2024 yil 30 oktyabr kuni Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Toshkent viloyatining Toshkent tumani “Hasanboy ota” jome masjidida amaliy tadbir o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari, Toshkent viloyati vakilligi rahbariyati va xodimlari, viloyat tuman va shaharlarining bosh imom-xatiblari hamda otinoyilari, shuningdek, “Haj-2024” ziyoratchilari, MFYlar raislari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda imom-xatib hamda otinoyilarning “Haj – 2024” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish ishiga ko‘maklashish, tumandagi masjidlar faoliyati o‘rganish, peshin namozida masjidlarda dolzarb mavzuda ma’ruza qilish kabi masalalar muhokama qilindi.
Shu maqsadda Ishchi guruh a’zolari Toshkent tumanining 18 ta masjidi hamda 20 ta mahallasiga biriktirilib, xonadonlarga kirilib, turli yo‘nalishlar bo‘yicha suhbatlar o‘tkazildi.
Xususan, imom-xatiblar 100 ta oilaga, otinoyilar 14 ta oilaga, umumiy hisobda 114 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlari olib bordilar.
Shuningdek, er-xotin, aka-uka, ota-bola, qaynona-kelin, o‘rtasidagi kelishmovchilik va janjallar sababli notinch bo‘lib turgan 32 ta oila o‘rganilib, ularga nasihat qilindi. Notinchlik sabablarini bartaraf etish, arazlashganlarni yarashtirish choralari ko‘rildi. 36 ta holatda oilaviy ajrimlarning oldini olishga harakat qilindi, 4 ta oilani yarashtirishga muvaffaq bo‘lindi, 7 oilani yarashtirish jarayonini davom ettirish belgilandi. 23 ta xonadonda JIEMda jazo muddatini o‘tayotganlarning oila a’zolari, jazo muddatini o‘tab qaytganlar, muqaddam sudlanganlar bilan yurtimizda olib borilayotgan islohotlar borasida suhbatlashildi. Shuningdek, nogiron va kasalmand fuqarolar yashaydigan 2 ta oilaga kirilib, ulardan ko‘ngil so‘raldi, davolanish va dori darmon, 3 ta kam ta’minlangan oilalarga oziq-ovqat, kiyim-kechak hamda moddiy yordam ko‘rsatildi.
Tadbir so‘ngida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Toshkent tumanida masjidlardagi kamchiliklarni bartaraf etish, imom-xatiblarning ma’naviy-ma’rifiy hamda masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
O‘lim bir eshik. Barcha insonlar undan o‘tadi. Eh koshki, bu eshikka kirgandan keyin mening uyim qanaqaligi ma’lum bo‘lsa?!
Birodar! Qarang, qabrdagilar bir-birlariga juda yaqin yotishibdi. Lekin ular sirtdan yaqin qo‘shni. Aslida esa, bir-birlarining yoniga ham bora olmaydilar.
Usmon roziyallohu anhu qachon qabr yonidan o‘tsalar, shu darajada yig‘lar edilarki, soqollari ko‘z yoshlaridan ho‘l bo‘lib ketardi.
U kishidan: "Siz nega jannat va do‘zaxni esga olganingizda yig‘lamaysiz. Lekin qabrni ko‘rib yig‘laysiz?" deb so‘rashdi. U kishi shunday dedilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qabr oxiratning ilk manzilidir", deganlar. Shunga ko‘ra, agar mayyit qabrdagi azobdan najot topsa, undan keyingi hayot oson bo‘ladi. Agar qabrdagi azobdan najot topa olmasa, u holda undan keyingi hayot qiyin bo‘ladi.
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Men qabrdan ko‘ra daxshatliroq biror manzarani ko‘rmadim", deganlar.
Biz uchun bu qabrlarda ibrat yo‘qmi? Qarang, boy ham, faqir ham, zo‘ravon ham, kuchsiz ham, oq tanli ham, qora tanli ham, podshoh ham, fuqaro ham barcha barobar yotibdi. Ular dunyoga qaytishni xohlaydilar. Boylik jamlash yoki qasr qurish uchun emas, balki, koshki men bir namoz o‘qish uchun muhlat topsam, koshki bizga bir martagina "Subhanalloh" deyish uchun fursat berilsa, deb, shu amallarni qilish uchun dunyoga qaytishni xohlaydilar. Lekin endi iloji yo‘q. Nomai a’mol yopilib bo‘ldi. Ruh jismdan chiqqan. Hayot muhlati tugab bo‘lgan. Endi har bir mayyit o‘z amalining garovi o‘laroq qabrida yotibdi...
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan