Ikkinchi kitob
Tarix barcha o‘tgan avlodlarning hayot madrasasidir. Tarix orqali tiriklar o‘zlari uchun manfaatli narsani o‘rganib, unga amal qiladi lar hamda o‘zlariga zarar yetadigan narsalardan voqif bo‘lib, undan chetda bo‘ladilar.
Islom mapuxu deganda, odatda, Islom davlatlari hamda musulmon xalqlarning vahiy nozil bo‘lgan ilk davrdan boshlab hozirgi kungacha bo‘lgan tarixi nazarda tutiladi. Ammo aslida ushbu tarix dunyo boshlanganidan to xozirgi, biz yashab turgan paytgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Zero, bu tarix ilk inson, ilk payg‘ambar – Odam alayhissalomdan boshlanadi.
Shayx Muxammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining ushbu asari Islom tarixining muxtasar bayoni bo‘lib, muallifning so‘nggi kitoblaridan biridir.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taologa U Zotning jaloliga va jamoliga munosib hamdu sanolar bo‘lsin!
Oxirgi nabiy Muhammad mustafoga go‘zal va mukammal salavot va salomlar bo‘lsin!
«Islom tarixi» deb nomlangan kitobimizning ushbu ikkinchi juzida umaviylar davlatining tuzilishidan boshlab, to musulmon olamida bugungi kungacha yuz bergan voqea-hodisalar xususida so‘z boradi. Bu juda xam muxtasar tarzda bo‘lishi turgan gap. Albatta, ushbu sahifalardan joy olgan shaxslar, hodisalar, voqeliklarning har biri haqida necha-necha alohida kitoblar bitilgan va bundan keyin ham bitilajak. Bizning maqsadimiz esa tafsilotlar emas, balki o‘quvchiga tariximiz haqida umumiy ma’lumotlar taqdim qilish bo‘ldi.
Shu bilan birga, ma’lum o‘rinlarda ba’zi nozik masalalar yuzasidan mutaxassislarning tahlillarini keltirishga, musulmon ummatining tarixidagi burilish nuqtalariga, xususan, ularning umumiy tanazzuli masalasiga alohida e’tibor qaratishga, bu kabi masalalarni kengroq yoritishga harakat kildik.
Maqsadimiz o‘zlikni anglash, tarixni bor haqiqatlari bilan o‘rganish, to‘g‘ri xulosa chiqarish, kamchiliklarni takrorlamaslik va yutuqlarni mustahkamlab rivojlantirishdir.
To‘rtinchi bob
Umaviylar davri
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Odamlarning eng yaxshisi mening asrimdagilar, so‘ngra ularga yaqinlar, so‘ngra ularga yaqinlar», dedilar» (Buxoriy, Termiziy, Ibn Moja, Ibn Hanbal rivoyat qilishgan).
Musulmon ummati tarixidagi eng yaxshi davr Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalari yashab o‘tgan asr bo‘lib, u tarix zarvaraqlaridan «Saodat asri» degan nom bilan joy oldi. Keyingi asr to‘rt buyuk sahoba boshchiligida olib borilgan asrlarga tatigulik ishlar sababli «Roshid xalifalar davri» degan nom bilan tarix sahifalariga bitib qo‘yildi. Keyingi asr «Umaviylar asri» deya atalib, mana shu davrdan pog‘onama-pog‘ona pastlash holati kuzatildi.
Birinchi fasl
Banu Umayyaning ta’rifi
Umaviylar davlati Umayya ibn Abdushshams ibn Abdumanofga nisbat beriladi.
Umayya ismli ushbu shaxs johiliyat davrida Quraysh urug‘laridan birining boshlig‘i bo‘lib, amakisi Hoshim ibn Abdumanof bilan har doim Qurayshning rahbarligini talashib kelar edi. Islom kelgach, mazkur talashuv ochiq-oydin dushmanlikka aylandi: Banu Umayya qabilasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga, u zotning da’vatlariga qarshi turdi; Banu Hoshim qabilasi esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga barcha ishlarda ko‘makdosh bo‘ldi, u zot sollallohu alayhi vasallamni dushmanlarning yomonliklaridan himoya qildi.
Banu Umayya odamlari Makka fathi davrida boshqa ilojlari qolmaganidan keyingina Islomni qabul qilishdi. Dastlabki asrlarda Islomda peshqadam bo‘lgan urug‘larning eng katta bobosi Abdumanof hisoblanadi.
Banu Umayya (umaviylar) tarixini buzish
Banu Umayyaning tarixi tafsilotlariga e’tibor beradigan bo‘lsak, uning buzib ko‘rsatilgani, ularni ko‘proq qoralash holatlarini kuzatamiz. Bu ishlarning ko‘pchiligi ularning asosiy siyosiy xusumatchilari – abbosiylar tomonidan qilingan, chunki tarixga oid kitoblarning ko‘p qismi aynan abbosiylarning hukmdorlik davrida yozilgan. Shuningdek, shiy’alar, xavorijlar, tarixni yaxshi bilmay turib og‘zaki so‘zlab yuradigan omi kishilar ham Banu Umayyaning siyosiy dushmanlari hisoblanib, ular ushbu qabilaning juda ko‘p tuhmatlarga qolishiga ham sabab bo‘lgan.
Bu tuxmat va koralashlar turli-tuman bulib, asosiy e’tibor Banu Umayyaning obro‘sini to‘kadigan tarixiy hodisalarga qaratilgan, ular bo‘rttirib ko‘rsatilgan. Ushbu hodisalarni nishon qilib, ularning qadrini tushirishga olib boradigan gaplar aytilgan:
1. Banu Umayyaning ilk davrda Islomga qarshi turganlari, Islomni kechikib qabul qilganlari juda ko‘p takrorlanadi, lekin ularning Islomga kirganlaridan keyingi buyuk ishlari, jumladan, ko‘plab yurtlarni fath etishda ko‘rsatgan xizmatlari mutlaqo eslanmaydi.
2. Banu Umayya davrida sodir etilgan musibatlar bo‘rttirib gapiriladi. Karbalo voqeasi, imom Husayn va u kishining oilalarining qatl etilishi, Harra voqeasi, Madinadagi Haramni e’tiborsiz qo‘yish, manjaniq bilan Makkaga tosh otish masalalari shular jumlasidandir.
3. Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhuning qatl qilinishi, Zayd ibn Aliy ibn Husaynning qo‘zg‘aloni va u kishining qatl qilinishi, shuningdek, boshqa taraflarda sodir bo‘lgan xatolarni e’tiborga olmaslik, xalifaga qarshi chiqish, toatni buzish kabi ishlarni Banu Umayyaga katta ayb qilib, ularga qarshi keng targ‘ibot ishlari amalga oshiriladi.
4. Banu Umayyaning dushmanlari tomonidan ularning insoniy nafsidagi zaiflik nuqtalariga alohida e’tibor beriladi, Banu umayyalik ba’zi kishilardan sodir bo‘lgan xatolar bo‘rttirib gapiriladi, biroq yaxshiliklari berkitiladi. Xususan, hazrati Usmon roziyallohu anhu haqlarida bu ochiq-oydin ko‘rinadi.
5. Abu Sufyon va Muoviya roziyallohu anhumo haqlarida ham bu kabi noo‘rin gaplar nihoyatda ko‘paygan. Banu umayyalik ba’zi voliylar botil ishlarni qiluvchi mutaassiblar deya sifatlanadi. Bu Hajjoj ibn Yusuf va Ziyod ibn Abiyxlar misolida ko‘rinadi.Yazid ibn Muoviya hamda Valid ibn Yazid kabi xalifalar haqida ham ularga qarshi juda bo‘lmag‘ur mish-mishlar to‘planib tarqatilgan. Aslida esa musulmonchilik odobi bo‘yicha Banu Umayya davrida roshid xalifalar davridagidan ko‘ra bir oz pastlash – sustlashish bo‘lganini eslashning o‘zi kifoya qiladi. Vaqt o‘tishi bilan xatoga yo‘l qo‘yish ham asta-sekin ko‘payib borgan. Banu Umayya davridagi musulmonlar jamiyati har jihatdan roshid xalifalar jamiyatiga yaqin bo‘lgan. Lekin qo‘lga kiritilgan o‘ljalar, mol-mulkning ko‘payishi natijasida katta-katta uylar, qasrlar qurish, shuningdek, cho‘ri tutishning ommalashganligi bor. Shu bilan birga, Banu Umayyaning juda ko‘p yaxshi fazilatlari ham bo‘lgani bor haqiqat, lekin ularga qarshi bo‘lgan tarixchilar bu fazilatlarni e’tiborga olmaganlar, balki unutib qo‘yganlar.
Ulardan ba’zilarini aytib o‘tamiz:
1. Hazrati Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu katta sahoba bo‘lib, u kishi xalifa Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi masalalarda ijtihod qilgan, faqat ijtihodi unchalik to‘g‘ri bo‘lmagan. Lekin baribir u zot odil kishilar safida qolgan. Zotan, barcha sahobalar roziyallohu anhum adolatlidirlar.
Banu Umayyaning eng katta arboblaridan biri sanalgan Marvon ibn Hakam tobe’inlarning birinchi tabaqasidan bo‘lgan. U Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Usmon roziyallohu anhu va boshqa katta sahobalardan hadislar rivoyat qilgan.
Yana bir Banu umayyalik Abdulloh ibn Marvon xalifa bo‘lishidan oldin ahli ilm va ahli fiqh bo‘lgan. Madinai munavvaraning katta olimlaridan hisoblangan.
Umar ibn Abdulaziz esa mujtahid imomlardan bo‘lgan. Ko‘pchilik u kishini roshid xalifalar qatorida sanaydi.
Banu Umayya qabilasining a’zolari qozilik ishlariga aralashmas edilar. Ular ko‘p joylarda ahli ilm va ahli fazllarning oldingi saflarida bo‘lganlar.
2. Banu Umayya davrida juda ko‘p buyuk islomiy fathlar bo‘lgan. Ular sharqda Xitoygacha, g‘arbda Fransiya va Andalus yurtlarigacha yetib borganlar.
3. Banu Umayya davrida Islom davlati tarixlar davomida misli ko‘rilmagan eng katta kengayishni boshidan kechirdi.
4. Banu Umayya davrida juda ko‘p qo‘riq yerlar o‘zlashtirildi, ular bog‘-rog‘larga aylantirildi, kanallar qazildi, shaharlar qurilib, obodonchilik ishlari olib borildi, atrof gullab-yashnadi, taraqqiy etdi.
Shu o‘rinda ta’kidlab aytamizki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuqoridagi «Odamlarning eng yaxshisi mening asrimdagilar, so‘ngra ularga yaqinlar, so‘ngra ularga yaqinlar» degan hadislari bejiz aytilmagan. Zero, Banu Umayya qabilasining a’zolari, rahbarlari va davlat boshliqlari Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning davrlariga yaqin asrda yashab o‘tganlar.
Umaviylar xalifaligi
(hijriy 41–132; milodiy 661–750)
Umaviylar xalifaligi davri roshid xalifalik tugagandan so‘ng, hijriy 41 yil (milodiy 661 yil) Ramazon oyida hazrati Aliy roziyallohu anhu shahid bo‘lganlaridan keyin, imom Hasan ibn Aliy roziyallohu anhuning halifalikdan voz kechishlari va hijriy 41 yil 25 rabi’ul avval (milodiy 661 yil 28 iyul) kuni Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhuga bay’at qilinishi bilan boshlanadi. Bu davlat hijriy 132 yil 11 jumodus-soniy (milodiy 750 yil 25 yanvar) kuni Zob jangida xalifa Marvon ibn Muhammadning yengilishi bilan nihoyasiga yetadi.
Umaviylar davlatining hukmronligi 91 yil davom etgan. Ushbu vaqt mobaynida bu davlatga ikkita oila rahbarlik qilib, 14 xalifa faoliyat olib borgan. Damashq shahri umaviylarning poytaxti hisoblangan.
Banu Umayyaning xalifalari
Sufyoniylar oilasi
1. Muoviya ibn Abu Sufyon. Hijriy 41–60 (milodiy 661–680) yillar.
2. Yazid ibn Muoviya. Hijriy 60–64 (milodiy 680–683) yillar.
3. Muoviya ibn Yazid. Hijriy 64 (milodiy 683–684) yilda 40 kun xalifalik qilgan.
Hijriy 64–73 (milodiy 684–692) yillarda umaviylarning hukmi Abdulloh ibn Zubayrning xalifaligi bilan qo‘shib olib borilgan.
Marvoniylar oilasi
4. Marvon ibn Hakam. Hijriy 64–65 (milodiy 684–685) yillar.
5. Abdulmalik ibn Marvon ibn Hakam. Hijriy 65–86 (milodiy 684–705) yillar.
6. Valid ibn Abdulmalik. Hijriy 86–96 (milodiy 705–714) yillar.
7. Sulaymon ibn Abdulmalik. Hijriy 96–99 (milodiy 714–717) yillar.
8. Umar ibn Abdulaziz ibn Marvon. Hijriy 99–101 (milodiy 717–720) yillar.
9. Yazid ibn Abdulmalik. Hijriy 101–105 (milodiy 720–723) yillar.
10. Hishom ibn Abdulmalik. Hijriy 105–125 (milodiy 723–743) yillar.
11. Valid ibn Yazid ibn Abdulmalik. Hijriy 125–126 (milodiy 743–744) yillar.
12. Yazid ibn Valid ibn Abdulmalik. Hijriy 126 (milodiy 744) yil.
13. Ibrohim ibn Valid ibn Abdulmalik. Hijriy 126–127 (milodiy 744–745) yillar.
14. Marvon ibn Muhammad ibn Marvon. Hijriy 127–132 (milodiy 745–750) yillar.
Keyingi mavzular:
Banu Umayya xalifalari
Muoviya ibn Abu Sufyon xalifaligi
Bugungi kunda Imom Moturidiy va moturidiylik haqida ko‘plab kitob, maqola, magistrlik, doktorlik ishlari bajarilmoqda. Imom Moturidiy hayotini atroflicha o‘rganish, uning fiqh, aqida va tasavvuf fanlariga aloqador jihatlarini ochib berish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.
Imom Moturidiy xalqni jipslashtirishda, uning bilimini mustahkamlashda, bag‘rikenglik tamoyillarini yoyishda muhim ahamiyat kasb etadi. Uning adashgan toifalar bilan keskin tortishuvlari, sog‘lom e’tiqod asoslarini himoya qilishi musulmonlar orasida iliq qabul qilingan. Bugungi kunda ham Moturidiyning ilm-ma’rifatga bo‘lgan munosabati xalqimiz ma’naviy hayotida alohida o‘rin egallaydi.
Moturidiy ta’limotlari nafaqat diniy, balki umuminsoniy qadriyatlarga ham asoslangan. U insonlar o‘rtasidagi hamjihatlik va bag‘rikenglikni alohida ta’kidlab, musulmonlar orasida tinchlik hamda totuvlikka chaqirgan. Bu g‘oyalar bugungi kunda jamiyatimiz uchun ham dolzarb hisoblanadi.
Abu Mansur Moturidiy hayoti va ijodiga oid manbalar Abul Yusur Pazdaviy (493-1100)ning “Usul ad-din”, Abu Muin Nasafiyning (508-1114) “Tabsirat al-adilla”, Ibn Fazlulloh Umariyning (749-1348) “Masolik al-absor fi mamolik al-amsor”, Abdulqodir ibn Abul Vafo Qurashiyning (775-1373) “al-Javharat al-muziya fi tabaqot al-hanafiya”, Ibn Qutlubug‘oning (879-1474) “Toj at-tarojim”, Muhammad Murtazo Zabidiyning (1205-1791) “Ithof as-sodat al-muttaqin bi-sharhi Ihyo ulum ad-din” va Muhammad Abdulhay Laknaviyning (1304-1887) “al-Favoid al-bahiya fi tarojim al-hanafiya” asarlarida uchraydi. Shuningdek, zamonaviy tadqiqotchilardan Abdulmalik Sa’diy, Shovosil Ziyodov, Saidmuxtor Oqilov, So‘nmas Qutlug‘, Hamza Bakriy, Sa’d Ahmad Damanhuriy, Bilqosim G‘oliy kabi mutaxassislar mavzu doirasida risola va ilmiy ishlar e’lon qilgan.
Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy (333-944) – islom olamining buyuk olimlaridan biri bo‘lib, uning nomini tilga olgan har bir musulmon ilmu irfon va ma’rifat olamining beqiyos nurini his etadi. Moturidiy o‘z davrida nafaqat aqida va kalom ilmida, balki umumiy islom ilmlarini shakllantirishda ham beqiyos hissa qo‘shgan buyuk zotdir. U tanlagan yo‘l bugungi kunda ham ahamiyatini yo‘qotmagan va musulmon ummatining ma’naviy merosi sifatida o‘rganilib kelmoqda.
U yashagan davrga kelib (IX asrning oxiri – X asrning birinchi yarmi) Movarounnahrda to‘g‘ri yo‘ldan adashgan turli guruh va firqalar ko‘paydi. Ularning aksari iymon-e’tiqod masalalari bo‘yicha bahsu munozaralar tufayli vujudga kelgan edi. Mana shunday murakkab sharoitda alloma Abu Mansur Moturidiy yetishib chiqdi va ularning noto‘g‘ri fikrlariga asosli raddiyalar berdi. U hanafiy mazhabi asoschisi Abu Hanifaning (699-767 yy.) ta’limotiga suyangan holda o‘ziga xos kalom maktabini yaratdi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti keyinchalik Samarqand kalom maktabi doirasidan chiqib, butun islom olamiga tarqaldi va sunniylikdagi ikki yirik kalom maktabining biri sifatida tanildi.
Manbalarda Imom Moturidiyning “Rabboniy olim va zohid” deb vasf etilishi, tasavvufda uni yuqori martabalarga chiqqanini anglatadi. Jumladan, olim o‘zining “Ta’vilot al-Qur’on” tafsirining bir qator o‘rinlaridagi oyatlar sharhida ilohiy muhabbat, zuhd, taqvo, dunyoga berilmaslik kabi tasavvufning nozik qirralari haqida so‘z yuritgan. Mazkur oyatlarning tafsirida kelgan ma’lumotlar Imom Moturidiyning tasavvuf peshvosi sifatida baholash imkonini beradi.
Xususan, u “Ahzob” surasining 113-oyati sharhida zuhdni ikki qismga taqsimlab, uni batafsil izohlagan. Shuningdek, Imom Moturidiy: “Yer yuzi nabiy yoki valiydan xoli bo‘lmaydi” degan. Abul Yusur Pazdaviy (vaf. 493-1100) o‘zining “Usul ad-din” asarida Imom Moturidiy haqida quyidagilarni qayd qilgan: “U karomat sohibi va ahli sunna val jamoaning raislaridan bo‘lgan. Bobom Zohid Abdulkarim ibn Musodan naql qilishicha, Moturidiyning ko‘plab karomatlari bo‘lgan”.
Alisher Navoiy o‘zining “Nasoyim al-muhabbat” asarida ham Imom Moturidiyning karomatini zikr qilib, u kishi haqida shunday degan: “Shayx Abu Mansur al-Moturidiy o‘z zamonining a’lam ulamosi ermish. Ul vaqt ulamosi alarni “Sulton al-muizzin” der ermishlar. Zohir va botin ulumlari bila orosta ermishlar”.
Bugungi kunda moturidiylik ta’limotini izchil o‘rganish, manbalarini atroflicha tahlil qilish xorijiy va mahalliy mutaxassislar oldida turgan ulkan vazifalardan biridir. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tomonidan olimning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-tavhid” asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilinishi yurtimizda moturidiylik ta’limoti tadqiq qilinishining yanada rivojlanishi belgisi sifatida baholash mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga asosan joriy yilda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlanishi va Samarqand shahrida “Moturidiylik – barikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” nomli xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilishi buyuk olimning xizmatlarini xalqaro miqyosda e’tirof etilishiga zamin yaratadi.
A.Alloqulov, Imom Moturidiy xalqaro
ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i.
O‘zA