham taqsimlab qo‘ydi; ba’zilarga namozda g‘ayrat berilib, ro‘zada uncha berilmagan bo‘lsa, ayrimlar ro‘zada peshqadam bo‘lib, namozda bunday bo‘lmagan, yana boshqalar sadaqada jonbozlik ko‘rsatib, ro‘zada ilg‘or bo‘la olmagan, tag‘in birlar jihodda o‘rnak bo‘lib, namozda o‘rtahol bo‘lgan. Ilmni yoyib, undan ta’lim berish eng afzal ezgu amallardan hisoblanadi. Bu borada Alloh taolo menga berib qo‘yganiga roziman. Men qilayotgan ish siz qilayotgan amaldan quyi bo‘lmasa kerak, ikkimiz ham yaxshilik ustidamiz, deb umid qilaman)”. Ibn Abdul Barrdan keltirilgan iqtibos tugadi.
Demak, hayotimizning jabhalari turlicha. Insonlar ham turli xil tabiat, turli xil qarash, turfa xillik bilan yaratilgan. Ularning dunyo qarashi, qiziqishi, biror bir narsaga bo‘lgan rag‘bati ham turli xil. Mana shularni juda yaxshi bilgan Robbimiz Alloh taolo barchamizni O‘zining rahmat nabiysi sayyidimiz Muhammad alayhissalomning muborak tillari bilan bizga ta’lim berib aytyaptiki, barchangiz hayotning turli xil jabhalaridan yurib mening roziligimni istanglar, har kim o‘ziga muyassar qilingan amal ila mening roziligimni topishga harakat qilsin! Zero, sizlarning qay biringizni qay bir amali qabul qilinishini Mendan o‘zga hech kim bilmaydi. Sizlarni ko‘zingizga katta ko‘ringan amalni qabul qilmasligim, sizlarning nazdingizda kichik, haqir ko‘ringan amalni qabul qilib, undan rozi bo‘lishim hamda uni amalga oshirgan bandamni jannatimga kiritishim ham mumkin.
Azizlar! Dinimiz barchamizni amalga buyuradi. U katta bo‘lsin, kichik bo‘lsin, har qanday amalni ixlos, muhabbat va asosiysi Robbimiz azza va jallaning roziligini istagan holda amal qilishga harakat qilishimiz lozimki, zero, Alloh taolo pokdir, pokni qabul qiladi. Alloh taolo barchamizni solih amallarda sobit qilsin! O‘zining roziligiga yetkazsin! Bizlarni nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlarga qovushtirsin! Omin!
Abdulloh Abdulg‘ofir,
TII “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi.