Savol: Ehromdagi kishi badaniga atir surtsa, jinoyat bo‘lishini bilamiz. Kiyimiga tegsa ham shunday bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ehromdagi shaxsning kiyimiga xushbo‘ylik tegib, shu zahoti yuvib yoki ishqalab yo‘q qilib yuborsa, hech qanday jarima vojib bo‘lmaydi. Agar xushbo‘y holatda bir kun tursa, jonliq so‘yadi. Bir kunga yetmasdan yechgan, almashtirgan yoki yuvib tashlagan bo‘lsa, yarim so’ (2 kg atrofida) bug‘doy yoki uning pulini sadaqa qiladi. “Irshodus soriy” kitobida bunday deyiladi:
وإن أصاب الطيب ثوبه فحكه أي أزاله بالحك أو غسله فلا شيء عليه وإن كثر وإن مكث أي دام عليه أي علي ثوبه يوما فعليه دم وإلا فصدقة
“Agar (ehromdagi shaxsning) kiyimiga xushbo‘ylik tegsa va uni ishqab tashlab yoki yuvish orqali yo‘q qilsa, xushbo‘ylik ko‘p bo‘lsa ham, biror jarima vojib bo‘lmaydi. Agar xushbo‘ylik kiyimida bir kun davomida tursa, jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Bir kunga yetmagan bo‘lsa, sadaqa vojib bo‘ladi”.
Shuni bilish lozimki, bu ehromga kirgandan boshlab, sochini olib, ehromdan chiqqunicha bo‘lgan vaqt oralig‘iga tegishli. Ehromda bo‘lmagan vaqtlarda badani va kiyimiga xushbo‘ylik surtishining zarari yo‘q. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.