Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday ogoh etadi:
وَلَا تَقْرَبُوا الزِنَحَ إِنَّهُ كَانَ فَاحِشَةً وَسَاءَ سَبِيلًا
«Zinoga aslo yaqinlashmang. Shubhasiz, u fahsh va eng yomon yo‘ldir» (Isro surasi, 32-oyat).
Zinoda uchta – shar’iy, ijtimoiy va aqliy qabohat jam bo‘lgan. Shuning uchun ham unga yaqin borish, uning sabablarini yuzaga keltirish qattiq man qilinyapti.
Haqiqat shuki, jamiyatning fasodi va izdan chiqishida zinoning ta’siri juda katta. Buzuqlik yaxshi axloq va madaniyatning asosiga nish uradi. Iffat va pokizalik mahkam turgan vaqtdagina jamiyat mustahkam bo‘ladi.
Solih jamiyatning asosi solih xonadondir. Solih xonadon yaxshi fitriy hislar bilan birga, toza qon, toza nasab va pok qarindoshlik asosiga qoim bo‘ladi. Agar unday bo‘lmasa, xonadon emas, balki fitriy, ma’naviy hislardan butkul mahrum hayvonlarning galasiga aylanadi. Qur’oni Karim zinoning zararlari kattaligi tufayli unga ko‘p ahamiyat bergan va shunday lafzlar ila man qilganki, u lafzlar buzuqlikning barcha yo‘llari va sabablariga to‘siq bo‘ladi.
Alloma Ibn Qayyim rahmatullohi alayh bunday deydilar: «Zino fasodlar va jinoyatlarning eng boshida turadi. U tufayli ommaviy intizom barbod bo‘ladi».
Zino sababidan nasab, iffat va poklikni saqlab bo‘lmaydi. O‘zaro adovat va fasod kuchayib boradi. Ayni shu sababdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni katta gunohlardan deb sanaganlar.
Imomi Ahmad rahmatullohi alayh shunday deydilar: «Birovni sababsiz o‘ldirishdan keyingi eng katta gunoh zinodir».
Zino barcha yomonliklarning o‘chog‘idir. U din, yaxshilik, isloh va taqvo – barchasiga zarar yetkazadi. Zinokor odam dindor bo‘lolmaydi, taqvodor, sodiq, vafodor, rashkli va omonatdor ham bo‘lolmaydi. Zino bilan bevafolik, dayuslik, yolg‘on, xiyonat va behayolik chambarchas bog‘liqdir. Inson qalbiga, dindorligiga zarar yetkazishda, Alloxdan va yaxshiliklardan uzoq qilishda shirkdan keyin zino turadi. Kur’onda zinokorlar «xobis» (nopok) deb hukm qilingan. Inson qalbini barbod qilish va tavhid asoslarini qulatishda zinoning ta’siri katta ekani ochiq-oydin bayon qilingan. Zino va yarim yalang‘ochlik odati insonni iymon va Allohning rahmatidan uzoq qilib qo‘yadi.
Zino naqadar og‘ir gunoh ekanini Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahoba va sahobiyalardan bay’at olganlarida, zinodan saqlanish ahdini ham olganlaridan bilish mumkin. Qur’oni Karimda bunday deyiladi: «Ey Nabiy! Agar mo‘minalar senga Allohga hech narsani shirk keltirmaslik, o‘g‘rilik qilmaslik, zino qilmaslik, farzandlarini o‘ldirmaslik, qo‘llari va oyoqlari orasidan bo‘hton to‘qib keltirmaslik va senga ma’rufda isyon qilmaslikka bay’at qilib kelsalar, ularning bay’atlarini qabul qil. Va Allohdan ular uchun mag‘firat so‘ra. Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir» (Mumtahana surasi, 12-oyat).
Hazrati Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Sahobalarning bir jamoasidan Nabiy sollallohu alayhi vasallam bay’at qabul qildilar va shirk keltirmaslik, o‘g‘irlik qilmaslik, zino qilmaslik, farzandlarini qatl etmaslik, bo‘hton qilmaslik va itoatsizlik qilmaslikka ochiq-oydin ahd oldilar» («Mishkotul masobiyh»).
Hazrati Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo aytadilarki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobai kiromlarga bunday dedilar: «Men sizlardan shirk keltirmaslik, Alloh mukarram qilgan biror jonni o‘ldirmaslik, zino qilmaslik, xamr ichmaslik sharti ila bay’at qabul qilaman. Kim bu gunohlardan birortasini qilmasa, men uning uchun jannat kafolatini beraman» («Sahihi Muslim»).
Hazrati Umayma binti Ruqayqa roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Men sendan shirk keltirmaslik, farzandlaringni o‘ldirmaslik, biror bo‘hton to‘qib keltirmaslik, azada diydiyo qilmaslik, johiliyatdagi kabi ziynatlaringni namoyon etmaslik sharti ila bay’at qabul qilaman», dedilar («Musnadi Ahmad»).
Bir hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Men sizlarga eng ko‘p qo‘rqadigan narsa zinodir», dedilar. Chunki zino la’natga mubtalo bo‘lishdir («At targ‘ibu vat tarhib»).
«Badnazarlik va zinodan saqlanish» kitobi asosida tayyorlandi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ro‘za tutish uchun saharlikka turish mustahab amal ekanligiga butun ummat ijmo’ qilgan. Uni tark qilgan gunohkor bo‘lib qolmaydi, albatta.
Imom Buxoriy va Imom Muslim Anas roziyallohu anhudan qilgan rivoyatlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deb marhamat qilganlar:
تسحروا فانّ السحور بركة
«Saharlik qilinglar! Zero, shak yo‘qki, saharlik barakadir!».
Miqdom ibn Ma’dikaraba roziyallohu anhu rivoyatida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Bu saharlikni o‘zingizga lozim tutinglar! Zero, bu muborak oziqdir», dedilar.
Imom Nasoiy rivoyat qilgan.
Barakaning sababi ro‘zador quvvatli bo‘ladi, xursand bo‘ladi, ro‘za tutishi oson bo‘ladi. Boz ustiga, oxiratdagi savobi ham bor.
Shuning uchun saharlik qilish kerak. U ozgina taom, garchi bir qultum suv bo‘lsa ham kifoya qiladi.
Imom Ahmad Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar:
السحور بركة فلا تدعوه ولو ان يجرع احدكم جرعة ماء فانّ الله وملائكته يصلون على المتسحرين
«Saharlik barakadir. Shuning uchun, hech biringiz uni bir qultum suv ichib bo‘lsa ham tark qilmanglar. Zero, Alloh taolo va uning farishtalari saharlik qiluvchilarga salovot ayturlar».
Saharlik qilishning vaqti tun yarmidan boshlab to tong otgungachadir. Lekin, kechiktirib saharlik qilish avlodir. Ya’ni, tong otishidan sal oldin saharlik tugatilishi yaxshiroq.
Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu aytadilar: Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga saharlik qilar edik. So‘ng namozga turar edik. «Ikkovining orasi qancha vaqt edi?» – deb so‘raldi.
U: «Ellik oyat o‘qish miqdoricha edi», dedi.
Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan.
Tobeinlardan Amr ibn Maymunadan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning as'hoblari odamlar ichida iftorga eng shoshadigani, saharlikni eng kechiktiradigani bo‘lgan ekanlar.
Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan.
Ammo, shuni bilmoq kerakki, saharlikni kechiktirganda, agar tong otib ketdi, degan gumon bo‘ladigan bo‘lsa, unda yeb-ichib o‘tirish makruh bo‘ladi. Tong otgani aniq bo‘lganda yeyish esa, ro‘zani buzadi.