Shu yilning 5-6 noyabr kunlari Boku shahridagi Butunjahon diniy yetakchilar global sammiti doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi bir qator uchrashuv va muloqotlar o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov bilan uchrashdi. Muloqotda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatlarimizning an’anaviy yaqin va do‘stona munosabatlarini yanada mustahkamlash, ilm-fan, madaniyat va diniy-ma’rifiy sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda Butunjahon diniy yetakchilar global sammitining ahamiyati haqida so‘z yuritilib, mazkur tadbir xalqlar va turli din vakillari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga katta hissa qo‘shishi, bu borada qardosh mamlakatlar diniy yetakchilari o‘rtasidagi hamkorlik juda ham muhim ekani ta’kidlandi.
Ali Asadov o‘z so‘zida ikki mamlakat hukumatlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni yuksak baholab, bundan keyin ham O‘zbekiston Ozabayjonning eng yaqin ishonchli hamkori bo‘lib qolishiga katta ishonch bildirdi. Shuningdek, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Qorabog‘ning Fuzuliy shahrida umumta’lim maktabi bunyod etilganini e’tirof etish barobarida bu ajoyib maktabni ozar xalqiga sovg‘a qilgani uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik izhor etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Surxondaryo viloyati vakili o‘rinbosari Abduhalil domla Abdunazarov, bilim yurti rahbariyati, «Vaqf» xayriya jamoat fondi viloyat filiali mutasaddilari hamda pedagog xodimlar ishtirok etdi.
Tadbirda ustozlik kasbining sharafi, yosh avlodga diniy va dunyoviy ilmlarni o‘rgatish yo‘lidagi fidokorona mehnatning ahamiyati alohida e’tirof etildi.
Bayram munosabati bilan ustoz va xodimlar moddiy va ma’naviy rag‘batlantirildi:
5 nafar faol ustozga jami 25 million so‘m (har biriga 5 million so‘mdan) moddiy yordam ko‘rsatildi;
31 nafar ustoz va ishchi-xodimga bayram oziq-ovqat jamlanmalari topshirildi.
Bunday e’tibor va e’zoz soha xodimlarining mehnatini munosib qadrlash hamda ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati