Er ayoliga: – Senga kimdir 10 million dollar beraman, desa olarmiding?
Ayoli: – Ha, albatta olaman.
Er: – Unga nima der eding?
Ayoli: – Rahmat derdim.
Er: – Agar o‘sha pulni bir shart bilan, ya’ni ertaga tongda uyg‘onmaysan desa ham olarmiding?
Ayol: – Yo‘q.
Er: – Angladingmi, erta tongda uyg‘onish 10 million dollardan ham qimmatli.
Ayoli: – Ha, shunday.
Er: – Shunday ekan har tongda hayotingdan rozi bo‘lib, shukrona bilan uyg‘ongin. Umrning har bir soniyasini qadriga yetgin.
Bu hikoyadan xulosa shuki, bugun vaqtning qadriga yetishni unutib qo‘yyapmiz. Qo‘limizdagi telefon so‘nggi rusumda bo‘lsa-da, yangi chiqsa o‘shani olishga, minib turgan mashinamiz holati yaxshi bo‘lishiga qaramasdan boshqasini olishga harakat qilamiz. Lekin biror qarindoshimiz yoki yon qo‘shnimizning och-to‘qligi bilan ishimiz yo‘q. Faqat o‘zimizni o‘ylaymiz. Nima bo‘lsa ham bu hayotda kamtar, har narsani qadriga yetishimiz va eng muhimi insoniyligimizni unutib qo‘ymaylik.
ALLOH hammamizga insof berib to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin!
Akbarshoh Rasulov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Cavol: Hozirgi kunda “taqsit savdosi” haqida ko‘p eshitib qolyapmiz. U qanday savdo?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. “Taqsit” savdosi deb savdo molini xaridorga darhol topshirib, bahosini bo‘lib to‘lashga kelishgan holda nasiya qilib sotishga aytiladi. Bunda masalan bir kishi mashinani 10 oyga, har oyda 1000 dan, jami 10 000 ga kelishgan holda sotib oladi.
Bu savdoda sotuvchi xaridorga turli takliflarni kiritganda, masalan, “3 oyga narxi 8000 bo‘ladi, 6 oyga 9000 bo‘ladi, 10 oyga 10 000 bo‘ladi” deganda ikki tomon ham muddat va narxni aniq qilib olishlari kerak bo‘ladi.
Agar xaridor va’da qilgan to‘lovlarini to‘lay olmasa, qarzga ustama qo‘shish mumkin emas, garchi uni oldindan shart qilingan bo‘lsa ham.
O‘ziga to‘q (imkoniyati bor) xaridor ado qilishi kerak bo‘lgan qarzni vaqti kelganda to‘lamasligi shar’an nojoizdir. Bu sotuvchiga zulm qilish, ya’ni katta gunoh bo‘ladi.
Taqsit savdosida sotuvchi xaridorning qarzi muqobilida garov talab qilish haqqiga ega. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.