Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446
Maqolalar

Kuygan non

12.11.2024   3201   2 min.
Kuygan non

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bir yigit aytadi: "Kechki vaqt otam ishdan kelgach, onam dasturxonga taom tortti. Dasturxonga qo‘yilgan non bir oz kuygan edi... Otam taomni yer ekan, nonning kuyganiga parvo qilmas, aksincha onamga tabassum bilan boqar edi. Keyin mendan institutimda nimalar bo‘lgani haqida so‘radi. Men otamga qanday javob qaytarganimni eslay olmayman, ammo otamning kuygan nonni ovqatga botirib huzur bilan yeyayotganini eslayman. Ovqatlanib bo‘lgach men darslarimni tayyorlash uchun turganimda, onam otamdan nonni kuydirib qo‘ygani uchun uzr so‘radi.

Otam esa onamni yupatib: "Azizam, hecham hijolat bo‘lma, ba’zida meni kuygan non yegim kelib qoladi, bugun shunday bo‘ldi", dedi. Yotog‘imga kirishdan oldin otamga "xayrli tun" tilar ekanman, undan rostdan ham kuygan non yeyishni yoqtirasizmi, deb so‘radim. Otam menga tabassum ila shunday javob berdi: "O‘g‘lim, onang bugun qattiq charchagan va uy yumushlaridan toliqqan. Bilib qo‘y, ozgina kuygan non yegan bilan hech nima bo‘lmaydi. Hammamizda ham kamchilik bor, bu dunyoda hech bir odam mukammal emas. Biz ba’zi narsalarda kamchiliklarni qabul qilishni, boshqalarning nuqsonlarini tan olishni o‘rganishimiz kerak. Bu munosabatlarni mustahkam va uzoq davom etishiga olib boradigan eng muhim omillardan biridir.

Bir oz kuygan non tufayli qalbni sindirmaslik kerak. Odamlar bir-birlarini kechirishga va bir-birlarining kamchiliklarini ko‘rmaganga olishga, bunday may-chuyda narsalarga e’tibor bermaslikka o‘rganishlari lozim. Davomiy tanqid har qanday yaxshi narsani ham yomonga aylantiradi! Agar daraxt doimo shamolning bosimida qolsa, u barglarini ham, mevalarini ham to‘kib yuboradi. Xuddi shu kabi, odam ham doimiy tanqid ostida qolsa salbiy xususiyatga ega bo‘lib qoladi. Shunday ekan, sizlar ham bir-biringizning yaxshi sifatlaringizni aytib maqtang va xatolarni kechiring. Chunki go‘zal so‘zlar go‘yo kalitdek bo‘ladi, ular og‘izlarni yopadi va qalblarni ochadi".
 

Homidjon domla ISHMATBЕKOV

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar

13.06.2025   15979   5 min.
Havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar

Musulmonlar Hunayn g‘azotida g‘alaba qozonishdi. Hunayn g‘azoti Shavvol oyida, hijratning sakkizinchi yili, Makka fathidan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan Havozin va Saqiyf qabilalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan edi. Jangda g‘alaba qozongan musulmonlar katta g‘animatga (o‘ljaga) ega bo‘ldilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu g‘animatlarni qalbi Islomga moyil bo‘lgan yangi musulmonlarga taqsimlab berdilar. Qavmning kattalari Abu Sufyon, Uyayna, Aqra’, Suhayl ibn Amr va boshqalarga ham berdilar.

Vaholanki, ular Quraysh mushriklarining eng kattalari bo‘lib, uzoq yillar Payg‘ambarimizga qarshi urushgan kishilar edi. Ushbu g‘animatlar taqsimlanishidan bir necha kun oldingina islomni qabul qilishgan edi. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ansorlarga (Madinalik sahobalarga) ushbu g‘animatlardan hech narsa bermadilar.

Holbuki, ular Islomni yoyish va Payg‘ambar alayhissalomni himoya qilish uchun qonlarini to‘kkan, jonlarini fido qilgan kishilar edi. Bu holat ularning qalblariga og‘ir botdi va xasratlanib shunday deyishdi: «Qilichlarimizning tig‘idagi dushmanning qoni hali qotgani yo‘q, ammo g‘animatlardan boshqalar bahramand bo‘ldi. Bizga esa, hech narsa berilmadi».

Bu borada Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu kelib Payg‘ambarimizga bo‘layotgan gaplar xaqida, odamlarning qalbidagi xafalikni aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Sa’d, sen bu haqda nima deysan?” dedilar. Sa’d: Men ham qavmim tarafidaman, deb javob berdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: Qavmingni mening huzurimga yig‘, dedilar. Ular to‘planganlaridan keyin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamjuda buyuk, nihoyatda ta’sirli, qalblarni jumbushga keltiruvchi, ko‘zlarni yoshga to‘ldiruvchi xutba qildilar.

U zot ularga muloyimlik va muhabbat bilan quyidagicha murojaat qildilar: “Ey ansorlar! Men sizlarni gumroh holda topmaganmidim? Alloh taolo men tufayli sizlarni hidoyat qilmadimi? Sizlar tarqoq va parokanda emasmidinglar, Alloh taolo men sababli sizlarni birlashtirmadimi? Sizlar faqir va muhtoj emasmidinglar, Alloh taolo men orqali sizlarni boy qilmadimi?”.

Har safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam savol bilan murojaat qilganlarida, ular: “Alloh va Uning Rasulidan minnatdormiz”, deb javob qaytarishardi.

So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Nima uchun menga javob qaytarmayapsizlar? dedilar. Ular yana: Alloh va Rasulidan minnatdormiz!, deyishdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar istasangiz, sizlarning ham shunday deyishga haqqingiz bor: “Siz bizning huzurimizga qavmingiz tomonidan inkor qilingan holda keldingiz, biz esa, sizni tasdiqladik. Siz qavmingiz tomonidan yolg‘onchiga chiqarilgan edingiz, biz sizga ishondik, imon keltirdik va sizga yordam berdik. Siz o‘z yurtingizdan quvildingiz, biz esa, sizga panoh berdik. Siz muhtoj holda keldingiz, biz esa, Sizni o‘z mol-mulkimizga sherik qildik”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu so‘zlarni aytganlarida ular: Alloh va Uning rasuligina bizlarga minnat qilishga haqli, deyishdi. Aslida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu so‘zlarni ularga tavozelik va insof yuzasidan aytgan edilar. Lekin, haqiqatan olganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minnat qilishga haqli edilar, ular har qancha minnatdor bo‘lsalar arziydi. Chunki agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Madinaga hijratlari bo‘lmaganida, ularning orasida yashamaganlarida, ularning boshqalardan farqlari bo‘lmas edi. Ansorlarning sha’ni yuksalmas edi, qadrlari ko‘tarilmas edi.

Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga qarab: “Ey ansorlar! Nima deb o‘ylaysizlar, boshqalar qo‘y va tuyalar bilan uylariga qaytsalar, sizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan uylaringizga qaytishni istamaysizlarmi? Bundan rozimasmisizlar?-dedilar.

Bu gapning naqadar ulug‘ligi, ansorlarning qalbiga yetib borishligini bilganlari uchun ham Rasululloh ularga g‘animatdan bermagan edilar.

So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Agar hijrat qilmaganimda, albatta men ansorlardan bo‘lar edim, agar odamlar bir vodiyda yursalar, men ansorlar yurgan yo‘llardan yurar edim, ansorlar men uchun ichki kiyimimdek, boshqalar esa tashqi kiyimimdek”, dedilar va: “Allohim ansorlarga rahmatingni yog‘dir, ularning farzandlariga va farzandlarining farzandlariga ham”, deb ularning haqqiga duo qildilar.

Bu so‘zlarni tinglagan ansorlarning ko‘zlaridan yoshlar to‘kildi, soqollari xo‘l bo‘ldi. Ular yig‘lagan holatda: Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni biz bilan bo‘lishlariga rozimiz, bizning g‘animatimiz, bizning ulushimiz bo‘lganlaridan rozimiz!” — deyishdi.

Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni kelajakda bo‘ladigan fitnalardan ogohlantirib shunday dedilar:

“Mendan keyin sizlar o‘zingizga nisbatan adolatsizlikni ko‘rasizlar, ammo sabr qilinglar. Mening havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar!”.

 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV