Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Yanvar, 2025   |   20 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:44
Peshin
12:39
Asr
15:43
Shom
17:28
Xufton
18:45
Bismillah
20 Yanvar, 2025, 20 Rajab, 1446
Yangiliklar

Zamonaviy diniy masalalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi

6.11.2024   3135   2 min.
Zamonaviy diniy masalalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi

Shu yil 6 noyabr kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida "Dolzarb aqidaviy va zamonaviy fiqhiy masalalar" mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.  

Ilmiy-amaliy konferensiyada O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi mutasaddi vakillari, Fatvo markazi va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ilmiy xodimlari, oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, yosh olimlar va tadqiqotchilar ishtirok etdi. 

Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlangan tadbirni Toshkent islom instituti O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Jahongir Ro‘ziyev olib bordi.   

Dastlab O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, Toshkent islom instituti rektori, professor Muhammadolim Muhammadsiddiqov tadbirni tabrik so‘zi bilan ochib, keyingi paytda dinimizga oid turli aqidaviy va fiqhiy  ixtiloflar yuzaga chiqayotgani, yoshlarni yot g‘oyalardan asrash zarurati, olim va tadqiqotchilarning faoliyatini jadallashtirish anjumanning asosiy maqsadlaridan ekanini qayd etdi. 

Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov e’tiborli olim va tadqiqotchilarni birlashtirgan anjuman bilan ishtirokchilarni qutlab, bugungi glaballashuv davrida qadriyat va madaniyatlar birlashib ketayotgani, shu bois ulamolar dinimiz sofligini asrashga jiddu jahd qilishlari lozimligini ta’kidlash barobarida zamonaviy dunyoda fatvo berish masalasida ilmiy ma’ruza qildi. 

Shuningdek, so‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un domla G‘afurov anjuman ishiga muvaffaqiyat tilash asnosida uning mavzusi naqadar dolzarbligi, xalqaro va respublika anjumanlarini faol o‘tkazib kelayotgan Toshkent islom institutining ilmiy salohiyati tobora ortib borayotganini bayon etishdi.   

Ilmiy-amaliy anjuman davomida olim va tadqiqotchilar “Kalom ilmi va aqidaviy masalalarga oid zamonaviy ilmiy tadqiqotlardagi yondashuvlar”, “Sog‘lom e’tiqodning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni”, “Aqidaga oid oyat va hadislarni to‘g‘ri talqin qilishning ahamiyati”, “Ahli sunna val jamoa ulamolarining adashgan oqimlarga raddiyalari”, “Moturidiya ta’limotining asoslari va xususiyatlari”, Zamonaviy fiqhiy masalalar bo‘yicha fatvolar va ularning tahlili” kabi mavzular bo‘yicha ma’ruza qilish bilan birga ayni masalalarning yechimi borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Anjuman yakunida bugungi kundagi dolzarb aqidaviy va zamonaviy fiqhiy masalalarga oid muammolarni tahlil etish barobarida ularning yechimi bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Zamonaviy diniy masalalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi Zamonaviy diniy masalalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi Zamonaviy diniy masalalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi Zamonaviy diniy masalalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi Zamonaviy diniy masalalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi Zamonaviy diniy masalalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi Zamonaviy diniy masalalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi Zamonaviy diniy masalalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi Zamonaviy diniy masalalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi Zamonaviy diniy masalalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi Zamonaviy diniy masalalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi Zamonaviy diniy masalalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi Zamonaviy diniy masalalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi Zamonaviy diniy masalalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi Zamonaviy diniy masalalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi Zamonaviy diniy masalalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi Zamonaviy diniy masalalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi Zamonaviy diniy masalalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi Zamonaviy diniy masalalarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺ boshlaridan kechirgan eng katta qayg‘u

13.01.2025   3303   5 min.
Rasululloh ﷺ boshlaridan kechirgan eng katta qayg‘u

Muhtarama singlim! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir, u zotga eng ko‘p qayg‘u keltirgan musibat haqida o‘qishdan oldin fikringizni bir joyga jamlab, yaxshilab o‘ylab, quyidagi savollarga javob berib ko‘ring:

Hayotingizda qanday holatlar sizni qayg‘uga solgan?
Ularning sababi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
O‘sha holatlarda o‘zingizni qanday tutgansiz?
Ularning qaysi birini eng og‘ir musibat deb bilgansiz?

Bu savollar haqida kengroq fikr yuritib javob bergan bo‘lsangiz, keling, endi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir musibat bilan tanishamiz.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari Oisha roziyallohu anho bunday deganlar:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallamga «Boshingizga Uhud kunidan ham og‘irroq kun kelganmi?» dedim. U zot shunday dedilar: «Ha, bu qavm menga ko‘p ozorlar yetkazdi. Ammo ularning eng og‘iri Aqaba kuni bo‘lgan. O‘shanda Ibn Abdu Yalil ibn Abdukulolga meni himoyaga olishni taklif qilgan edim. Lekin u men istagan narsani qabul qilmadi. Men tashvishlanib, boshim oqqan tomonga qarab yurib ketdim. Bir joyga kelganda o‘zimga kelib, boshimni ko‘tardim. Qarasam, tepamda bir bulut menga soya solib turibdi. Razm solsam, uning ustida Jabroil bor ekan. U menga shunday nido qildi: «Alloh qavmingning senga aytgan gapini, senga nima javob qaytarganini eshitdi. U Zot huzuringga tog‘ farishtasini yubordi, ularni nima qilishni istasang, buyurishing mumkin», dedi. Shu payt tog‘ farishtasi menga salom berib, «Ey Muhammad! Nima desangiz, shuni qilaman. Istasangiz, ularning ustiga Makkadagi ikkita katta tog‘ni to‘ntarib tashlayman», dedi».

Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q! Alloh ularning avlodida yolg‘iz Allohga ibodat qiladigan, U Zotga hech narsani sherik qilmaydigan zotlarni chiqarishini umid qilaman», dedilar (Imom Buxoriy, imom Muslim rivoyati).

Oisha roziyallohu anho Uhud jangida Rasulullohning qanchalar mahzun bo‘lganlarini ko‘rgan edilar. Bu jangda yetmishta eng zabardast sahoba shahid bo‘lgan. O‘sha jangda mushriklardan biri Rasulullohning yuzlariga qilich bilan urganida yuzlari qonab ketgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzlaridagi qonni arta turib, «Allohga da’vat qilayotgan payg‘ambarining yuziga jarohat yetkazib, tishini sindirgan qavm qanday najot topadi?» deb, kuyingan edilar. Jang tugagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shahid bo‘lganlarni birma-bir ko‘zdan kechira boshladilar. Amakilari Hamza ibn Abdulmuttalibning jasadi qarshisida to‘xtab qoldilar. Hamza u zot uchun eng suyukli, qarindoshlari ichida eng qadrli inson edi. Mushriklar Hamzaning qornini yorib, ichki a’zolarini chiqarib tashlashibdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni ko‘rib, qattiq iztirob chekdilar, «Endi menga sizning firoqingizdan og‘ir musibat yo‘q», dedilar.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Hamza ibn Abdulmuttalibga yig‘laganlaridek qattiq yig‘laganlarini ko‘rmaganmiz. U zot amakilarini qibla tarafga qo‘yib, janozasini o‘qishga turganlarida yig‘idan o‘zlariga sig‘may ketdilar».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlariga, sahobalariga yetgan musibatlarni duo bilan, sabr bilan yengar edilar.

Ubayd ibn Rifo’a Zuroqiy otasidan rivoyat qiladi:

«Uhud kuni mushriklar chekingach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Saflarni to‘g‘rilanglar, Robbim azza va jallaga sano aytayin!» dedilar. Sahobalar u zotning ortlaridan saflangach, shunday dedilar: «Allohim! Senga hamdu sanolar bo‘lsin! Allohim, Sen bergan narsani tutib qoluvchi yo‘q. Allohim, Sen uzoq qilgan narsani yaqin qiluvchi yo‘q. Allohim, Sen yaqin qilgan narsani uzoq qiluvchi yo‘q. Allohim, Sen bermagan narsani beruvchi yo‘q, Sen bergan narsani to‘suvchi yo‘q. Allohim, bizga barakotingni, rahmatingni, fazlingni, rizqingni keng qilgin! Allohim, hech qachon tugamaydigan, yo‘q bo‘lmaydigan doimiy ne’mat bergin. Allohim, muhtojlik kunida ne’mat, urush kunida omonlik bergin. Allohim, bizga bergan narsalaringning yomonligidan, bizdan to‘sgan narsalaringning yomonligidan O‘zing asragin. Allohim, bizga iymonni sevdirgin, uni qalbimizda ziynatlagin, qalbimizni kufr, fosiqlik va osiylikdan burgin. Bizni to‘g‘ri yo‘lda yuruvchi bandalaringdan qilgin. Allohim, bizni musulmon holimizda vafot ettirgin, musulmon holimizda tiriltirgin. Bizni xor bo‘lmagan, fitnaga uchramagan holimizda solihlarga qo‘shgin. Allohim, Sening yo‘lingdan to‘sayotgan, rasullaringni yolg‘onchiga chiqarayotgan kofirlarga qarshi O‘zing urush ochgin, ularga azobingni yuborgin! Allohim, Kitob berilgan kofirlarga qarshi O‘zing urush ochgin, Haq iloh O‘zingsan» (Imom Ahmad rivoyati).

Uhud jangi kuni ko‘z yoshlari qonlariga aralashib, nihoyatda og‘ir musibat yetib turgan lahzalarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tutgan yo‘llari eng to‘g‘ri yo‘l edi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarining oldida turib, Alloh taologa duo qilib, ularning qalbidagi iymonni yanada mustahkamladilar. Darhaqiqat, Alloh taolo bergan narsani to‘suvchi yo‘q, U Zot to‘sganini esa beruvchi yo‘q.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.