So‘nggi paytlarda “Mazhab nimaga kerak?”, “O‘zimiz Qur’on va sunnatdan hukm olsak bo‘lmaydimi?” deguvchi toifalarga raddiyalar beradigan kitoblarga yurtimizda ehtiyoj katta edi. Alhamdulillah, ana shu ehtiyoj ajoyib asarlar bilan to‘ldirib borilyapti.
Yaqinda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon qori Ishmatbekovning “Islom fiqhi asoslari. To‘rt mazhab imomlari” kitobi chop etildi.
Muallif yozadi: “Keyingi yillarda mavjud mazhablarni inkor etib, ularni bid’atga chiqarib, mo‘min-musulmonlar fikrini chalg‘itishga urinayotgan buzg‘unchi toifalarning g‘arazli tashviqot-targ‘ibotlariga aldanib qolish holatlari yoshlarimiz o‘rtasida kuzatilmoqda. Go‘yoki mazhablar Qur’on va sunnatga xilof va ulardan yiroq degan da’vo bilan mazhabga ergashishdan qaytarishga urinmoqdalar. Ushbu kitobda mavjud to‘rt mazhabning aynan Qur’on va sunnatga asoslangani va dinimizning zamonlar osha yuzaga keladigan muammolarni hal qilishda aynan mazhab ulamolari joriy qilgan usul va qoidalarga asoslanishi ham bayon etilgan”.
Ustozlardan biri Qur’on va sunnatni yuqori kuchlanishga ega elektr energiyasiga qiyoslagan. Tasavvur qiling, uyingizga rozetka bo‘la turib, choy qaynatish uchun tefalni yuqori kuchlanishga ega elektr energiyasiga ulamaysiz-ku, shundaymi? Mabodo, shunday qilinsa, oqibat qanday bo‘lishi hammaga ayon. Bugun “Qur’on va sunnat turganda nega mazhabga ergashishimiz kerak?” deydigan toifalarning qilayotgan ishlarini xuddi yuqoridagi holatga o‘xshatish mumkin.
Arab tilini chala-chulpa bilib olib, Qur’on ilmlaridan bexabar, shariatni tushunmaydigan kimsalar bir yoki bir nechta risolani o‘qib olib, o‘zlaricha Qur’ondan hukm olishga oshiqishlari juda katta xatodir.
Ish o‘z ustasiga topshirilishi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. H. Ishmatbekov ana shu masalalarga ham e’tibor qaratib, hatto saodat asrida ham Nabiy alayhissalom sahobalarning gaplariga quloq solganlarini keltirgan.
Badr kuni jang boshlanishidan oldinroq Nabiy alayhissalom ijtihod qildilar. U zot sahobalari bilan jang qilish uchun bir joyni belgilab, o‘sha yerga tushdilar. Sahobalardan biri Habbob ibn Munzir Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga: “Bu joyni sizga Alloh tayin qilib berdimi, undan boshqa joyga ko‘chish mumkin emasmi? Yoki bu yerni o‘zingiz dushmanga hiyla qo‘llash uchun tanladingizmi?” deb so‘raydi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Yo‘q, Alloh emas, o‘zim dushmanga hiyla qo‘llash uchun bu yerni tanladim”, deydilar. Shunda Habbob Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga boshqa joyni ko‘rsatib, o‘sha yerda turish g‘alaba qozonishga yanada qulayroq bo‘lishini maslahat beradi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uning maslahatini olib, u ko‘rsatgan yerga ko‘chib o‘tishadi, natija g‘alaba qozonish bilan yakunlanadi.
Xullas, “Islom fiqhi asoslari” kitobini har bir mo‘min-musulmon o‘qib chiqishi shart bo‘lgan kitoblar sirasiga kiritish mumkin.
T.NIZOM
Mening hozirgi kasbim haydovchilik. Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidan Toshkent shahriga qatnayman. Har yili Ramazon oyi kelishi bilan meni biroz o‘y bosardi. Sababi – poytaxtga kelib, bu yerdagi masjidlarda o‘qiladigan xatmi Qur’onlarda qatnashgan chog‘larim ruhim tiniqar, toliqsam-da, o‘zimni tetik his etardim. Ammo, bir kun shaharda, boshqa kuni qishloqda bo‘lishga to‘g‘ri kelar, qishlog‘imiz masjidida esa tarovihning o‘zi o‘qilardi. Har kuni xatmga qatnasholmaganimdan dilim g‘ash bo‘lardi.
Alhamdulillah, bu yilgi Ramazonda bizning qishloqdagi “Chim” jome masjidida imomimiz Abdulaziz domla Abdullayev boshchiligida ham xatmi Qur’on bo‘layotir. Yosh va g‘ayratli uch nafar qori dovon osha voha ahlini Qur’on fayzidan bahramand etish uchun yuborilibdi. To‘g‘risi, esimni taniganimdan beri qishlog‘imizda tarovihlar o‘qilar, ammo biror marta xatmi Qur’on o‘qilmagan. Bundan juda mamnun bo‘ldim. Endi shaharda bo‘lamanmi, qishloqdami – Qur’on xatmini kelgan joyidan tinglab, jamoat namozi fayzidan bahramand bo‘lyapman.
Kasb taqozosi bilan turli tabiatli odamlarni uchrataman. Ba’zilar bilib-bilmay zamondan nolib qolishadi. Shunday paytlarda tinchlik, sog‘lik, ofiyat kabi katta ne’matlar qatorida qishlog‘imizda boshlangan xatmi Qur’onlar yurtimiz bo‘ylab bir ming yetti yuzdan ortiq masjidlarda birday o‘qilayotgani ulug‘ ne’mat, deb o‘ylayman. Men uchun katta xursandchilik bo‘lgan ushbu xayrli ishning amalga oshirilishida tashabbus ko‘rsatib, hissa qo‘shgan barchaga, xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman.
Insha Alloh, Qadr kechasida bir vaqtning o‘zida xatmonalar qilinib, duolar qilinar ekan. Yurtimiz masjidlari qatorida biz ham hamqishloqlarimiz bilan qo‘llarimizni ochib, “omin” deyish niyatidamiz.
Alloh o‘sha kunlarga ham sog‘lik-omonlikda yetkazib, xatmonalar, duolar sharofatidan Vatanimizga fayzu barakasini mo‘l-ko‘l yog‘diraversin.
Omonbek Toshniyozov,
Qamashi tumani, Chim qishlog‘i