Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sabablari ko‘p...
Nega erkaklar o‘z joniga qasd qilishmoqda? Oila boshlig‘ining hayotdan to‘yishiga sabab nima? Ba’zilar uni oilaviy mojarolar bilan bog‘laydi. Afsuski sabab faqat shu emas, uning omillari juda ko‘p.
Butun dunyodagi holat shu...
Dunyodagi barcha o‘z joniga qasd qilishlarning to‘rtdan uch qismi erkaklar o‘rtasida sodir bo‘lmoqda. Afsuski, yurtimizda ham o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘proq erkaklar bilan yuz bermoqda, ya’ni ayollarga nisbatan erkaklar ko‘proq suitsidga qo‘l urmoqda.
Muammoning ildizi qayerda?
Asosiy sabab – oiladagi noto‘g‘ri tarbiyaga borib taqaladi. Farzand tarbiyasiga befarq, har kuni urush-janjal, ichkilikbozlik bo‘ladigan oilalarda ulg‘ayganlar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘proq kuzatiladi.
Bola tarbiyasi uchun faqat Ona mas’ul(mi?)...
Afsuski aksar oilalarda farzand tarbiyasi bilan faqat onalar shug‘ullanadi va shunga mas’ul sanaladilar. Barcha mashaqqatlar ojizalar zimmasiga yuklanadi. Otaning vazifasi esa pul topish, ro‘zg‘orni bus-butun qilish, xullas oilani faqat moddiy tarafdan ta’minlashi kerak degan noto‘g‘ri tushuncha keng tarqalgan.
Agar farzand ota mehri va e’tiborisiz ulg‘aysa....
O‘g‘il bolaning erkaklik fazilatlarining shakllanishida otaning o‘rni beqiyos. Chunki har bir o‘g‘il bola o‘z otasini qahramon deb biladi. Farzand uchun hayotidagi eng mukammal inson bu uning otasidir.
Hayotidagi qahramonidan namuna olmagan farzand jamiyatda o‘z o‘rnini topishga, maqsad sari intilishga, mashaqqatlarni yengib o‘tishga, sinovlarda sabrli va irodali bo‘lishga qiynaladi. Bunday vaziyatlardan qanday qutilishni, musibatlani yengishni, kimdan maslahat olishni yoki kimga ergashishni bilmay qoladi.
Og‘ir kunlarda yaqinlarining, xususan, otasining qo‘llab-quvvatlashini, dalda bo‘lishini, tasalli berishini, ishonchini kutadi. Afsuski bu bo‘shliq ayrim otalar tomonidan to‘ldirilmaydi.
“Kuchli portlash”ga olib keladi
Aksincha juda ko‘p otalar farzandiga beradigan yagona tasallisi: “sen o‘g‘il bolasan”, “o‘g‘il bola yig‘lamaydi”, bo‘ladi. Nahotki, o‘g‘il bola yig‘lamasa yoki unga yig‘lash mumkinmas bo‘lsa?
Yo‘q, aslo. Aslida o‘g‘il bola ham o‘z muammolari yoki hissiyotlari sababli yig‘lashi mumkin. Aksincha kechinmalarni ichga yutish bir kun kelib “kuchli portlash”larga sabab bo‘ladi. Shu tariqa muammolar bartaraf etilishining o‘rniga, farzand o‘z yog‘iga yanada battar qovuriladi.
“Jonimga tegdi”
Erkak kishi bir kunda o‘z joniga qasd qilish qaroriga kelmaydi. U yoshlikdan muammolar girdobidan chiqa olmagan, o‘zini hatto ota-onasiga ham kerakli deb his qilmagan bo‘ladi. Hayotda o‘z o‘rnini topishga, muammolarini yechishga harakat qiladi. Ammo hech kimdan dalda topa olmaganidan keyin shu qarorga keladi. Ungacha ancha bosqichlarni bosib o‘tgan, lekin hech kim unga e’tibor bermagan bo‘ladi. “Hammasi jonimga tegdi”, “Yashagim kelmayapti”, “Eplolmayapman” degan gaplarini esa afsuski yaqinlari “eshitmagan” bo‘lishadi.
Tushkunlik – tashvish keltiradi
Shu tariqa erkak kishi muammolar, musibatlar yoki qiyinchiliklarining yechimini topa olmay ichini kemiradi. Birov uni eshitmaydi yoki tasalli bermaydi. Natijada yana bir tashvish – kasallikka chalinadi.
O‘lim – so‘nggi chora emas
Og‘ir vaziyatlarda muammolar yechimsiz tuyuladi. Bunday holatda ba’zilar muammoning yechimini topishga harakat qilmaydi, balki muammoni og‘irlashtirni o‘ylaydi. Masalan, qarzga botgan yoki ishi yurishmay turgan bo‘lishi mumkin. Ayrimlar ushbu muammolarning “yechimi”ni – o‘lim deb bilishadi.
Musibatlar hech kimni chetlab o‘tmaydi, ayab o‘tirmaydi ham...
Hamma gap unga munosabatda, uni qanday qabul qilishda. Siz uchun dunyo zimziyo, qorong‘imi? Sabrli bo‘ling, tong otishiga oz qoldi, quyosh ham hademay charaqlab chiqadi!
Qarzga yoki g‘amga botgan bo‘lsangiz
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalaridan biriga: “Alloh g‘amlaringni ketkazadigan va qarzlaringni uzadigan kalimalarni o‘rgatib qo‘yaymi?” dedilar. “Ha, yo Allohning Rasuli!” dedi u. Nabiy alayhissalom: “Tong otganda va kech kirganda: Allohim! Sendan g‘am bosishidan, mahzunlikdan, ojizlikdan, dangasalikdan, qo‘rqoqlikdan, baxillikdan, qarzga botishdan va odamlarning g‘olib kelishidan panoh so‘rayman, degin”, dedilar.
Barcha muammolar yechimi, baraka kaliti
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim istig‘for aytishni o‘ziga lozim tutsa, Alloh uning mushkulini kushoyish qiladi, og‘irini yengil qiladi va o‘zi o‘ylamagan tomondan rizq beradi”, deganlar.
Hali hammasi yaxshi bo‘ladi...
Agar solihlarning amal qilishida bellasha olmasangiz, gunohkorlarning istig‘for aytishida musobaqalashing! Shunda hammasi yaxshi bo‘ladi, insha Alloh.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
MUAMMO
Olimlarning fikricha adovat yoki kek saqlab yurish inson salomatligi uchun zararli bo‘lib, yurak-qon tomir va immun tizimining buzilishiga, bosh hamda bo‘g‘imlar og‘rig‘iga olib keladi. Bundan tashqari insonda depressiya, xavotir, jizzakilik kabi muammolarni keltirib chiqarar ekan.
TADQIQOT
Doktor Maykl Berri o‘zining “Saratonni davolash” nomli kitobida bunday yozadi: “Darhaqiqat, kechirimli va saxovatli bo‘lish inson salomatligiga ijobiy ta’sir qiladi. Ilmiy tadqiqotlarda, asabiy taranglik, gina-adovat saqlashlik ovqat hazm qilish va qon aylanish tizimiga salbiy qilishi va bu – saraton kasalligini keltirib chiqarishi aniqlangan”.
NIMA QILISH KЕRAK?
Psixologlar bunday holatdan chiqib ketishning yo‘li inson kechirimli bo‘lishga harakat qilishi kerakligini ta’kidlashadi. Kechirimli bo‘lish insonlar o‘rtasidagi yaxshi munosabatlarni ta’minlashga hamda uni mustahkamlashga ko‘mak beradi.
Ammo ayrimlar kechirimli bo‘lish qo‘lidan kelmasligidan shikoyat qiladi. To‘g‘ri, kechirimli bo‘lish ancha qiyin ish bo‘lsada, ammo uni o‘zlashtirish mumkin.
Kechirimlik insonga ruhiy yengillik beradi, bandani ich-ichidan kemirayotgan illatlar: xafagarchilik, nafrat, adovatga barxam berishga yordam beradi. Shuning uchun kechirimli bo‘lishga harakat qilish inson salomatligi uchun nihoyatda foydalidir.
BIR OYAT
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Sen yaxshilik bo‘lgan narsa ila daf’ qil. Ko‘ribsanki, sen bilan orasida adovati bor kimsa xuddi sodiq do‘stdek bo‘lur. Unga faqat sabr qilganlargina erishur. Unga faqat ulug‘ nasiba egasi bo‘lganlargina erishur” (Fussilat surasi, 34-35-oyatlar).
Demak, yomonlik qilgan insonga yaxshilik bilan javob qaytarish sabrli va oliyjanob mo‘minlarning xulqi ekan.
HADIS
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Qiyomat bo‘lganida nido qiluvchi: “Insonlarni kechiruvchi kishilar qani? Robbingiz huzuriga keling va ajringizni oling”, deb nido qiladi.
XULOSA
Demak, baqirib yoki jizzakilik qilib, asabiylashgan inson bu bilan qarshisidagi odamga zulm o‘tkazayotganini emas, eng avvalo o‘z salomatligiga putur yetkazayotganini unutmasin! Bu go‘yoki zahar ichgan odam uning ta’siri boshqa insonga yetishini kutishga o‘xshaydi...
Davron NURMUHAMMAD