Bismillahir Rohmanir Rohiym
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Moriya Qibtiyya onamizdan Ibrohim ismli o‘g‘il ko‘rdilar. Chaqaloq tug‘ilgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sevinib, «Bugun kechasi farzandlik bo‘ldim. Unga bobokalonim Ibrohim alayhissalomning ismlarini qo‘ydim!» dedilar. Biroz vaqt o‘tgach, Ibrohimni emizish uchun Havla bint Munzir roziyallohu anhoga berishdi. Arablarning odatiga ko‘ra, go‘dak ikki yil, ya’ni ko‘krakdan ajragunicha emizgan onasining uyida yashar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham o‘g‘illari Ibrohimni Havla roziyallohu anhoning uyida qoldirdilar. Havla roziyallohu anho temirchi Abu Sayf, ya’ni Baro ibn Avs al-Ansoriyning ayoli edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari bilan birga Havlaning uyiga tez-tez borib, o‘g‘illarini ko‘rib kelar edilar.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan Abu Sayfning uyiga kirdik. Odatdagidek, Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ibrohimni qo‘llariga olib, hidladilar, o‘pdilar. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, Ibrohimga dardga chalindi. Bir kuni kelsak, Ibrohim jon berayotgan ekan. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ko‘zlaridan yosh oqa boshladi. Abdurrahmon ibn Avf u zotga: «O‘lganga yig‘layapsizmi, Allohning Rasuli?» dedi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Bu rahmat-shafqat yig‘isi, Ibn Avf» deb, yig‘lab yubordilar. So‘ng: «Ko‘z yosh to‘kadi, qalb mahzun bo‘ladi, lekin Robbimizni rozi qiladigan so‘zlarnigina aytamiz. Firoqingdan juda mahzunmiz, Ibrohim!» dedilar».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ibrohimdan ayrilganlariga qattiq mahzun bo‘ldilar, farzand dog‘ida qalblari o‘rtanib, yig‘ladilar. Qalb mahzun bo‘ladi, ko‘z yosh to‘kadi. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qalblari siqilib, og‘ir musibatdan mahzun bo‘lib tursalar-da, bunday paytlarda odamning tilidan chiqib ketishi mumkin bo‘lgan yomon so‘zlarni aytib yuborishdan ogohlantirdilar: «Qalb mahzun bo‘ladi, ammo faqat Robbimiz rozi bo‘ladigan so‘zni aytamiz, xolos!».
Qayg‘u paytlarida aytadigan so‘zimiz faqatgina Allohga maqtov, Allohga qaytishni eslash, Robbimizni rozi qiladigan duolar qilish bo‘lishi kerak. Robbimizni g‘azablantiradigan so‘zlarni zinhor aytmaymiz, chunki musulmon odam musibat paytida ham faqat Robbining roziligini o‘ylaydi, faqat Robbini rozi qiladigan ishlarni qiladi.
Endi mana shu savolga javob bering:
Mahzun bo‘lganingizda qanday so‘zlarni aytasiz? Alloh rozi bo‘ladigan so‘zlarnimi? Yoki og‘zingizdan chiqadigan so‘zlarga e’tibor bermaysizmi?
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anho Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga juda ham oz vaqt yashaganlari va erta vafot etib ketganlari tufayli u kishi haqidagi ma’lumotlar oz va bori ham har xilligini barcha tarixchilarimiz ta’kidlaydilar. Biz ham mazkur ma’lumotlardan xulosa chiqarib olishga harakat qilamiz.
Zaynab binti Xuzayma onamiz Makkai Mukarramada Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambar bo‘lishlaridan taxminan o‘n uch yil avval tavallud topganlar.
U kishining otalari Xuzayma ibn Horim ibn Abdulloh al-Hiloliy degan odam bo‘lgan, onalari Hind binti Avf ibn Horis ibn Hamota al-Humayriya bo‘lgan.
Zaynab binti Xuzayma onamiz voyaga yetgach, Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhuga turmushga chiqqanlar.
Hijratga amr bo‘lganda Zaynab binti Xuzayma onamiz ham hijrat etib kelib, o‘z oilasi bilan Madinai Munavvarada istiqomat qila boshlaganlar.
Badr urushida Zaynab binti Xuzayma onamiz ham yaradorlarga qarashib, fidokorlik ko‘rsatganlar.
Hijriy uchinchi sanadagi Uhud urushida u kishining erlari vafot etdi. Shundan keyin Zaynab binti Xuzayma yolg‘iz qoldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu ayolga rahmlari kelib, u kishining iddasi chiqqach, o‘zlariga xotin qilib oldilar. U zot Zaynab onamizning mahrlariga to‘rt yuz dirham berib, Oisha onamizning hujralari yoniga u kishi uchun hujra qurdilar. Shunday qilib, Zaynab onamiz mo‘minlarning onasi degan sharafga noil bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zaynab onamizning sabrlari, jasoratlari, Allohning dini yo‘lidagi fidokorliklarini ana shunday taqdirladilar.
Zaynab onamizning laqablari Ummul Masokin (Miskinlarning onasi) edi. U kishi miskinlarga ko‘p yaxshilik qilganlari sababli mana shu laqabni olgan edilar.
Zaynab binti Xuzayma onamiz nubuvvat xonadonida bir necha oy yashaganlaridan keyin dorulbaqoga rihlat qildilar. Bu alamli hodisa hijriy to‘rtinchi sananing oxirgi choragida bo‘ldi. O‘shanda u kishining yoshlari o‘ttizda edi.
Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhoning janozalarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari o‘qidilar va Baqiy’ qabristoniga dafn qildilar.
Alloh taolo Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhodan rozi bo‘lsin!
«Hadis va hayot» kitobidan