Bag‘rikenglik haftaligi
O‘zbekiston – bag‘rikeng mamlakat. Unda turli millat va elat vakillari asrlar davomida ahil-inoq yashab kelgan. Qiyin kunlarda bir-biriga yordam berib, quvonchli damlarda shodligiga sherik bo‘lgan. Bag‘rikenglik xalqimiz uchun shunchaki umuminsoniy xislat bo‘libgina qolmay, davlat darajasida e'tibor qaratiladigan qadriyat hamdir.
BMT Bosh Assambleyasi qaroriga ko‘ra, 1997-yildan buyon har yili butun dunyoda 16-noyabr Xalqaro bag‘rikenglik kuni sifatida nishonlanadi. Bu sanani yurtimizda ham nishonlash yaxshi an'anaga aylangan. 2019-yildan buyon ushbu sanaga bag‘ishlab tadbirlar tashkil etiladi.
Bugun O‘zbekiston jahon mamlakatlari uchun bag‘rikenglik namunasini o‘zida mujassam etgan davlat sifatida namoyon bo‘lmoqda. Davlatimizning bu boradagi ko‘p asrlik tajribasi, millatimizga xos bag‘rikenglik Markaziy Osiyo va boshqa rivojlangan mamlakatlar uchun andaza bo‘lib xizmat qiladi, desak mubolag‘a emas.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mi tasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita qator tashkilotlar bilan hamkorlikda Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlab mamlakatimizda “Bag‘rikenglik haftaligi”ni o‘tkazmoqda. Haftalik doirasida davra suhbatlari, konferensiyalar, fotoko‘rgazma va boshqa madaniy-ma'rifiy, ilmiy-amaliy tadbirlar tashkil etilishi belgilangan.
Haftalikni o‘tkazishdan asosiy maqsad fuqarolik burchi, mas'uliyatini anglash, vatanparvarlik, sha'n va qadr-qimmat, shuningdek, bag‘rikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyatini mustahkamlash orqali aholi, jumladan, bolalar va yoshlarning jamiyat rivojidagi ishtirokini faollashtirish, millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bag‘rikenglik hissini yanada kuchaytirishga hissa qo‘shishdir.
Haftalikning ilk tadbiri O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Media marka zida mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta'minlash, xorijiy davlatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirish borasidagi ishlar yuzasidan “O‘zbekiston — bag‘rikeng diyor” mavzusida Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi bilan boshlandi.
Press-klub sessiyasida qator tashkilotlar, milliy madaniy markazlar rahbarlari va konfessiya vakillari ishtirok etdi. Spikerlar mamlakatimizdagi millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik siyosatiga yuqori baho berib, “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida bo‘lib o‘tadigan tadbirlar xalqlarimiz orasidagi do‘stlik rishtalari, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta'kidladi.
Xalqaro press-klub sessiyasidan so‘ng “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida turli millat va diniy konfessiya vakillari ishtirokida Mustaqillik monumentiga gulchambar qo‘yish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Haftalik dasturiga ko‘ra, yurtimizning barcha hududida turli tadbirlar o‘tkazili shi belgilangan. Davlat umumta'lim mak tablarida “Milliy an'ana va udumlar” ko‘rgazmalari, “Bag‘rikenglik – mening nazdimda” mavzusida insholar tanlovi, “Mening bag‘rikeng dunyom” mavzusida rasmlar tanlovi hamda bag‘rikenglikni targ‘ib qiluvchi she'rxonlik kechalari o‘tkaziladi.
Davlat oliy ta'lim muassasalarida “Biz – bir mamlakatda yashayotgan yagona xalqmiz”, “Diniy ma'rifat va millatlararo bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi sharti”, “Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik – umrboqiy qadriyatlar” mavzularida davra suhbatlari, “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” mavzusida ilmiy-amaliy va ma'rifiy tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar)lardagi xiyobon va sayilgohlarda “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” shiori ostida madaniy tadbirlar, qardosh xalqlar yozuvchi, shoir va rassomlarining badiiy asarlari ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda nodavlat telekanallar orqali o‘zbek xalqining bag‘rikengligi, mehmondo‘st va tinchliksevarligi hamda buyuk ajdodlar merosiga bag‘ishlangan badiiy va hujjatli filmlar namoyishi ko‘zda tutilgan.
Guldana Avezdurdiyeva,
Respublika turkman madaniyat markazi raisi:
– Bag‘rikenglik O‘zbekistondagi turli millatlar hamjihatligi, birdamligi ifodasidir. Tarixga nazar solsak, o‘zbek xalqining bag‘rikengligi o‘ziga xos qadriyatga aylanib ulgurgan. Albatta, bu qadriyatning munosib davom ettirilishi, kelajak avlodga o‘z holicha yetkazilishi bugunning talabi. Haftalikning yuqori saviyada o‘tkazilayotgani, hech shubhasiz, millatlarimiz orasidagi totuvlikni yanada rivojlantiradi, mehr oqibatni yanada mustahkamlaydi.
Fursatdan foydalanib, Respublika turkman madaniyat markazi hamda O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turkman millati vakillari nomidan barcha vatandoshlarni bayram bilan samimiy muborakbod etaman. Do‘stligimiz, hamjihatligimiz hamisha barhayot bo‘lsin!
Yeji Matsulevich,
O‘zbekistondagi Rim-katolik cherkovi yepiskopi:
– Ilgari Xalqaro bag‘rikenglik kuni faqat bir kun nishonlangan bo‘lsa, hozir butun haftalik doirasida bayram qilinmoqda. Bu ham O‘zbekistonning qanchalik bag‘rikeng mamlakat ekanini ifoda etadi. Qolaversa, butun millat, elat hamda turli din vakillari ahil va totuv yashayotganini ko‘rsatadi. Mazkur bayram bilan butun O‘zbekiston ahlini muborakbod etaman.
Jonibek ALIJONOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2024-yil 13-noyabr, 230-son
#Maqola #Ixtilof #G‘uluv
Islomda "g‘uluv" din ilmini anglashda haddan oshishdir. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: "Ayting: "Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!" (Moida surasi, 77-oyat).
Rasululloh alayhissalom "Alloh taolo shariatda ziyoda chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar", deb uch marta aytishlarida, dinda haddan tashqari ziyodalik qilish insonni halok qilish bilan teng ekanligidan ogohlantirmoqdalar.
Dinda g‘uluvga ketish musulmon jamiyatlarida ixtilof va guruhbozlikka, fitnaga va oxir-oqibat aqidaning buzilishiga olib keladi. Islom tarixida xavorij, mo‘tazila va boshqa oqim va toifalarning vujudga kelishi ham, asosan, dinda g‘uluvga ketish natijasida sodir bo‘lgan.
Ayni vaqtda, g‘uluvga berilganlar dinni o‘ta og‘ir va mashaqqatli tushuntirganlari bois odamlar to‘g‘ri yo‘ldan adashib, undan bezib qoladilar. Dinda g‘uluvga ketish haqida so‘z yuritilganda aqidaparast oqimlarning aqidaviy masalalarda g‘uluvga ketganlari va ularning xatolari hamda bu e’tiqodlari sof islomiy ta’limotlarga naqadar zid ekanini eslamasdan iloji yo‘q.
G‘uluvga ketish, sarkashlik, itoatsizlik, manmansirash kabi illatlardan xoli bo‘lgan o‘tmish ajdodlarimiz dinimizni asrab-avaylab, bizgacha yetkazdilar. Shunday ekan, dinning musaffoligini asrash va uni kelajak avlodga asl xolicha yetkazish bizning vazifamizdir.
Abdug‘offor Hakimov, Mingbuloq tumani "Qo‘sh qishloq" jome masjidi imom-xatibi