Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib so‘radi:
- Ey Allohning Rasuli, qaysi sadaqaning savobi ko‘p?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: - Sen sog‘lom va ochko‘z holingda, faqirlikdan qo‘rqib, boylikni umid qilib turib bergan sadaqangning savobi ko‘pdir. Joning halqumingga kelgunicha kechiktirib, keyin: «Bu falonchiga, bu pistonchiga» deb yurma! O‘shanda sen aytmasang-da, falonchiniki bo‘lgan bo‘ladi!
Inson sog‘lom paytida ibodatga to‘yib olishi lozim. Kun kelib, ibodat qila olmay qolishi mumkin.
Kuch borida sajdalardan lazzatlaning. Hali ajin tushmagan peshanangizni yerga qo‘ying. Kun kelib, kursiga o‘tirib, sajda qilishga kuchingiz yetmay qolishi mumkin. To‘g‘ri, Alloh stulga o‘tirib qilgan sajdangizni ham qabul etadi. Ehtimol, o‘shanda sizning qalbingiz bilan qilgan sajdangiz boshqalarning peshanasi bilan qilgan sajdadan afzal bo‘lar. Ammo Alloh taolo bandasining ofiyatda turganida, sog‘-salomat yurganida qilgan sajdasini yaxshi ko‘radi. Bemorlik insonni sindirib qo‘yadi. U insonni Allohga yaqinlashtiradi. Bu insonning fitrati. Ammo sog‘lom va kuchli inson sajdaga bosh urganida xuddi Robbiga: «Mana, bu boshning tashvishlari ko‘p bo‘lsa-da, Senga sajda qildi. Bu qalbning chalg‘ituvchi narsalari ko‘p bo‘lsa-da, Senga xushu’ qildi!» degandek bo‘ladi.
Kuch borida haj qilib lazzatlaning. Boshqa bir kishi sizni nogironlar aravachasiga solib aylantirmasidan oldin o‘z oyog‘ingiz bilan Ka’bani tavof eting. Safo va Marva orasida sa’y qiling. Hojar onamiz qadamlarini tezlatgan joyda qadamingizni tezlating. Tosh otishda boshqalarni vakil qilishdan oldin o‘z qo‘lingiz bilan shaytonga tosh oting!
To‘g‘ri, Alloh taolo bandasining qudrati yetganicha qilgan ibodatlarini qabul etaveradi. Ehtimol, aravachada kishi kuchli umid va xavf bilan tavof qilar. Ammo belida quvvat borida qilgan ibodatga hech narsa teng kela olmaydi!
Kuchli paytingizda to‘yib-to‘yib ro‘za tutib oling. Umr o‘tib ketib qolmasidan, ro‘za uchun Fidya berib yurishdan oldin, sog‘lom holatda ro‘za tutishni orzu qilishdan, qon bosimi, qandli diabet, oshqozon yarasi sizni bezovta qilmasidan oldin ro‘zadan lazzatlaning. To‘g‘ri, Alloh taolo bandasiga rahmati o‘laroq uning fidya va kafforatlarini qabul qilar, ehtimol. Ammo ibodatlardan to‘yib olmasidan oldin ibodatni ko‘ngildagidek ado qila olmaslik juda ham alamli! Agar, qariyalar kafforatini berishadi-da, keyin maza qilib yurishadi, deb o‘ylasangiz, xato qilasiz. Allohga qasamki, bemorlik va qarilik tufayli ro‘za tuta olmasdan kafforat va fidya berib yuradigan bemorlar qalbida yoriq bor!
Imkoniyatli ekaningizda sadaqadan lazzatlaning. Ro‘zg‘orga ishlataman desangiz, mingta maosh ham yetmaydi. Turmushning talablari ko‘p. Uni to‘la-to‘kis qilib bo‘lmaydi. Hamma narsa ketadi, ammo sadaqa qoladi. Ozgina bo‘lsa-da, maoshingizdan sadaqa chiqarishga odatlaning. «Elektr puli», «telefon puli» va «do‘kondagi qarzga» deganga o‘xshash «sadaqaga ajratilgan pul» deb nomlangan pulingiz ham bo‘lsin!
Mol jamlovchi bo‘lmang. Baribir uni merosxo‘rlar oladi. Siz esa hisob berasiz. Ojiz bo‘lib, qarib to‘shakda mixlanib qolishni kutib o‘tirmang. Bu paytda sizga mol kerak bo‘lmaydi. Bu paytda «Falonchiga», «pistonchiga» deyishning foydasi yo‘q. Aytmasangiz ham ularni bo‘ladi. To‘g‘ri, Alloh taolo sadaqani qanaqangi holda bersangiz ham, qabul qilaveradi. Ammo molni ishlatishga imkoni va o‘rni bo‘lganda sadaqa qilish bilan molni ishlatishga qodir bo‘la olmay qolganida sadaqa qilishning farqi bor!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi
Ilmga qiziqish, avvalo, manbaga murojaat qilishdan boshlanadi. Tarixni chuqur anglash esa uni kitob, qo‘lyozma va ishonchli ilmiy manbalar orqali o‘rganishni talab etadi. Yangi o‘quv yilini yangi bilim va katta maqsadlar bilan boshlagan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 1 bosqich talabalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Talabalar tashrifni, dastlab Markazning kutubxonasi bilan tanishishdan boshladi.
Bu yerda ular ilmiy izlanish uchun muhim bo‘lgan adabiyotlar, tarixiy manbalar va turli yo‘nalishlardagi ilmiy nashrlar bilan tanishdi. Kutubxona nafaqat kitoblar jamlangan maskan, balki tadqiqotchi uchun zarur bo‘lgan bilim va manbalarni bir joyga jamlovchi muhim ilmiy-ma’rifiy makon sifatida namoyon bo‘ldi.
Ayniqsa, islom tarixi, madaniyati, ilm-fani va ajdodlarimizning ilmiy merosini o‘rganayotgan yoshlar uchun bunday muhitning ahamiyati katta. Chunki auditoriyada o‘rganilgan bilimni mustahkamlash, mavzu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot izlash va ilmiy izlanish olib borishda manba bilan ishlash ko‘nikmasi muhim o‘rin tutadi.
Mazkur tashrif yoshlar uchun navbatdagi ekskursiya emas, balki tarix, ilm-fan va milliy o‘zlik bilan bevosita yuzma-yuz kelish imkonini bergan muhim ma’rifiy uchrashuv bo‘ldi.
Institutning bo‘lajak islomshunoslari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Markazning boy ekspozitsiyalari orqali O‘zbekiston hududida qadimdan shakllangan sivilizatsiya jarayonlari, islom madaniyatining rivojlanishi, buyuk allomalarimizning ilmiy merosi hamda ajdodlarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasi bilan yaqindan tanishdilar.
Markazning Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans, ilm-fan va ma’rifat taraqqiyotiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalari talabalar e’tiborini tortdi.
Tarixiy manbalar, noyob qo‘lyozmalar, qadimiy ashyolar va zamonaviy muzey texnologiyalari uyg‘unligi orqali namoyish etilgan ma’lumotlar yoshlarning o‘tmish haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdi.
Bu yerda ular Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosi bilan bog‘liq ma’lumotlarni ko‘zdan kechirdilar.
Ayniqsa, bir vaqtlar shu zaminlarda yaratilgan ilmiy kashfiyotlar bugungi zamonaviy fanlarning shakllanishida qanday ahamiyat kasb etgani talabalar uchun qiziqarli bo‘ldi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil olayotgan yoshlar uchun bunday maskanning ahamiyati, tabiiyki, yanada katta. Chunki ular o‘zlari o‘rganayotgan diniy-ilmiy merosning tarixiy ildizlarini nafaqat kitoblardan, balki Markaz ekspozitsiyalarida bevosita ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar.
Talabalarning fikricha, Markazdagi eng muhim jihatlardan biri — tarixning oddiy sanalar va voqealar ketma-ketligi sifatida emas, balki ilm-fan, tafakkur va insoniyat taraqqiyoti bilan bog‘liq yaxlit jarayon sifatida namoyish etilganidir.
“Bu yerda ajdodlarimizning ilm-fanga qo‘shgan hissasini ko‘rib, ular bilan faxrlanish tuyg‘usi yanada kuchaydi. Ayniqsa, islom dini rivoji bilan birga ilm-ma’rifat ham yuksalib borganini ko‘rish biz uchun juda katta taassurot qoldirdi”, — deydi institutning 1-bosqich talabalaridan biri.
Yoshlar Markazning kutubxona faoliyati bilan ham tanishdilar. Bu yerda jamlangan ilmiy adabiyotlar, tarixiy manbalar va tadqiqotlar bo‘lajak mutaxassislarning kelgusidagi ta’lim va ilmiy izlanishlari uchun muhim manba bo‘lishi ta’kidlandi.
Tashrif davomida talabalar uchun Markazning faqat tarixiy merosni namoyish etuvchi maskan emas, balki ilmiy izlanish, ma’rifat va zamonaviy tafakkur uyg‘unlashgan muhim platforma ekanligi yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.
Talabalar Markaz bilan tanishish jarayonida o‘zlari tahsil olayotgan soha — islomshunoslikning qanchalik katta ilmiy meros va tarixiy mas’uliyat bilan bog‘liqligini ham chuqurroq his etdilar.
Shu ma’noda, yangi o‘quv yilining dastlabki kunlarida tashkil etilgan mazkur tashrif talabalar uchun yangi bilimlar sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi ushbu ma’rifiy tashrif esa bo‘lajak islomshunoslar uchun yangi o‘quv yilini tarix saboqlari, ilmga qiziqish va katta maqsadlar bilan boshlashga xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati