Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir yigit aytadi: "Kechki vaqt otam ishdan kelgach, onam dasturxonga taom tortti. Dasturxonga qo‘yilgan non bir oz kuygan edi... Otam taomni yer ekan, nonning kuyganiga parvo qilmas, aksincha onamga tabassum bilan boqar edi. Keyin mendan institutimda nimalar bo‘lgani haqida so‘radi. Men otamga qanday javob qaytarganimni eslay olmayman, ammo otamning kuygan nonni ovqatga botirib huzur bilan yeyayotganini eslayman. Ovqatlanib bo‘lgach men darslarimni tayyorlash uchun turganimda, onam otamdan nonni kuydirib qo‘ygani uchun uzr so‘radi.
Otam esa onamni yupatib: "Azizam, hecham hijolat bo‘lma, ba’zida meni kuygan non yegim kelib qoladi, bugun shunday bo‘ldi", dedi. Yotog‘imga kirishdan oldin otamga "xayrli tun" tilar ekanman, undan rostdan ham kuygan non yeyishni yoqtirasizmi, deb so‘radim. Otam menga tabassum ila shunday javob berdi: "O‘g‘lim, onang bugun qattiq charchagan va uy yumushlaridan toliqqan. Bilib qo‘y, ozgina kuygan non yegan bilan hech nima bo‘lmaydi. Hammamizda ham kamchilik bor, bu dunyoda hech bir odam mukammal emas. Biz ba’zi narsalarda kamchiliklarni qabul qilishni, boshqalarning nuqsonlarini tan olishni o‘rganishimiz kerak. Bu munosabatlarni mustahkam va uzoq davom etishiga olib boradigan eng muhim omillardan biridir.
Bir oz kuygan non tufayli qalbni sindirmaslik kerak. Odamlar bir-birlarini kechirishga va bir-birlarining kamchiliklarini ko‘rmaganga olishga, bunday may-chuyda narsalarga e’tibor bermaslikka o‘rganishlari lozim. Davomiy tanqid har qanday yaxshi narsani ham yomonga aylantiradi! Agar daraxt doimo shamolning bosimida qolsa, u barglarini ham, mevalarini ham to‘kib yuboradi. Xuddi shu kabi, odam ham doimiy tanqid ostida qolsa salbiy xususiyatga ega bo‘lib qoladi. Shunday ekan, sizlar ham bir-biringizning yaxshi sifatlaringizni aytib maqtang va xatolarni kechiring. Chunki go‘zal so‘zlar go‘yo kalitdek bo‘ladi, ular og‘izlarni yopadi va qalblarni ochadi".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Ramazon hayiti va Qurbon hayiti Islomning ikki ulug‘ bayramidir. Ularning har birida ulkan ma’naviy ma’nolar bo‘lib, musulmonlar hayotida alohida o‘rin tutadi. Xususan, Qurbon hayiti Islomda fidokorlik, sadoqat va bag‘rikenglik ramzi hisoblanadi.
Ushbu muqaddas bayram oldidan Davlatimiz rahbarining maxsus qarorlari qabul qilinishi, Ramazon va Qurbon hayiti sanalari dam olish kuni sifatida belgilanishi xalqimizning diniy ehtiyojlarini ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda ma’naviy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Qurbon hayiti Zulhijja oyining avvalgi o‘n kunida nishonlanadi. Ulamolar ta’kidlaganidek, Zulhijjaning avvalgi o‘n kuni Allohning eng mahbub kunlaridan biri bo‘lib, bu kunlarda qilinadigan amallar, ibodatlar, xayru saxovatlar juda ham ulug‘ hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo huzurida yaxshi amallar Zulhijjaning birinchi o‘n kunida qilinadigan amallardek afzalroq amal yo‘q”, — deb marhamat qilganlar. Shunday ekan, ushbu kunlarda yaxshi amallarga shoshilish, savobli ishlarga ulgurib qolish ayni muddaodir.
Qurbon hayitining fazilatlari amallaridan biri – qurbonlik qilish hisoblanadi. Qurbonlik, Islom dinida ahamiyati katta bo‘lgan amallardan biri bo‘lib, u Qurbon hayiti kunlarida Allohning roziligi uchun fidoiylik ifodasi o‘laroq jonliq so‘yishdir. Bu amal hazrati Ibrohim alayhissalom va payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilish, fidokorlik, sabr va taqvo kabi tushunchalarni ifoda etadi.
Qurbonlik qilish nafaqat insonning taqvosi, balki ijtimoiy mehr-oqibat, muhtojlarga g‘amxo‘rlik belgisidir. Qurbonlik go‘shti faqirlarga, qarindoshlarga, qo‘shnilarga tarqatilishi, ahillik va mehr-muhabbatni yanada mustahkamlaydi.
Qurbon hayiti — bu ahillik va mushtaraklikning ramzi bo‘lib, bu kunda musulmonlar o‘z qarindoshlari, qo‘shnilari, do‘stlarining holidan xabar oladilar, uzoqdagi yaqinlarini yo‘qlab borishga harakat qiladilar. Ayniqsa, keksa, bemor, yolg‘iz kishilar holidan xabar olish — dinimizda yuksak ajr hamda e’tiborga sazovor amal hisoblanadi.
Qurbon hayiti insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, mehru shafqatni uyg‘otadi, bayram munosabati bilan ehson qilish, bolalar va keksalarni xursand qilish kabi amallar nafaqat shaxsiy savob, balki jamiyatdagi yaxshilik muhitini yanada mustahkamlaydi.
Bu kunda imkoni bor insonlar kam ta’minlangan oilalar, yetimlar, ehtiyojmandlar holidan xabar olib, ularga xursandchilik ulashsalar, bu amalning savobi beqiyosdir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlarning o‘zaro do‘stliklari, rahm qilishlari va mehr ko‘rsatishlari xuddi bir jasadga o‘xshaydi. Undan bir a’zo xasta bo‘lsa, jasadning qolgani unga qo‘shilib bedor bo‘ladi va isitmalaydi”, — dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Azizlar, ayni kunlarda yurtimizdan 15 ming nafardan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning besh ustunidan biri bo‘lgan Haj ibodatini ado etishga taraddud ko‘rmoqdalar. Ular orasida yuzlab nuroniylar, onalarimiz, ustoz va ziyolilar bor. Bu har bir yurtdoshimizning qalbida quvonch uyg‘otadi. Ayniqsa, mamlakatimiz rahbari muhtaram Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazrat bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarimiz ahvolidan xabar olganelari, ularga muborak safarda to‘liq sharoit yaratilishi, Haj ibodatini xotirjam va mukammal ado etishlari uchun zarur ko‘mak va duolarini izhor etganlari katta voqea bo‘ldi.
Bu voqelik yurtimizda din va davlat munosabatlari yangi, barqaror va hamjihat zaminda qurilayotganidan dalolatdir. Bu – xalqimizning muqaddas qadriyatlariga hurmat, Islomning pok ta’limotiga bo‘lgan ehtirom namunasidir.
Bu kabi yuksak e’tiborlar yurtimizda din va davlat o‘rtasidagi muvozanatli munosabatning, xalqning e’tiqodi va qadriyatiga nisbatan hurmat va e’zozning amaliy namunasidir.
Muhtaram yurtdoshlar! Fursatdan foydalanib barchalaringizni iyd al-Azxo – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman. Yurtimiz tinchlikligi barqaror, xalqimiz totuvligi bardavom bo‘lsin, dinimiz yanada ravnaq topsin, xonadoningizdan fayzu baraka arimasin!
Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin!
Ubaydulloh Abdullayev,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi