Cavol: Junub bo‘lgan ayol bolasini qanday emizadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Junub, ya’ni g‘usl vojib bo‘lgan ayol, shuningdek hayz ko‘rayotgan ayol bolasini emizishi joiz. Bu borada bunday zikr qilingan: “Ona janobat holatida ham bolasini emizishi joiz bo‘laveradi. Chunki musulmon odamga janobat yetsa, u nopok bo‘lmaydi. Zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Mo‘min nopok bo‘lmaydi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan)” (“Al-Mavsua al-fiqhiyya” kitobi).
Shunga ko‘ra, ba’zilarning “Junub ayol bolasini emizib bo‘lmaydi”, degan gaplari asossiz va shar’iy dalilga tayanmagan holda aytilgan gap bo‘lib, unga e’tibor qilinmaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
#Xatmona_2025 #Bitiruvchilar
Shu yil 11 iyun kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida 2021-2025 o‘quv yilida ta’lim olgan talabalarining “Xatmona – 2025” bitiruv tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Davlat madhiyasi yangragach, bitiruvchi kurs talabasi Saidburxon qori Fazliddinovning Qur’on tilovati va xayrli duolari bilan tadbir boshlandi.
Dastlab O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov so‘zga chiqib bitiruvchilarni tabrikladi. So‘ng Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining bitiruvchilarga yo‘llagan tabriklarini o‘qib eshittirdi.
Shundan so‘ng Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov bitiruvchilarni tabriklab so‘zga chiqdi.
Shuningdek, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurovning bitiruvchilarga tabrik so‘zlari ham yetkazildi.
Ma’lumot o‘rnida, Toshkent islom institutini 2024-2025 o‘quv yilida 78 nafar talaba tamomlamoqda. Shundan 8 nafari ayol-qizlar sanaladi.
Oliymahad.uz