Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: «Safar qilinglar, salomat bo‘lasiz», deb marhamat qilganlar. Ajdodlarimiz ham azaldan safar qilishga targ‘ib etish bilan bir qatorda, qadimdan safar odoblariga katta e’tibor berilgan. Ulamolar safarning turlarini, foyda-zararini, safarda nima muhimu, nima mumkin emasligini batafsil bayon qilib berishgan.
Lug‘aviy va istilohiy ma’nosi
«Safar» so‘zi lug‘atda zohir bo‘lish, ko‘zga ko‘rinish degan ma’noni anglatadi, chunki safarda insondagi mavjud axloq yuzaga chiqadi.
Shar’iy istilohda esa safar deb, piyoda yoki tuyada uch kecha-kunduzlik masofani qasd qilib yo‘lga chiqishga aytiladi. O‘rtacha yurishda uch kecha-kunduzlik masofani bosib o‘tishni niyat qilib, o‘zi istiqomat qilayotgan shahar-qishloq uylarini ortida qoldirib yo‘lga chiqqan kishi musofir deyiladi.
Safarning joizligi
Safarning joizligiga Alloh taoloning kalomida hamda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida dalillar bisyor.
Alloh taolo Qur’oni Karimda marhamat qiladi: «Yer yuzida kezib yurganingizda namozni qasr qilishingizda sizlarga gunoh yo‘q...» (Niso surasi, 101-oyat).
Bu mavzuga oid hadisi shariflar ham juda ko‘p bo‘lib, quyida safarda namozni qasr qilish, safar odoblari, safarda o‘qiladigan duolar va shu kabi masalalar bilan bu borada kelgan rivoyatlar orqali tanishib chiqamiz.
Safarning foydalari
Safarning bir qancha foydalari bor:
1. Ilm olish;
2. Odob-axloq o‘rganish;
3. Ulug‘ insonlar bilan suhbatlashish;
4. Oliy maqsadlarga erishish;
5. Rizq topish;
6. Tan sihatlik;
7. Musofirning duosi qabul bo‘lishi.
Safarning hukmlari
1. Vojib safar. Masalan, barcha shartlari bajarilib, haj farz bo‘lgan kishiga hajni niyat qilib safarga chiqish vojibdir.
2. Mustahab safar. Masalan, umra amalini bajarish maqsadida safar qilish mustahabdir.
3. Harom safar. Alloh va Uning Rasuli sollallohu alayhi vasallam harom qilgan har qanday ishni qilish maqsadida safar qilish haromdir.
4. Muboh safar. Masalan, halol narsalarning tijorati uchun safar qilish mubohdir.
5. Makruh safar. Kishining yolg‘iz o‘zi, hamrohsiz safar qilishi makruhdir, lekin hamroh bilan safar qilishga imkon bo‘lmasa zarari yo‘q.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Odamlar yolg‘izlikda nimalar borligini men bilganchalik bilganlarida, birorta otliq kechasi yolg‘iz yurmas edi», deganlar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Safarning turlari
1. Ibrat safari. Alloh taoloning cheksiz qudratini va bizdan oldin yashab o‘tib, Allohning rahmatiga erishgan yoki Allohning qahriga duchor bo‘lib, qirilib ketgan qavmlarni, tarixiy joylarni ko‘rib, ibrat hosil qilish uchun qilingan safar – ibrat uchun qilingan safardir. Alloh taolo O‘zining Kalomida bunday safarga targ‘ib etib, shunday marhamat qiladi:
«Yer yuzida yurib, o‘zlaridan oldingilarning oqibati qanday bo‘lganiga qaramaydilarmi?! Ularning quvvati bulardan ko‘proq edi, bular yerga ishlov berib, uni obod qilgandan ko‘ra ko‘proq obod qilgan edilar. So‘ng ularga payg‘ambarlari ochiq-oydin oyatlar bilan keldilar. Alloh ularga zulm qilmas edi, lekin ular o‘zlariga zulm qilardilar» (Rum surasi, 9-oyat).
Iskandar Zulqarnaynning dunyo bo‘ylab qilgan safari shular jumlasidandir.
2. Haj safari. Qudrati yetgan kishi uchun bir necha shartlarni o‘z ichiga olgan, inson umrida bir marotaba qilishi farz bo‘lgan ushbu safarning hukmlari fiqhiy kitoblarda batafsil bayon etilgan.
3. Vatan himoyasi uchun safar. Holat va zamon taqozosi bilan bunday safar gohida farz, gohida vojib, gohida mustahab bo‘ladi. Bu haqda ham fiqh kitoblarida zikr etilgan.
4. Rizq talabidagi safar.
5. Tijorat safari. Alloh taolo Qur’oni Karimda tijorat safari haqida shunday marhamat qiladi:
«Robbingizdan fazl istashingizda sizlarga gunoh yo‘q. Arafotdan qaytib tushgach, Mash’arul-haromda Allohni zikr qiling. Ilgari adashganlardan bo‘lsangiz ham, sizni hidoyatga boshlagani uchun U Zotni zikr qiling» (Baqara surasi, 198-oyat).
6. Ilm talabidagi safar. Dunyo va oxiratda najot topish uchun ma’lum bir ilmni o‘rganish har bir musulmonga farzi ayndir, ya’ni bu har bir kishining zimmasiga farz bo‘lib, boshqalar bajarishi bilan undan soqit bo‘lmaydigan amaldir. Ba’zi ilmlarni o‘rganish esa farzi kifoyadir, ya’ni ma’lum bir qavmdan bir kishi ado qilsa, qolganlardan soqit bo‘ladigan amaldir.
Birinchi turdagi ilmni o‘rganish uchun safar qilish farzi ayndir.
Ikkinchi turdagi ilmni o‘rganish uchun safar qilish farzi kifoyadir. Bu narsa faqat diniy ilmlar emas, dunyoviy ilmlarga ham taalluqlidir. Masalan, sog‘liqni saqlash har bir kishiga farzdir. Bir jamiyat uchun tibbiyot ilmini o‘rganish farzi kifoyadir, ammo jamiyat ehtiyojiga yetarli darajadagi kishilar bu ilmni egallasa, boshqalardan bu farz soqit bo‘ladi.
7. Qabr ziyorati uchun safar qilish. Ba’zi insonlarni tirikligida ziyorat qilish barakotga sabab bo‘lganidek, vafotlaridan keyin ularning qabrlarini ziyorat qilish ham ulkan barakotlarga sabab bo‘ladi.
Sulaymon ibn Burayda roziyallohu anhumo otasidan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men sizlarni qabr ziyoratidan qaytargan edim. Endi ularni ziyorat qilaveringlar, lekin yomon so‘z aytmanglar», deganlar» (Ahmad rivoyati).
Imom G‘azzoliy rahimahulloh aytadi: «Bu hadis umuman har qanday qabrni nazarda tutgan bo‘lib, yaqindagi va uzoq masofadagi qabrlarni o‘z ichiga oladi».
8. Ta’ziya bildirish maqsadidagi safar. Hadislarda musibatga uchragan kishining g‘amiga sherik bo‘lish, unga tasalli berib, sabrga va Allohning huzuridagi savob va ajrdan umidvorlikka chaqirish uchun safarga chiqish targ‘ib qilingan.
Abdulloh ibn Abu Bakr ibn Muhammad ibn Amr ibn Hazm roziyallohu anhum otasidan, u bobosidan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qay bir mo‘min banda musibat yetgan birodariga ta’ziya izhor etsa, Qiyomat kuni Alloh taolo unga karomat libosini kiydiradi», deganlar» (Ibn Moja rivoyati).
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Musibat yetgan insonga ta’ziya izhor qilgan kishiga uning (musibat yetgan kishining) ajri mislicha savob beriladi», deganlar» (Termiziy rivoyati).
9. Yaqin do‘st va yor-birodarlarni ziyorat qilish niyatida safar. Bu haqda quyidagicha rivoyatlar kelgan:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Bir kishi o‘z qishlog‘idan boshqa qishloqdagi birodarining ziyorati uchun yo‘lga chiqdi. Alloh taolo uning yo‘liga bir farishtani qo‘ydi. Farishta uning (kelishini poylab) yo‘lida o‘tirdi. Kelgach, «Qayerga ketayapsan?» dedi. U kishi: «Alloh yo‘lida mana bu qishloqdagi birodarimni ziyorat qilmoqchiman», dedi. Farishta: «Unga beradigan qarzing bormi?» dedi. Banda: «Yo‘q, men uni Alloh yo‘lida yaxshi ko‘raman xolos», dedi. Farishta: «Men Allohning senga yuborgan elchisiman, sen uni yaxshi ko‘rganing kabi. Alloh ham seni yaxshi ko‘radi. U Zot meni senga mana shuni bildirish uchun yubordi», dedi» (Imom Ahmad rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim bemorni yoki Alloh yo‘lida do‘stlashgan do‘stini ziyorat qilsa, bir nido qiluvchi: «Yaxshi bo‘lding, qadaming qutlug‘ bo‘ldi, jannatdan o‘zingga joy hozirlading», deydi», deb marhamat qilganlar» (Imom Termiziy rivoyati).
Abdumannon Abdulloh
«Hilol» jurnali 5(61) son
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
1. Makka.
«Makka»ning lug‘aviy ma’nosi halok etdi, noqis qildi, demakdir. Bu yurtning Haram deb nomlanishiga sabab — u gunohlarni kamaytiradi va ularni yo‘q qiladi yoki u yerda zulm qilgan kishi halok etiladi. Ya’ni, u zo‘ravonlarni halok qiladi, g‘ururlarini ketkazadi.
2. Bakka.
Alloh taolo Qur’oni Karimda marhamat qiladi: «Odamlarga muborak, olamlarga hidoyat qilib qo‘yilgan birinchi uy Bakkadagi uydir» (Oli Imron surasi, 96-oyat).
«Bakka» so‘zining lug‘aviy ma’nosi buzish, ajratish, bekor qilish, iftixorni rad qilish, pasaytirish, bo‘ysundirish, deganidir. Makkaning Bakka deb nomlanishi u yerda odamlarning izdihom qilib to‘planishi yoki Makka zo‘ravonlarining bo‘yinlarini egish ma’nosi borligi sababidandir. Zero, Alloh taolo zo‘ravonning g‘ururini sindirganidan keyingina u Makkani qasd qiladi. Makka mutakabbirlarining g‘ururini pasaytirish ma’nosidadir. Bakka deganda iroda qilinadigan joy haqida to‘rtta qavl bor:
- u Ka’ba joylashgan o‘rinning ismidir;
- u Baytullohning atrofi, Makka va uning yonidagi joylardir;
- u masjid va Baytullohning nomidir;
- Makka – haramning hammasi uchun qo‘yilgan ism. Albatta, Bakka – bu Makka deganidir. («Zod al-Musir fi ilmit-tafsir», «Qomus al-Muhit»)
3. Ummul-Quro.
Alloh taolo Qur’oni Karimda aytadi:
«Bu (Qur’on) bir muborak, o‘zidan oldingi kitoblarni tasdiqlaydigan, barcha qishloqlarni (va shaharlarning) onasi – markazi bo‘lmish (Makka ahlini) hamda uning atrofidagi kishilarni (oxirat azobidan) ogohlantirishingiz uchun O‘zimiz nozil qilgan Kitobdir» (An’om surasi, 92-oyat).
Makka — qishloqlarning onasi. Uning bunday deb nomlanishi haqida ham to‘rtta so‘z bor:
- Yer Makkaning pastki qismidan tekislangan. U yerning kindigida va dunyoning o‘rtasida joylashgandir. Ya’ni, yer kurrasi sathidagi quruqlikdir. Makkai Mukarrama atrofida yer yuzi tartib bilan taqsimlangan. Makka quruq yerning markazi hamda yer kurrasi sathidagi barcha shaharlardan namoz uchun yuzlaniladigan tomondir.
Ilmiy falakiyot tadqiqotlari Makkai Mukarramaning ko‘ksiga bino etilgan Ka’ba Yerning markazida, deb isbotlagan.
- U yer eng qadimiy joydir.
- Ka’ba barcha odamlar yuzlanadigan qibladir.
- U obro‘-e’tibor jihatidan qishloqlarning eng buyugidir.
4. Al-Balad.
Bu yerda «balad» so‘zidan maqsad Makkadir.
5. Baladul amin.
Ibn Javziy: «Bundagi shahar Makkai Mukarramadir. Johiliyatda ham, Islomda ham qo‘rqoqlar bu shaharda omon yurishgan», deganlar.
6. Baldatu.
Ibn Javziy: «U Makka shahri», deb aytganlar.
7. Haroman amina.
Bu shahar tarix mobaynida qanday din yoki mazhab bo‘lishidan qat’i nazar, tinch-osoyishta bo‘lib kelgan. U yerga faqat ehromdagina kirilgan. Agar biror xavf yetgudek bo‘lsa, o‘sha tinch joyga qochib kirishgan. Bu osoyishtalik nafaqat inson, balki hayvonot va nabototni ham o‘z ichiga olgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu haqda: «Albatta, bu shahar yeru osmon xalq qilinganidan beri Alloh u yerda (hayvon ovlash, o‘simlikni payhonlashni) harom qilgan», deganlar.
To qiyomat kunigacha Alloh harom etgani sababli u yerda biror tikanni uzish yoki ovni haydab ketish haromdir.
8. Vodin g‘oyri ziy zar’in.
Ibn Javziyning aytishlaricha, «ekin o‘smaydigan vodiy» Makka shahri bo‘lib, u yerda ekin o‘smaydi, suv ham bo‘lmaydi.
9. Ma’ad.
Ibn Abbos aytadilar: «Ya’ni, sizni Makkaga, albatta, qaytarguvchidir».
10. Qorya.
Ibn Javziy: «Qishloqdan murod, Makka shahridir», deganlar.
11. Masjidul Harom.
Bundan to‘rt ma’no nazarda tutiladi:
- Ka’ba;
- Ka’ba va uning atrofidagi masjid;
- Makkaning jamiki joyi;
Qatoda: «Masjidul Harom Makkadir», dedilar.
- Haramning barcha joyi;
Ibn Abbos va Ato: «U Haramning jamiki yeridir», deyishgan.
«Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi, haj va umra manosiklari» kitobidan.