Bismillahir Rohmanir Rohiym
Cavol: Men bir paytlar o‘zim bilib yoki bilmagan holda boshqalarni haqlarini yeb qo‘yganman. Hozir ularni topishni ham ilojisi yo‘q. Chunki ularni tanimayman ham. Bu ishim noto‘g‘riligini endi anglab yetdim. Ularni qanday qilib rozi qilsam bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Birovlarning haqqini nohaqdan olgan kishi tavba qilmog‘i lozim bo‘ladi. Tavbasi o‘sha haqlarni o‘z egalarini topib berib, uni rozi qilish, qilgan gunohi uchun istig‘for aytishi bilan bo‘ladi. Haqdorni rozi qilmasa, tavbasi haqiqiy hisoblanmaydi. Hadisi shariflarda dunyoning o‘zida haqdorlarning haqqini ado qilib qo‘yishi borasida ko‘p marta ogohlantirilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Kim birovning sha’niga yoki biror narsasiga zulm qilgan bo‘lsa, uni bugun – dinor ham, dirham ham bo‘lmay qolishidan oldin – rozi qilib olsin. Agar solih amali bo‘lsa, undan qilgan zulmi miqdorida olinadi; yaxshiliklari bo‘lmasa, haq egasining yomonliklaridan olinib, bunga yuklatiladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Zimmadagi haqlarni avvalo egasi qidiriladi. Hozirgi kunda egasini topishning turli va qulay usullari bor. Topilgach, egalariga beriladi. Agar vafot etgan bo‘lsa, merosxo‘rlariga beriladi.
Agar haqdorni topishning iloji bo‘lmasa, uning nomidan kambag‘allarga sadaqa qilinadi. Ana shundan keyin egasi topilib qolsa, uning nomidan sadaqa qilib yuborganini aytadi. Haq egasi shunga rozi bo‘lsa, ish shu bilan bitadi. Agar haqini talab qilsa, haqini beradi va sadaqaning savobi o‘ziga bo‘ladi. “Tabyinul haqoiq” kitobida bunday deyilgan:
“(Olingan) narsalarning egasini bilsa, ularga qaytarib beradi. Bilmasa, sadaqa qilib yuboradi. Chunki nopok yo‘l bilan topilgan mablag‘ni egasini topishning iloji bo‘lmasa, sadaqa qilinadi”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
"Zamon" informatsion dasturi, "Sevimli" telekanali
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati