Payg‘ambar alayhissalomning sahobalarining ichida U zotning mavlolari Savbon roziyallohu anhu bo‘lib, Nabiy alayhis salomga g‘oyat muhabbatli, u zotni ko‘rmasa turolmas edi.
Bir kuni Savbon Payg‘ambar alayhis salomning huzurlariga rangi bo‘zargan xolda keldi. Yuzida chuqur mahzunlik bor edi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Ey Savbon, senga nima bo‘ldi, bemormisan?”, dedilar. Savbon: “Yo‘q, men bemor emasman, hech qayerim og‘rimayapti. Buning sababi sizni sog‘inchingiz, yo Rasulullh. Agar sizni ozgina ko‘rmasam qattiq sog‘inaman, hatto sizni ko‘rmagunimcha bu sog‘inch-iztirobim bosilmaydi.
Bugun ana shunday sog‘inch ortidan oxiratni o‘ylab qattiq qo‘rqib kettim. Siz jannatda baland darajaga, nabiylar bilan ko‘tarilib ketsangiz. Men ham jannatga kirsamu, ammo meni darajam siznikidan past bo‘lib, u yerda sizni sog‘insam ko‘rolmaymanmi?” dedi. Payg‘ambar alayhissalom jim turib qoldilar.
Shunda Jabroil alayhissalom mana bu oyatni olib keldilar: “Kim Allohga va Rosulga itoat qilsa, bas, ana o‘shalar Alloh ne’mat bergan nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlar bilan birgadirlar. Va ularning rafiqlari qanday ham yaxshi” (Niso surasi, 69-oyat).
Bu oyat Savbon roziyallohu anhuning sevgisi sabab ummatga baraka oyati bo‘ldi. Sizu biz ham Allohga itoat qilib, Rosulullohni sevib u zotni sunnatlariga ergashsak, jannatda u zot bilan birga bo‘lamiz. Payg‘ambar alayhissalom boshqa bir hadislarida: “Kishi (jannatda)sevgani bilan birga bo‘ladi”, deb marhamat qilganlar.
Zohidjon qori No‘monov,
Namangan shahridagi “Mulla bozor oxund”
jome masjidi imom xatibi
Savol: Chatgpt (sun’iy intellekt) orqali diniy savollarimizga javob olsak bo‘ladimi, shu javoblarga amal qilsak bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu joiz emas. To‘g‘ri, Chatgpt platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga to‘g‘ri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, ba’zan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois shar’iy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor. Alloh taolo oyati karimada bunday marhamat qilgan:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
“Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat).
Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi. Shunday ekan, e’tiqod va dinu-diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan so‘rash talab etiladi. Buyuk tobeiy Ibn Sirin rahimahulloh bunday deganlar:
إن هذا العلم دين فانظروا عمن تأخذون دينكم. رواه مسلم
“Albatta, bu ilm dindir. Bas, diningizni kimdan olayotganingizga qaranglar” (Imom Muslim rivoyati).
Mazkur iboraning sharhida Mulla Ali Qori rahimahulloh bunday deganlar:
“Bu ilm” so‘zidan murod Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga olib kelgan Qur’oni karim va hadisi sharifdan iborat bo‘lgan ta’limotdir. Uni ishonchli va adolatli zotlardan olmoqdamisiz yoki yo‘q, shunga nazar solinglar, ya’ni qayerdan, kimdan ilm olayotgangizni aniq bilinglar”. (“Mirqotul mafotih” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.