Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Kiyimni kiyishda “Bismillah” deyish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohning zikri va “Bismillahir rohmanir rohiym” bilan boshlanmagan ahamiyatli har bir ishning orqasi kesikdir», deganlar.
2. Libosni kiyishda o‘ng tarafdan boshlash.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Agar kiyinsangiz o‘ngdan boshlang”, deganlar (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom Ibn Moja rivoyati).
3. Libosni kiyganda quyidagi duoni qilish:
الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي كَسَانِي هَذَا وَرَزَقَنِيهِ مِنْ غَيْرِ حَوْلٍ مِنِّي وَلا قُوَّةٍ
O‘qilishi: “Alhamdu lillahillaziy kasaniy haza va rozoqaniyhi min g‘oyri havlin minniy va laa quvvatin”.
Ma’nosi: “Menga ushbu libosni mening tarafimdan hech qanday kuch-qudratsiz kiydirgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin”.
4. Kiyimni yechishda chap tarafdan boshlash.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Sizlardan birortangiz poyabzal kiysa, o‘ngdan, yechganda chapdan boshlasin. Kiyganda har ikkisini kiysin, yechganda har ikkisini yechsin”, deyiladi (Imom Muslim rivoyati).
5. Yechganda ham “Bismillah” ni aytish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Odam bolalarining avrati bilan jinlarning ko‘zlari o‘rtasidagi parda kiyimni yechganda “Bismillah” deyishdir» (Imom Tobaroniy rivoyati).
6. Yangi libos kiyganda duo qilish.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam ishton, ko‘ylak, rido yoki salla kiysalar, quyidagi duoni o‘qir edilar:
اللَّهُمَّ لَكَ الْحَمْدُ، أَنْتَ كَسَوْتَنِيهِ، أَسْأَلُكَ مِنْ خَيْرِهِ وَخَيْرِ مَا صُنِعَ لَهُ، وَأَعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّهِ وَشَرِّ مَا صُنِعَ لَهُ
O‘qilishi: “Allohumma lakal hamdu anta kasavtaniyhi asaluka min xoyrihi va xoyri ma sunia’ lahu va a’uzu bika min sharrihi va sharri ma sunia’ lahu”.
Ma’nosi: “Allohim, sendan ushbu libosdagi yaxshilikni va unga bog‘liq yaxshilikni so‘rayman. Undagi yomonlikdan va unga bog‘liq yomonlikdan panoh so‘rayman” (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom Ahmad rivoyati).
7. Yangi libos kiygan kishining haqqiga duo qilish:
“Baxtli hayot kechiring, shahodat bilan vafot eting” (Imom Termiziy rivoyati).
“Kiyib eskirtiravering, Alloh o‘rniga boshqasini beraversin” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Fiqhiy kitoblarda Makkai Mukarramadagi yigirma bir joyda qilingan duolar mustajob bo‘lishi haqida yozilgan va salafi solihlardan naql qilingandir. Madinai Munavvarada ham duo qabul bo‘ladigan ko‘plab joylar bor. Duo qilishga e’tibor qaratish lozim bo‘lgan o‘rinlar quyidagilardir:
1. Baytullohni ilk ko‘rgan paytda;
2. Tavof qilayotgan paytda;
3. Multazamga osilgan paytda;
4. Rahmat tarnovining ostida;
5. Baytullohning ichida;
6. Zamzam suvini ichayotganda;
7. Maqomi Ibrohimning yonida;
8. Safo tog‘ining ustida;
9. Marva tog‘ining ustida;
10. Sa’y qilayotganda;
11. Arafot maydonida;
12. Muzdalifa maydonida;
13. Mino maydonida;
14. Tosh otgandan keyin jamarot oldida;
15. Hatimning ichida (Fathul qodirda);
16. Rukni yamoniyning oldida;
17. Savr g‘orida;
18. Hiro g‘orida;
19. Dorul Arqam joylashgan joyda;
20. Xadicha roziyallohu anhoning makonlari joylashgan joyda;
21. Mud’o maqomi, ya’ni Masjidul Haramdan Jannatul mu’allo tomon ketishda joylashgan joyda (G‘uniyatun-nosik);
22. Madinai Munavvaradagi Riyozul jannada;
23. Oisha roziyallohu anhoning ustunlari yonida;
24. Abu Luboba ustunlari yonida;
25. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mehroblarida;
26. Suffada;
27. Fath masjidida;
28. Qubo masjidida;
29. Masjidul qiblataynda (Ikki qibla masjidida);
30. Masjidul ijobada.
Ushbu joylarga kelish nasib qilgan har bir kishi Alloh taologa tazarru’ ila dunyo va oxiratdagi murodlarini so‘rashi lozim. Bunday o‘rinlarda samimiy duolar qilib olishdan g‘aflatda qolmaslik kerak.