Bismillahir Rohmanir Rohiym
Daraxtlar har xil bo‘ladi. Soya beradigan daraxtning soyasidan, mevali daraxtning mevasidan iste’foda etamiz. Umuman aytganda, daraxtlar Alloh taoloning bizga bergan ne’matlaridandir.
Bu dunyoda inson saxiylik daraxtining shoxidan ushlasa, u shox uni jannatga yo‘llaydi. Ammo inson baxillik daraxtining shoxini ushlasa, u shox uni do‘zaxga eltadi. Bu haqda janob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Saxiylik jannatdagi bir daraxtdir, uning shoxlari dunyoga tushib turadi. Kim uning birorta shoxini tutsa, u shox uni jannatga yo‘llaydi. Baxillik ham do‘zaxdagi bir daraxtdir. Uning shoxlari dunyoga tushib turadi. Kimki uning shoxidan tutsa, u shox uni do‘zaxga eltadi”.
Shu sababli bu dunyoda insonning qismati uning qaysi daraxtning shoxini ushlashiga bog‘liq. Agar inson hayotlik davrida saxiy daraxtining shoxlaridan ushlasa, u ikki dunyo yaxshiligini ushlagan bo‘ladi. Allohning roziligida saxiy kishi chin ko‘ngildan yarimta xurmoni bo‘lsa ham muhtojlarga bersa, uning bu himmati katta ajru-savoblarga sabab bo‘ladi. Bu haqda shoir bunday yozadi:
Och qolgan go‘dakka saxovatli zot,
Yarimta xurmoni dildan ilindi,
Bilgilki, bu himmat shu zum, shu zahot,
Bus-butun savob deb qabul qilindi.
Mabodo inson baxillik daraxtining shoxlaridan ushlasa, u dunyo va oxirat yaxshiligidan bebahra qoladi. Shuning uchun ham xalqimiz bekorga “Baxilning bog‘i ko‘karmas” deb bekorga aytmaydi.
Alloh taolo barchamizni baxillik daraxt shoxlaridan ushlashdan asrab, saxiylik daraxtining shoxlaridan ushlashni nasib etsin!
Alloh taolo barchamizni ikki dunyo saodatiga yetkarsin!
TII Modul ta’lim tizimi talabasi,
O‘MIning Qashqadaryo viloyati
vakilligi xodimi Ruhiddin Akbarov
Savol: Hadisda “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, deyilganini o‘qidim. Hadisdagi ushbu kenglikdan murod nima?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Haqiqatda, hadisi shariflarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kimki Ashuro kunida ahli ayoliga kenglik qilsa, Alloh unga yil davomida kenglik qiladi", deb marhamat qilganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ulamolar mazkur hadislardagi kenglikni yeb ichish, kiyim-kechak va boshqa narsalarda kenglik qilishni iroda qilingan deganlar. Ya’ni odamlar shu kuni oila a’zolariga xuddi bayramlardagi kabi, balki undan ham yaxshiroq mo‘l-ko‘lchilik qilib bersalar, Alloh taolo ularga yil davomida kengchilik qiladi, deb tushunish mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi