Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Havorijlardan biri Hasan roziyallohu anhuning otasi Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga suiqasd qilib, uni zaharli qilich bilan yaralagan edi. Hasan roziyallohu anhu otasining «Nega yig‘layapsan?» degan savoliga: «Siz dunyoning oxirgi va oxiratning birinchi kunidasiz», deb javob berdi. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu uni yig‘idan to‘xtashga buyurdi. Keyin bir qancha maslahatlar berishini, ularni yodda saqlashi kerakligini, shunday qilsa, har doim foyda olishini aytdi. Hasan roziyallohu anhu: «Ular nima, ota?» degach, quyidagilarni bayon qildi:
«Eng katta boylik aqldir. Eng katta qashshoqlik ahmoqlikdir. Eng katta johillik takabburlikdir. Eng katta ustunlik go‘zal axloqdir. Men senga maslahat beraman: ahmoqlar bilan do‘stlashma, chunki ahmoq senga yordam bermoqchi bo‘ladi, lekin senga zarar yetkazadi. Yolg‘onchilar bilan ham do‘stlashma, chunki ular uzoqni yaqin, yaqinni esa uzoq qilib ko‘rsatadi. Ziqnaga ham yaqinlashma, chunki ziqna senga kerak bo‘lgan narsani eng muhtoj bo‘lib turgan paytingda bermaydi. Yomon odamlar bilan do‘stlashmaslikni maslahat beraman, chunki yomon odam seni arzonga sotadi».
Ushbu suhbatdan keyin Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu hijriy 60 yil (milodiy 661 yil)da shahid bo‘ldi. Hazrati Aliy roziyalloxu anhu xalifalik davrida Baytulmoldan juda oz maosh olardi. U kishi musulmonlarga: «Sizlarning mulkingizdagi haqqim kuniga ikki tovoq taomdir», der edilar. U o‘z mol-mulkidan juda ko‘p daromad olgan bo‘lsa-da, butun boyligini kambag‘al va nochorlar uchun sarflar, oilasi esa dag‘al kiyim va arpa non bilan kifoyalanar edi. Hazrati Aliy o‘z boyligidan shaxsiy manfaati uchun deyarli foydalanmasdi, boshqalarga saxovatli sahobiy edi. Bu masalada o‘g‘illari Hasan va Husayn roziyallohu anhumo ham ota izidan borishgan.
«Millioner sahobalar» kitobidan
Savol: Mahallamizdagi qabristonda mevali daraxtlar bor. Ularning mevalari pishgan paytda, ko‘pchilik qatori biz ham kirib yeb turamiz. Ba’zilar bu ish joiz emas deb qolishdi. Shunga dinimizda nima deyilgan?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu haqida Burhoniddin ibn Moza rohimahulloh shunday zikr qilganlar: "Qabristondagi daraxtlarning hukmi ikkiga bo‘linadi:
1. Ular yer qabristonga aylantirilishidan oldin ekilgan bo‘lishi mumkin;
2. Ular yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lishi mumkin. Agar daraxtlar yer qabriston qilinishidan oldin ekilgan bo‘lsa, ekkan odamning mulki bo‘ladi. Shuning uchun, daraxtlarning egasi tirik bo‘lsa, uning roziligi bilan yoki undan sotib olib, keyin iste’mol qilish joiz bo‘ladi. Agar daraxtlarning egasi ulardan odamlar yeyishlarini muboh qilgan (ruxsat bergan) bo‘lsa, u holda so‘ramasdan yeyish ham joiz bo‘ladi. Ammo egasining niyati ma’lum bo‘lmasa yoki egasi vafot etgan bo‘lsa va nima maqsadda ekkani noma’lum bo‘lsa, u holda ulardan yeyish joiz bo‘lmaydi. Agar daraxtlar yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lsa, ushbu holatda ham, ular egasining mulki hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, bunda ham egasining niyatiga bog‘liq bo‘ladi. Agar egasi ma’lum bo‘lmasa yoki uning niyati ma’lum bo‘lmasa, u holda ular qabristonning mulki bo‘lgani uchun, ularni sotib, pulini qabristonning ehtiyojlari va ta’miri uchun ishlatiladi” (“Muhiyt”).
Demak, qabristondagi mevalarni yeyish yoki boshqa ekinlarni olish, ularni ekkan egasining niyatiga bog‘liq bo‘lar ekan. Agar boshqalar yeyishlari yoki foydalanishlari uchun ekkan bo‘lsa, ulardan yeyish joiz bo‘ladi. Ammo o‘zi uchun ekkan bo‘lsa, yoki niyati ma’lum bo‘lmasa, yoki kim ekkani ma’lum bo‘lmasa, u holda ularni pulga sotib olib yeyish yoki foydalanish joiz bo‘ladi xolos.
Shu o‘rinda shuni ham ta’kidlash joizki, ba’zilar qabristondagi mevali daraxtlarning tomiri mayyitning qoni va najosatidan ozuqa olgani uchun, ularni yeyish makruh degan da’volarni qilishadi. Bunga javoban ulamolar ushbu da’vo o‘rinsiz hisoblanadi. Chunki daraxtlarning ildizlari garchi najosatdan ozuqa olsa ham, istihola (bir narsani butunlay boshqa narsaga aylanishi) yo‘li bilan boshqa moddaga aylanadi va ularning mevalarini yeyish hech bir makruhliksiz joiz va halol bo‘ladi deganlar ("Ahkomul-janoiz"). Ammo shunday bo‘lsada, qabristonlarga mevali daraxtlarni ekmaslik tavsiya qilinadi. Zero, ularning tomirlari qabrlarni o‘pirilishiga olib kelishi mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.