Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir kishi aytadi: "Bir kuni men boltamni yo‘qotib qo‘ydim. Menga qo‘shnim boltani o‘g‘irlagandek tuyuldi. Gumonimni tasdiqlash uchun uni diqqat bilan kuzatdim. Uning yurishi xuddi boltamni o‘g‘irlagan odamning yurishiday ko‘rindi. Gapirish tarzi ham, hamma harakatlari boltamni o‘g‘irlagan kishining harakatidek tuyulaverdi.
O‘sha kecha bolta qayg‘usida uyqum kelmadi, tuni bilan uyg‘oq qolib, qo‘shnimni o‘g‘ri ekanligini qanday qilib aniqlasam ekan, deb o‘ylanib chiqdim. Erta tongda tursam boltam topilib qoldi. Kichik o‘g‘lim boltani ustiga po‘stinni tashlab qo‘ygan ekan. Keyin qo‘shnimga qarasam, u boltamni o‘g‘irlagan odamga o‘xshamay qoldi. Na yurishi, na gapirishi, na boshqa hatti-harakatlari boltani o‘g‘irlagan kishinikiga o‘xshamaydi. U ko‘zimga butunlay beayb, begunoh odam bo‘lib ko‘rindi.
Shundagina tushundimki, aslida mening o‘zim o‘g‘ri ekanman. Qo‘shnimning beozorligi va ishonchini o‘g‘irlab, uning sha’niga dog‘ tushirdim. Qolaversa, o‘z hayotimdan bir kechani o‘g‘irladim, uni begunoh odamni ayblash yo‘lini axtarish bilan o‘tkazdim.
Ichidan bulg‘angan odam atrofida toza, begunoh insonlar borligini tushunib yetmas ekan...".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Savol: Masjidul haromda namozlarni jamoat bilan o‘qib, keyingi namoz vaqtini kutib o‘tirganimizda, ayrim hojilarimiz yotgan holda uxlab qolib, keyingi namozga azon aytilganda, tahorat qilmay namoz o‘qishayotganiga guvoh bo‘ldim.
Buning xukmi dinimizda qanday? Chunki uxlash tahoratni buzadi deb o‘qiganmiz va shunga amal qilamiz. Yoki masjidul haromda ayrim hukmlar o‘zgaradimi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, biror narsaga suyanib, yoki yonboshlagan holda uxlash tahoratni sindiradi. Bu hukm masjidul haromga ham tegishli. Siz aytgan hojilar yerga yonboshlagan holda uxlagan bo‘lsalar, tahoratlari sinadi. Lekin ko‘zini yumib, uxlamasdan, zikr qilib yotadiganlar ham bo‘ladi. Agar shunday qilgan bo‘lsalar, tabiiyki tahoratlari sinmaydi.
Masjidul haromda dunyoning turli nuqtasidan kelgan ziyoratchilar ibodat qiladi. Ularning ichida ilmli insonlar bilan bir qatorda ibodatga endi kirgan, shar’iy hukmlarni yaxshi o‘zlashtirmaganlar ham bo‘ladi. Ularning qilayotgan ishini ko‘rib, anavilar qilyapti-ku, demak, noto‘g‘ri emas ekanda, deb qilib ketavermaslik kerak.
Qolaversa, u yerda turli mazhab odamlari ibodat qiladi. Ayrim mazhablarda uxlash, badandan qon chiqish kabi ishlar tahoratni sindirmaydi. Ammo bizning mazhabimizda har ikkisi ham tahoratni buzadi va bunga ulamolarimiz bir qancha hadislarni dalil o‘laroq keltirganlar.
Shu bois, ulug‘ makonlarga ibodatga otlanayotgan odamlar: xoh erkak, xoh ayol kishi bo‘lsin, shar’iy hukmlarni bilib olishi yoki biladigan odam hamrohligida borishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aks holda ibodat qilaman deb, gunohga botishi hech gap emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.