Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ushbu maqolada ahli sunnaning manhaji va yo‘lini bayon qilamiz. Bu nima o‘zi? Ahli sunnani boshqa toifalardan ajratib turadigan eng yorqin jihat shuki, Ahli sunna yolg‘iz shaxsga ergashmaydi.
«Qanday qilib? Axir Ahli sunna Abu Hanifaga, Shofe’iyga, imom Molikka, imom Ahmadga taqlid qiladi-ku! Ularga taqlid qilish shaxsga ergashish emasmi?» deyishadi. Ha. Aynan mana shu Ahli sunnani boshqalardan ajratib turadigan farqdir. Yana qaytaraman: Ahli sunna shaxsga taqlid qilmaydi, shaxsga ergashmaydi. Balki ilmga taqlid qiladi, ya’ni ergashadi.
Unda imom Molik, imom Shofe’iy va imom Ahmadlar-chi? Quyidagi savolni va uning javobini ko‘p takrorlayman:
Abu Hanifa hanafiy mazhabiga mansubmi?
Yoki hanafiy mazhabi Abu Hanifaga mansubmi?
Imom Molik molikiy mazhabiga mansubmi?
Yoki molikiy mazhabi imom Molikka mansubmi?
Sodda va qisqa qilib: «Molikiy mazhabidagilar imom Molikka, hanafiy mazhabidagilar Abu Hanifaga mansub», deyiladi. Lekin bu javob xatodir. To‘g‘ri javob shunday: Abu Hanifa hanafiylikka mansubdir, imom Molik molikiylikka mansubdir, ya’ni molikiy mazhabi aslida imom Molikdan oldin ham bor edi. Hanafiy mazhabi voqelikda Abu Hanifadan oldin ham bo‘lgan.
Shu ma’noda ba’zi birodarlarimdan: «To‘rt mazhabdan oldin kimlar bo‘lgan?» deb so‘rayman. Ular: «Tobe’inlar, sahobalar bo‘lishgan», deyishadi. Yo‘q. Ulardan, ya’ni to‘rt mazhabdan oldin kofirlar bor edi. «Qanday qilib to‘rt mazhabdan oldin kofirlar bo‘ladi?» deyishadi, chunki bu to‘rt mazhab Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan boshlangan. Nabiy alayhissalomdan oldingilar esa kofir bo‘lgan, chunki hanafiy mazhabi Rasulimiz sollallohu alayhi vasallamdan boshlangan.
To‘rtinchi yoki beshinchi bo‘lib Islomga kirgan Ibn Mas’ud Ko‘faga bordi. Bir necha yil o‘tib, u yerga Aliy roziyallohu anhu bordi. So‘ng yetmishta badriy (badr jangida qatnashgan) sahoba, so‘ng bir yarim ming sahoba bordi. Ana shular hanafiy mazhabiga asos solishdi. Sizlar hozir o‘rganayotgan masalalar Ibn Mas’udning masalalaridir.
Masalan, nima uchun biz ruku’dan turayotib qo‘limizni ko‘tarmaymiz? Chunki Ibn Mas’ud ko‘tarmagan.
Nega namozda «basmala»ni jahriy aytmaymiz? Chunki Ibn Mas’ud jahriy aytmagan.
Nega ikki namozni jamlamaymiz? Chunki Ibn Mas’ud jamlamagan.
Nega «omin»ni baland ovoz bilan aytmaymiz? Chunki Ibn Mas’ud baland ovozda aytmagan.
Siz hozir o‘rganayotgan masalalarning deyarli barchasi Ibn Mas’udga tegishli.
Bular esa Abu Hanifa tug‘ilishidan oldin ham bor edi. Hanafiy mazhabidagi hamma masalalar avvalo Ibn Mas’udga, keyin hazrati Aliyga, keyin Ko‘fadagi boshqa sahobalarga borib taqaladi. Umuman, bu mazhabning asosi, fatvolari va vujudga kelishi imom A’zamdan ancha ilgari boshlangan. Aniqrog‘i, dinimiz nozil bo‘lishi bilan boshlangan.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan
Hanafiy mazhabida imomga iqtido qiluvchi imom orqasida xoh jahriy namozda, xohi maxfiy namozda qiroat qilmaydi.
Bunga dalil Payg‘ambarimiz alayhissalomning so‘zlaridir: «Kimning imomi bo‘lsa, bas, imomning qiroati uning ham qiroatidir», deb aytganlar.
Mana shunga sahobai kiromlar ham ijmo’ qilishgan. Yana bir hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom dedilar: «Qachon qiroat qilinsa, bas, jim turing!» Imom Muslim rivoyati.
Abu Hanifa va Abu Yusuf roziyalohu anhumlar nazdida: Imomga iqtido qilgan kishining qiroat qilishi makruh bo‘ladi, bundan murod makruhi tahrimiydir.
Chunonchi, Hazrati Ali karramallohu vajhahu bunday deganlar: «Kimki imom orqasida qiroat qilsa, batahqiq, sunnatni xato bajaribdi!»
Shunday ekan imomga ergashuvchi har bir namozxon imomga iqtido qilib ergashdimi, imomni qiroatini eshitishi va sukut saqlab jim turishi kerak bo‘ladi. Shunda ado etiladigan ibodatlar mukammal, bexato bo‘ladi.
Hanafiy mazhabining masalasiga binoan, fiqhiy matn kitoblari ko‘rsatmasiga amal qilgan holda barcha namozlarda imom orqasida muqtadiy jim turishi talab etiladi. Aks holda, makruhi tahrimiy ishni qilib qo‘yish mumkin.
Abdug‘affor Nishonov,
Pop tumani "Soy" jome masjidi imom-xatibi
Manba: @Softalimotlar