Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446

Otasining ismi bilan mashhur bo‘lgan qori

13.11.2024   3783   2 min.
Otasining ismi bilan mashhur bo‘lgan qori

Misrda Xalil degan bir bo‘yrachi inson bo‘lgan ekan. Bilamizki, hozir bo‘yra kabi narsalar ishlatilmaydi. Oldingi vaqtlarda bo‘yradan joynamoz sifatida foydalanishgan. O’sha vaqtlarda kunning issig‘ida yerga solib namoz o‘qishgan.

Bo‘yrachi Xalil bo‘yradan joynamoz to‘qib o‘tirib, har kuni masjidga kelayotgan namozxonlarni kuzatar ekan. Joynamoz topolmagan, qiynalib qolgan bir namozxonni ko‘rsa, to‘qib qo‘ygan bo‘yrasidan bittasini olarkan-da, o‘sha namozxonga sovg‘a qilib yuborarkan. Odamlar xursand bo‘lib, bo‘yrani olib ketarkan. Xalil savobli ishida bardavom bo‘libdi. U bir kuni tush ko‘ribdi. Tushida umurtqasidan tok-uzum daraxti o‘sib chiqqanmish. Mevasidan  odamlar yermish, uzum aslo tugamasmish. Xalil bu tushni bir necha marta ko‘ribdi. Bundan ajablanib, ulug‘ bir  shayxning yoniga boribdi. Bo‘lgan voqeani aytib, tushining ta’birini so‘rabdi. Shayx:

- O‘g‘ling bormi? deb so‘rabdi.

- Ha, 2 yoshli o‘g‘lim bor.

- Shu o‘g‘lingni  Azharga ber, o‘sha yerda o‘qisin, debdi shayx.

- Xalil xo‘p, deb shayxning aytganini qilibdi. 8 yoshida o‘g‘li qori bo‘libdi.

Dunyoda birinchi bo‘lib qiroatini tasmaga, ya’ni yozuvga tushirgan qori shu inson bo‘lgan. Bu inson imom Hafsning Osimdan qilgan rivoyatini boshdan oyoq chiroyli bir holatda o‘qib bergan, 55 yil Qur’oni Karimga  xizmat qilgan, dunyoning ko‘p qismida qiroatlari bilan mashhur bo‘lgan Mahmud Xalil Xusoriy edi. Allohning mehribonligini qarangki, otaning qilgan bir yaxshiligini farzandi orqali bildirib qo‘ydi.

Alloh karim Zot. Har qanday ishni qiladigan bo‘lsak, oz bo‘lsa-da, oz  demaydi.

Aslida ismi Mahmud bo‘lgan bu inson hozir butun dunyoga otasining ismi Xalil bilan mashhur. Kichik bo‘lsa ham, Alloh roziligi yo‘lida qilgan ehsonning mukofotini Buyuk zot berib qo‘ydi. Kimki xolis yaxshilik qilsa, mehribon va rahmli Zot albatta, uni mukofotlaydi.

Xoh ulug‘ olim bo‘lsin, xoh sarkarda bo‘lsin, qo‘yingki barcha buyuk zotlar siz-u bizga o‘xshagan oddiy insonlarning farzandlari bo‘lgan!

TII 4-kurs talabasi Sirojiddinov Muhammadali

Boshqa maqolalar

Kiyim o‘g‘irlagan tosh

13.06.2025   9433   1 min.
Kiyim o‘g‘irlagan tosh

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh ﷺ aytdilar:

"Albatta, Muso (alayhissalom) nihoyatda kuchli hayo egasi bo‘lib, badanini doimo yopib yuradigan kishi edi. U hayo qilgani uchun o‘z tanasidan biror joyini ochib yurmas edi. Banu Isroil orasida ba’zi kimsalar uni kamsitib: ‘U doimo o‘z tanasini yashiradi, bu – uning badani nuqsonli bo‘lgani uchun shunday qilar. Balki u abras (pes), yoki moyaksiz (odar), yoki yana biror baloga uchraganidandir’, deyishdi.

Alloh taolo esa ularning bu gap-so‘zlaridan Musoni poklashni iroda qildi.

Bir kuni Muso alayhissalom cho‘milgani bordi. Kiyimlarini tosh ustiga qo‘yib, cho‘milishga kirishdi. Suvdan chiqib, kiyimlarini olish uchun tosh oldiga qaytganida, tosh uning kiyimlarini olib qochdi.

Muso alayhissalom hassasini oldi-da, tosh ortidan quvdi va: "Ey tosh, kiyimimni qaytar! Ey tosh, kiyimimni qaytar!", der edi.

U shu holatda Banu Isroilning bir guruhiga duch keldi. Ular Musoni kiyimsiz holda ko‘rishdi – Alloh yaratganlar ichida eng chiroyli, eng sog‘lom badan egasi ekaniga guvoh bo‘lishdi.

Alloh taolo Musoni ularning gap-so‘zlaridan poklab qo‘ydi.

Tosh to‘xtashi bilan Muso alayhissalom kiyimlarini olib kiydi-da, asosi bilan toshni ura boshladi.

Payg‘ambarimiz ﷺ aytdilar: "Allohga qasamki, Muso urgan toshda uch, to‘rt yoki beshta iz qoldi (ya’ni, urilgan zarbalar izi qoldi)."

Bu borada Alloh subhanahu va taolo bunday dedi: "Ey mo‘minlar! Musoga ozor berganlar kabi bo‘lmanglar. Bas, Alloh uni ayblaridan pokladi. Va u Allohning huzurida obro‘li zot edi" (Ahzob surasi, 69-oyat).