Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyun, 2025   |   16 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
20:00
Xufton
21:38
Bismillah
12 Iyun, 2025, 16 Zulhijja, 1446

Jahon sammitida O‘zbekiston tajribasi yuqori baholandi

11.11.2024   5757   8 min.
Jahon sammitida O‘zbekiston tajribasi yuqori baholandi

E’tirof

 

Dolzarb mavzuga bag‘ishlangan global sammit

Bugun butun dunyo go‘yo ko‘zda qalqqan bir tomchi achchiq yosh singari ulkan muammolar girdobida qolib ketyapti. Agar ko‘zni yumsa, yoshdan ayrilishi, yummasa, achchiq va sho‘r ashk ko‘zni achitgani singari iqlim o‘zgarishlari ham global muammo sifatida barchani birdek bezovta qilyapti.

Hozir jahon hamjamiyati iqlim o‘zgarishini insoniyat oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri deb tan olmoqda. Ayni davrda bu global muammo oqibatida insoniyat xo‘jalik faoliyatining barcha qirralari, xususan, qishloq xo‘jaligidan tortib energetika, transport harakati, zamonaviy nanotexnologiyalardan foydalanish va boshqa sohalarda zudlik bilan hal etishlishi shart bo‘lgan masalalarni kun tartibiga qo‘ymoqda.

Boz ustiga, qit’alar va yirik-yirik davlatlar misolida suv toshqinlari, bo‘ronlar, o‘rmon yong‘ini, cho‘llanish jarayonlari kuchayishi, zilzila kabi tahdidlar chindan-da dunyo afkor ommasini jiddiy o‘ylashga majbur qilmoqda.

Shu maqsadda joriy yilning 5-6 noyabr kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida BMTning iqlim o‘zgarishi konferensiyasi (UNFCCC COP29) doirasida Jahon diniy yetakchilari global sammiti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nufuzli tadbirda hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, taniqli diniy yetakchilar, olimlar va ekspertlarning 300ga yaqin vakili qatorida yurtimizdan O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Kamilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov ishtirok etdi.

Tadbirning birinchi kuni ishtirokchilar tomonidan global iqlim o‘zgarishining sabab va oqibatlari, tabiatni asrash, ekologik muammolarning oldini olish masalalari muhokama qilinib, bu borada barcha diniy konfessiyalar vakillari oldida turgan muhim vazifalar yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.

Anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Muzaffar Kamilov ma’ruza qilib, mintaqada, xususan, mamlakatimizda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini kamaytirish, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish va biologik xilma-xillikni yanada boyitish yuzasidan qilinayotgan sa’y-harakatlar, o‘ziga xos tajribalar haqida so‘z yuritdi. Jumladan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” loyihasi, unda turli diniy konfessiya va milliy markazlar vakillarining faol ishtiroki, loyiha doirasida har yili yurtimizda 200 million tup daraxt ekilib, yangi yashil hududlar barpo etilayotgani alohida ta’kidlandi.

Sammit ishtirokchilari tomonidan O‘zbekistondagi iqlim o‘zgarishining oldini olish borasidagi mazkur sa’y-harakatlar, yashil hududlarni ko‘paytirish borasidagi chora-tadbirlar va ilg‘or tashabbuslar yuqori baholandi.

Tadbirning ikkinchi kuni 30 ga yaqin diniy yetakchi va ulamoning ma’ruzalari tinglandi. Chiqishlarda iqlim o‘zgarishi insoniyat oldida turgan eng jiddiy muammolardan ekani, bu borada BMT konvensiyasining ahamiyati, atmosferaga issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish, o‘sib borayotgan global ekologik tahdidlarga kompleks javob qaytarishda jahon diniy yetakchilarining roli kabi mavzularda chiqishlar qilindi.

Xalqaro anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar ham so‘zga chiqib, yurtimizdagi  taniqli ulamolar, imom-xatiblar va soha xodimlari “Tabiat – Alloh taoloning omonatidir” shiori ostida targ‘ibot-tashviqot ishlarida, “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok etayotgani to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.

 

 

Manfaatli muloqot va uchrashuvlar

O‘zbekiston delegatsiyasi Jahon diniy yetakchilari global sammiti doirasida qator uchrashuv va muloqotlar o‘tkazdi. Jumladan, delegatsiya vakillari Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov bilan uchrashdi.

Muloqotda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatlarimizning an’anaviy yaqin va do‘stona munosabatlarini yanada mustahkamlash, ilm-fan, madaniyat va diniy-ma’rifiy sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda Jahon diniy yetakchilari global sammitining ahamiyati haqida so‘z yuritilib, mazkur tadbir xalqlar va turli din vakillari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga katta hissa qo‘shishi, bu borada qardosh mamlakatlar diniy yetakchilari o‘rtasidagi hamkorlik juda ham muhim ekani ta’kidlandi.

Ali Asadov o‘z so‘zida yurtimizda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni yuksak baholab, bundan keyin ham O‘zbekiston Ozabayjonning eng yaqin ishonchli hamkori bo‘lib qolishini ta’kidladi. Shuningdek, u O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Fuzuliy shahrida umumta’lim maktabi bunyod etilganini e’tirof etib, bu muhtasham maktabni ozarbayjon xalqiga tuhfa qilgani uchun davlatimiz rahbariga chuqur minnatdorlik izhor etdi.

Shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi Diniy tashkilotlar bilan ishlash davlat qo‘mitasi raisi Ramin Mamedov bilan uchrashuvda so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani, ozarbayjon xalqi o‘zbek xalqining do‘stona munosabatini doim his qilishi, boshqa sohalar kabi diniy-ma’rifiy sohada ham tajriba almashish o‘zaro manfaatli bo‘lishi ta’kidlandi.

O‘z navbatida, jamiyatda yot g‘oyalarga qarshi kurashish, masjidlar va imom-xatiblar faoliyatini samarali tashkil etish masalalarida hamkorlik ikki davlat uchun foydali bo‘lishiga alohida urg‘u qaratildi.

Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan yig‘ilishda Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda bilan ham suhbatda bo‘lindi.

Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish borasida davlat rahbarlari tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli islohotlar alohida e’tibor qaratildi..

Ollohshukur Poshshozoda joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekistonda Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishini yuqori baholadi. Shuningdek, suhbatda Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy soha rivoji, islom olamidagi buyuk allomalar merosini o‘rganish va jamoatchilikka yetkazishdagi jonbozligini alohida e’tirof etdi.

Uchrashuv yakunida shayxulislom hazratlari ikki mamlakat xalqi farovonligi, o‘zaro do‘stlik va qardoshlik aloqalarining rivojini tilab  duo qildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Rossiya muftiylar kengashi raisi Ravil Gaynuddin hamda Bahrayn Podshohlgigi Islom ishlari bo‘yicha oliy kengashi raisi Abdurahmon ibn Rashid al-Xalifa, Misr muftiysi Nazir Muhammad Ayyod, Misr vaqf ishlari vaziri Usoma Azhariy, Al-Azhar majmuasi vakili Muhammad Duvayniy, Musulmon donishmandlar kengashi bosh kotibi Muhammad Abdussalom, Italiya musulmonlari uyushmasi raisi Imom Yahyo Pallavichini, Mo‘g‘uliston muftiysi Batirbek Xadiys bilan ham muloqot qildi. Uchrashuvlarda xorijlik hamkorlar tomonidan so‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar alohida e’tirof etildi. Barcha uchrashuvlar iliq va do‘stona ruhda bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi sammit doirasida Fuzuliy va Shusha shahridagi bir qator tarixiy maskanlar ziyoratida bo‘ldi.

Anjuman yakunida Jahon diniy yetakchilari global sammiti deklaratsiyasi qabul qilindi. Hujjatda iqlim o‘zgarishlarining oldini olishda hamkorlik, ayniqsa, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini samarali tashkil etish, suvni tejash, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish kabi yo‘nalishlarda diniy-ma’rifiy soha xodimlarining targ‘ibot-tashqivot ishlarini yanada jadallashtirish lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, “Jahon dinlari yashil sayyora uchun” shiori ostida o‘tgan yig‘ilishda ishtirokchilar tomonidan quyidagi vazifalar belgilab olindi:

– global iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi, atrof-muhitning ifloslanishi, suv tanqisligi kabi umumjahon muammolar sabablarini o‘rganish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni jadallashtirish;

– iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha jamoatchilik muhokamalarida faol ishtirok etish;

– iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini kamaytirish, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish, tabiat va undagi ne’matlarning muqaddasligini keng jamoatchilikka yetkazishda diniy omillardan unumli foydalanish.

Shu bilan birga, diniy yetakchilar ushbu sammit tinchlikni asrash va nizo va ziddiyatlarni to‘xtatish chaqiriqlari uchun foydali va samarali platforma bo‘lib xizmat qilishiga katta umid bildirdi.

Xulosa shuki, global iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolarni bir yoki ikki davlatning sa’y-harakati bilan bartaraf etib bo‘lmaydi. Bunga barcha davlatlar hamjihatlikdagi harakati talab etiladi. Kelgusi avlodlar uchun musaffo osmon, go‘zal tabiat va uning bebaho ne’matlarini bekamu ko‘st yetkazish umuminsoniy burchimiz ekanini unutmasligimiz lozim.

Lutfulla SUVONOV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

 

Boshqa maqolalar

Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.

09.06.2025   5273   4 min.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.

Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...

Ushbu misralarni doim yodda tuting:

Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.

Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2],  deganlar.

Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.

Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.

Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.

Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.

Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – dey­di. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi.  Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.

Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.

Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.

Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.

Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.

Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4]dedilar. 

 


[1]  Isro surasi, 44-oyat.
[2]  Imom Muslim rivoyati.
[3]  Imom Termiziy rivoyati.
[4]  Imom Muslim rivoyati.