Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizlarni bir oz xavf-xatar, ochlik bilan, mol-mulkka, jonga, hosilga talafot yetkazish bilan sinaymiz. Musibat yetganda «Barchamiz Allohnikimiz va barchamiz yana O‘ziga qaytamiz», degan sabrli zotlarga xushxabar beringki, ularga Robblaridan salavotlar va rahmat bor. Ana o‘shalar hidoyat topganlardir» (Baqara surasi, 155-157-oyatlar).
Biror musibat yetganda «Barchamiz Allohnikimiz va barchamiz yana O‘ziga qaytamiz», desangiz, uchta narsaga erishasiz: Alloh sizga salavot aytadi, ya’ni sizni mag‘firat qiladi; Allohning rahmatiga erishasiz, bu rahmat bu dunyoda musibatning qayg‘usini yengillatsa, oxiratda esa marhamat bo‘ladi; hidoyat yo‘lini anglab, to‘g‘ri yo‘ldan yuradigan hidoyatli bandalardan bo‘lasiz, chunki Alloh taolo sizni ana shu musibatga sabr qiladigan afzal yo‘lga to‘g‘rilab qo‘yadi.
«Barchamiz Allohnikimiz va barchamiz yana O‘ziga qaytamiz» degan jumlani aytish istirjo’ deyiladi. Istirjo’ aytish tufayli rahmatga erishganlarga eng yorqin misol – Ummu Salama onamiz roziyallohu anhodirlar.
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Biror musulmonga musibat yetsa, Alloh buyurganidek, «Innaa lillaahi va innaa ilayhi rooji’uun. Allohumma’jirniy fiy musiibatiy, vaxlif liy xoyron minhaa» (Barchamiz Allohnikimiz va barchamiz yana O‘ziga qaytamiz. Allohim, musibatim uchun menga ajr bergin, uning o‘rniga undan yaxshisini nasib qilgin) desa, Alloh uning o‘rniga undan yaxshisini beradi», deganlarini eshitgan edim. Erim Abu Salama vafot qilganida «Istirjo’ aytsam, Alloh undan yaxshisini beradi. Ammo Abu Salamadan yaxshiroq musulmon bormi? Axir u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga hijrat qilgan birinchi xonadon bo‘lsa», dedim. Ammo Nabiy sollallohu alayhi vasallamga itoat qilib, ixlos bilan istirjo’ aytaverdim. Bir kuni Hotib ibn Abu Balta’a menga sovchi bo‘lib keldi. So‘rasam, uni huzurimga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuborgan ekanlar! Nima deyishimni bilmay, «Mening emizikli chaqalog‘im bor-ku. Buning ustiga, men rosa rashkchiman», dedim. U zot: «Qizingning haqqiga duo qilamiz, Alloh uni behojat qiladi. Allohga duo qilaman, rashkni ham ketkazar», debdilar. Shunday qilib, Alloh taolo Abu Salamaning o‘rniga menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlarini nasib qildi» (Imom Ahmad, imom Muslim rivoyati).
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan yuzasi arab yozuvidagi oyat, hadis va hikmatlar bilan ziynatlangan buyumlar mulyaji ham o‘rin olishi rejalashtirilgan. Jumladan, Markaz ekspozitsiyasidan joy olishi kutilayotgan X asrga oid "Allohdan boshqa iloh yo‘q” yozuvi tushirilgan ko‘za Somoniylar sulolasi davriga mansub artefakt hisoblanadi.
Islom dini Markaziy Osiyoga tarqalgandan keyin xattotlik san’ati shakllanib rivojlandi. Rassomlik o‘rniga xattotlik san’atiga ko‘proq e’tibor berildi. Buyumlar yuzasiga hikmatli so‘zlarni yozish urfga aylandi va arab yozuvi boshqa omillar qatorida Islom sivilizatsiyasi shakllanishiga turtki berdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi
Axborot xizmati