Molekular dunyoga oid zamonaviy tadqiqotlar olimlar va ilmiy markazlarni Yaratuvchining mavjudligi to‘g‘risidagi yakdil, asosiy xulosaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Protein molekulasining tuzilishini batafsil o‘rganish natijasida olimlar ilohiy kuch ishtirokisiz molekulalar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lish ehtimoli mavjud emas degan qat’iy to‘xtamga kelishmoqda.
Protein molekulalari tirik hujayraning asosi bo‘lib, u ma’lum aminokislotalardan iborat. Proteinlardagi aminokislotalarning soni 50 dan mingtagacha yoki undan ko‘p bo‘ladi. Bunday holda, aminokislotalar faqat bitta turdagi, ya’ni L-aminokislotalar bo‘lishi kerak. Ular qat’iy ketma-ketlikda joylashgan va bir-biri bilan faqat peptid bog‘i bilan bog‘lanadi. Peptid bog‘i aminokislota bog‘lamlarini bir-biri bilan bog‘laydi. Agar oqsil molekulasining tuzilishida ushbu shartlardan birortasi buzilgan bo‘lsa, u tirik materiyaning bir qismi bo‘la olmaydigan foydasiz aminokislotalar to‘plamiga aylanadi.
Masalan, 20 ta turdagi 500 ta aminokislotadan iborat o‘rtacha oqsil molekulasini qat’iy tartibga solish zarurati molekular dunyoning juda murakkab konfiguratsiyasidan dalolat beradi. Agar aminokislotalar kerakli ketma-ketlikda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi mumkin deb hisoblasak, unda bunday holatning ehtimolligi 1/10⁶⁵⁰, ya’ni o‘nning 650-darajasidagi sondan biriga teng.
Bu raqam qayerdan paydo bo‘ldi? Bu oddiy matematika. 20 ta turdagi har bir aminokislotani to‘g‘ri tanlash ehtimoli 1/20 ni tashkil qiladi. Va barcha 500 aminokislotalarni to‘g‘ri tanlash ehtimolligi 1/20⁵⁰⁰ bo‘lsa, bu 1/10⁶⁵⁰ ga teng.
Endi faqat L-aminokislotalarni tanlash ehtimolligini hisoblasak. L va D-aminokislotalar bir xil kimyoviy tarkibga ega, ammo uchinchi darajali tuzilmalarning qarama-qarshi joylashuvida farqlanadi. Bundan tashqari, barcha tirik organizmlarning oqsillari faqat L-aminokislotalardan iborat va agar protein tarkibida kamida bitta D-aminokislota bo‘lsa, u yaroqsiz holga keladi. Ikki mavjud turdagi aminokislotalardan (D va L) L-aminokislotalarning bo‘lish ehtimolligi 1/2 ga teng. Proteinda 500 ta aminokislota bo‘lsa, ularning faqat L — shakllari bo‘lish ehtimoli 1/2⁵⁰⁰ bo‘lib, bu 1/10¹⁵⁰ ga teng.
Aminokislotalarning peptid aloqasi bilan bog‘lanish ehtimolligini hisobga olish kerak. Aminokislotalar bir-biri bilan turli xil birikmalar hosil qiladi, ammo oqsil molekulasini hosil qilish uchun aminokislotalar bir-biri bilan faqat peptid bog‘i bilan bog‘langan bo‘lishi kerak. Aminokislotalarni peptid bog‘i orqali bog‘lash ehtimoli 50 %ni tashkil etishi aniqlandi. Agar oqsilda 500 ta aminokislota bo‘lsa, umumiy ehtimollik 1/2⁴⁹⁹ bo‘lib, bu 1/10¹⁵⁰ ga teng.
Barcha uch omilni hisobga olish va umumiy ehtimollikni hisoblash uchun natijada yuzaga kelgan ehtimolliklarni ko‘paytirish kerak. 1/10⁶⁵⁰ x 1/10¹⁵⁰ x 1/10¹⁵⁰ = 1/10⁹⁵⁰, ya’ni 10ning 950-darajasidan bitta imkoniyat. Tasavvur qiling, ehtimollik qanchalar kam! Imkoniyatlar deyarli nolga teng! Matematikada 1/10⁵⁰ ehtimollik nolga teng hisoblanadi.
Biologiya bo‘yicha Kaliforniya ehtimollik ilmiy markazidan doktor Jeyms Kopedj hisob-kitoblarni amalga oshirdi. Olim barcha ehtimollik qonunlarini birgina oqsil molekulasining tasodifan paydo bo‘lish ehtimolligi misolida ko‘rib chiqdi. U yerning barcha jism va suyuqliklari — okeanlar, atomlar, yer qobig‘i tarkibidagi molekulalarni paydo bo‘lish ehtimolligini hisoblab chiqdi. Keyin u aminokislotalarning bog‘lanishi tabiatdagi bog‘lanish tezligidan bir yarim trillion marta yuqori tezlikda sodir bo‘lishini aniqladi. Imkoniyatlarni hisoblab, u bitta oqsil molekulasi tasodifan hosil bo‘lishi uchun 10²⁶² yil kerakligini aniqladi. Bu 262 nolga ega astronomik raqam bo‘lib, koinotning hozirgi ma’lum yoshidan ham oshadi.
Binobarin, Yaratganning ishtirokisiz tirik materiyaning oqsil molekulasidek oddiy birikmasi hosil bo‘lmas ekan, murakkabroq birikmalar, hujayralar, organizmlar va jismlarning o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi borasidagi ehtimolligi umuman mavjud emas.
Internet ma’lumotlari asosida
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi
katta o‘qituvchisi Po‘latxon Kattayev tayyorladi
Nuqtayi nazar
Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari bag‘rikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashab kelmoqda. 2174 ta islomiy va 198 ta noislomiy diniy tashkilot faoliyat ko‘rsatapti. So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda jami 130 ta – 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti, 102 ta masjid hamda turli konfessiyaga taalluqli 24 ta noislomiy diniy tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Joriy yil 25 fevral kuni qabul qilingan qonun asosida tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga huquqiy asos bo‘lib xizmat qilyapti.
Mazkur hujjat vijdon erkinligiga bo‘lgan huquq va O‘zbekiston dunyoviy davlat ekaniga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsip va ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
O‘tgan qisqa vaqt ichida mamlakatimizda O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi.
2017 yilga qadar mamlakatimizda 3 ta oliy (1 ta islomiy, 2 ta noislomiy) hamda 9 ta o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan. Bugun esa 16 ta diniy ta’lim muassasasi bor, ularning 6 tasi oliy o‘quv yurtidir.
Mazkur sohadagi ishlarni yanada rivojlantirish maqsadida Prezidentimizning joriy yil 21 apreldagi "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni nafaqat diniy-ma’rifiy soha, balki keng jamoatchilik tomonidan ham mamnuniyat bilan kutib olindi.
Sodiq Toshboyev,
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2025 yil 25 aprel, 84-son