Cavol: Tik turgan va yurgan holatda Qur’on o‘qish mumkinmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Tik turgan holda Qur’oni karimni o‘qishning zarari yo‘q. Yurib ketayotgan kishi boshqa narsaga chalg‘imay, Qur’oni karimga ahamiyat bera olsa, yurish asnosida o‘qishning zarari yo‘q. Bu haqda “Hoshiyatut Tahtoviy” kitobida quyidagi ma’lumotlar berilgan: “Yurgan va ishlab turgan kishini qilayotgan ishi yo yurishi Qur’ondan chalg‘itmasa, shu holda tilovat qilish joiz, aks holda joiz emas. Ulamolar yonboshlab Qur’on o‘qish haqida turli gaplar aytishgan bo‘lib, afzali Qur’onni ulug‘lashga mos shaklda o‘qishdir. Boshqa kitoblarni yonboshlab o‘qishning gunohi yo‘q. Mus'hafga qarab qiroat qilish yoddan o‘qishdan ko‘ra afzalroqdir. Chunki mus'hafga qarab o‘qishda ikki ibodat (Mus'hafga nazar qilish va uni tilovat qilish)ni jamlayotgan bo‘ladi”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Narpay tumani markaziy masjidi hisoblangan “Naqshbandiy” jome masjidining yangi binosi qurilishiga dastlabki g‘isht qo‘yildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda oqsoqollar, imomlar, ziyoli va mas’ullar ishtirok etdi.
Marosimda so‘z olgan Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrulla domla Sattorov va tuman hokimi Sherbek Buranov masjid qurishning foydalari, katta savobligi, uning homiylar va hashar yo‘li bilan barpo etilayotgani tahsinga loyiqligini ta’kidladi.
Xayrli ishni boshlashdan oldin Qur’oni karim tilovat qilinib, ezgu amallar bardavom bo‘lishi, elu yurtga omonlik va farovonlik so‘rab, duoga qo‘l ochildi.
Ma’lumot o‘rnida ushbu yangi masjid ikki qavatdan iborat bo‘lib, jami 5 000 namozxonni o‘z bag‘riga oladi. Uning qurilish ishlari 2026 yilga qadar yakunlanishi mo‘ljallangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati