Sayt test holatida ishlamoqda!
26 May, 2025   |   28 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:48
Xufton
21:21
Bismillah
26 May, 2025, 28 Zulqa`da, 1446

Do‘stlik va og‘izbirchilikni mustahkamlovchi shodiyona

13.11.2024   4002   5 min.
Do‘stlik va og‘izbirchilikni mustahkamlovchi shodiyona

Bag‘rikenglik haftaligi

O‘zbekiston – bag‘rikeng mamlakat. Unda turli millat va elat vakillari asrlar davomida ahil-inoq yashab kelgan. Qiyin kunlarda bir-biriga yordam berib, quvonchli damlarda shodligiga sherik bo‘lgan. Bag‘rikenglik xalqimiz uchun shunchaki umuminsoniy xislat bo‘libgina qolmay, davlat darajasida e'tibor qaratiladigan qadriyat hamdir.


BMT Bosh Assambleyasi qaroriga ko‘ra, 1997-yildan buyon har yili butun dunyoda 16-noyabr Xalqaro bag‘rikenglik kuni sifatida nishonlanadi. Bu sanani yurtimizda ham nishonlash yaxshi an'anaga aylangan. 2019-yildan buyon ushbu sanaga bag‘ishlab tadbirlar tashkil etiladi. 


Bugun O‘zbekiston jahon mamlakatlari uchun bag‘rikenglik namunasini o‘zida mujassam etgan davlat sifatida namoyon bo‘lmoqda. Davlatimizning bu boradagi ko‘p asrlik tajribasi, millatimizga xos bag‘rikenglik Markaziy Osiyo va boshqa rivojlangan mamlakatlar uchun andaza bo‘lib xizmat qiladi, desak mubolag‘a emas. 


Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mi tasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita qator tashkilotlar bilan hamkorlikda Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlab mamlakatimizda “Bag‘rikenglik haftaligi”ni o‘tkazmoqda. Haftalik doirasida davra suhbatlari, konferensiyalar, fotoko‘rgazma va boshqa madaniy-ma'rifiy, ilmiy-amaliy tadbirlar tashkil etilishi belgilangan. 


Haftalikni o‘tkazishdan asosiy maqsad fuqarolik burchi, mas'uliyatini anglash, vatanparvarlik, sha'n va qadr-qimmat, shuningdek, bag‘rikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyatini mustahkamlash orqali aholi, jumladan, bolalar va yoshlarning jamiyat rivojidagi ishtirokini faollashtirish, millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bag‘rikenglik hissini yanada kuchaytirishga hissa qo‘shishdir. 


Haftalikning ilk tadbiri O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Media marka zida mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta'minlash, xorijiy davlatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirish borasidagi ishlar yuzasidan “O‘zbekiston — bag‘rikeng diyor” mavzusida Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi bilan boshlandi.


Press-klub sessiyasida qator tashkilotlar, milliy madaniy markazlar rahbarlari va konfessiya vakillari ishtirok etdi. Spikerlar mamlakatimizdagi millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik siyosatiga yuqori baho berib, “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida bo‘lib o‘tadigan tadbirlar xalqlarimiz orasidagi do‘stlik rishtalari, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta'kidladi. 


Xalqaro press-klub sessiyasidan so‘ng “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida turli millat va diniy konfessiya vakillari ishtirokida Mustaqillik monumentiga gulchambar qo‘yish tadbiri bo‘lib o‘tdi.


Haftalik dasturiga ko‘ra, yurtimizning barcha hududida turli tadbirlar o‘tkazili shi belgilangan. Davlat umumta'lim mak tablarida “Milliy an'ana va udumlar” ko‘rgazmalari, “Bag‘rikenglik – mening nazdimda” mavzusida insholar tanlovi, “Mening bag‘rikeng dunyom” mavzusida rasmlar tanlovi hamda bag‘rikenglikni targ‘ib qiluvchi she'rxonlik kechalari o‘tkaziladi. 


Davlat oliy ta'lim muassasalarida “Biz – bir mamlakatda yashayotgan yagona xalqmiz”, “Diniy ma'rifat va millatlararo bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi sharti”, “Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik – umrboqiy qadriyatlar” mavzularida davra suhbatlari, “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” mavzusida ilmiy-amaliy va ma'rifiy tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. 


Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar)lardagi xiyobon va sayilgohlarda “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” shiori ostida madaniy tadbirlar, qardosh xalqlar yozuvchi, shoir va rassomlarining badiiy asarlari ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tadi. 


O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda nodavlat telekanallar orqali o‘zbek xalqining bag‘rikengligi, mehmondo‘st va tinchliksevarligi hamda buyuk ajdodlar merosiga bag‘ishlangan badiiy va hujjatli filmlar namoyishi ko‘zda tutilgan.


Guldana Avezdurdiyeva, 

Respublika turkman madaniyat markazi raisi:

– Bag‘rikenglik O‘zbekistondagi turli millatlar hamjihatligi, birdamligi ifodasidir. Tarixga nazar solsak, o‘zbek xalqining bag‘rikengligi o‘ziga xos qadriyatga aylanib ulgurgan. Albatta, bu qadriyatning munosib davom ettirilishi, kelajak avlodga o‘z holicha yetkazilishi bugunning talabi. Haftalikning yuqori saviyada o‘tkazilayotgani, hech shubhasiz, millatlarimiz orasidagi totuvlikni yanada rivojlantiradi, mehr oqibatni yanada mustahkamlaydi. 

Fursatdan foydalanib, Respublika turkman madaniyat markazi hamda O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turkman millati vakillari nomidan barcha vatandoshlarni bayram bilan samimiy muborakbod etaman. Do‘stligimiz, hamjihatligimiz hamisha barhayot bo‘lsin!


Yeji Matsulevich, 

O‘zbekistondagi Rim-katolik cherkovi yepiskopi: 

– Ilgari Xalqaro bag‘rikenglik kuni faqat bir kun nishonlangan bo‘lsa, hozir butun haftalik doirasida bayram qilinmoqda. Bu ham O‘zbekistonning qanchalik bag‘rikeng mamlakat ekanini ifoda etadi. Qolaversa, butun millat, elat hamda turli din vakillari ahil va totuv yashayotganini ko‘rsatadi. Mazkur bayram bilan butun O‘zbekiston ahlini muborakbod etaman.

Jonibek ALIJONOV, 

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2024-yil 13-noyabr, 230-son

Boshqa maqolalar

Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish – Islomdagi mas’uliyat va odob

23.05.2025   5626   3 min.
Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish – Islomdagi mas’uliyat va odob

Har bir musulmon uchun hayotning har bir jabhasida Islom axloqiga amal qilish farz sanaladi. Buning ichiga yo‘lda harakatlanish, piyoda va haydovchi sifatida qoidalarga rioya qilish ham kiradi. Islom dini faqat ibodatlar bilan cheklanib qolmaydi, balki jamiyatda tinch-totuv yashash va boshqalarning huquqlarini hurmat qilishni ham talab qiladi.


1. Javobgarlik hissi — haydovchining odobi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi boshqalarga zarar yetkazmaydi va zarar ham ko‘rmaydi” (Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyati).

Ushbu hadisga ko‘ra, haydovchi yo‘lda boshqalarning hayotiga, salomatligiga tahdid soluvchi harakatlardan ehtiyot bo‘lishi lozim. Yo‘ldagi har bir harakatimiz boshqalarga ta’sir qilishi mumkin.


2. Qoidalarga rioya qilish — itoat va omonat.

Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!” (Niso surasi, 59-oyat).

Hukumat tomonidan belgilangan yo‘l qoidalari kishilarning xavfsizligi uchun joriy qilingan. Ularga itoat qilish – Islom ta’limotiga muvofiq harakat qilishdir.


3. Shoshilmaslik va sabr - hayotni saqlab qolish vositasidir.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Xotirjamlik Allohdan va shoshilish shaytondandir” (Imom Termiziy rivoyati).

Yo‘lda shoshish, qonunni buzish, ortiqcha tezlik bilan harakatlanish –haydovchining nafaqat o‘z hayotiga, balki boshqalar hayotiga ham xavf tug‘diradi.


4. Qo‘pollikdan ehtiyot bo‘lish va yo‘ldagi odob.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yo‘l odoblari haqida: “Yo‘llarda o‘tirishdan saqlaninglar!” deganlar.

Shunda “Bizning yo‘lda o‘tirishdan boshqa ilojimiz yo‘q, chunki gaplashadigan majlislarimiz yo‘llarda bo‘ladi”, deyishdi.

U zot alayhissalom: “Agar yo‘lda o‘tirishdan boshqaga ko‘nmasangiz, u holda yo‘lning haqini ado etinglar”, dedilar. Ular: “Yo‘lning haqi nima?” deb so‘rashdi.

U zot alayhissalom: “Yo‘lning haqqi ko‘zni tiyish, ozor yetkazishdan tiyilish, salomga alik olish, ma’ruf ishlarga buyurish va munkar ishlardan qaytarish”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Bugungi kunda bu odoblar haydovchilar va piyodalar uchun ham dolzarbdir. Yo‘lda hurmat va odobni saqlash, yo‘l berish, o‘zgalarni haqorat qilmaslik – musulmonning odobidir.


5. Huquqqa rioya qilish — boshqalarga yordam

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim dunyoda bir mo‘minni dunyo g‘amlaridan birini yengillatsa, Alloh taolo uning dunyo va oxirat g‘amlarini yengillatadi. Kim bir mo‘minning qiyinchiligini osonlashtirsa, Alloh taolo o‘sha insonni dunyo va oxiratda mushkulini oson qiladi” (Imom Muslim rivoyati).

Yo‘lda boshqalarga yordam berish — masalan, haydovchi bo‘lsangiz, qariya yoki nogironni olib o‘tish, mashinangizda yordamga muhtoj kishini olib borish – savobli amaldir.


Xulosa:

Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish faqat davlat talabiga amal qilish emas, balki Islom axloqi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilishdir. Har bir musulmon harakatda ham, niyatda ham odobli, mas’uliyatli va salbiy oqibatlarni oldindan o‘ylaydigan inson bo‘lishi lozim.

Manbalar asosida
Ilyos Ahmedov tayyorladi.