Tinchlik degan bebaho ne’matning qadr-qimmati va ahamiyati tobora ortib borayotgan hozirgi murakkab zamonda dunyo ahli, har bir jamiyat, xususan, mo‘min-musulmonlar ushbu ne’matni avaylab-asrab, urush olovini so‘ndirish yo‘lida yana ham jipslashishlari darkor.
Shu yilning 11 noyabr kuni G‘azo va Livandagi vaziyatning keskinlashuvi hamda Yaqin Sharqdagi mojaroga tez fursatda yechim topish choralarini ishlab chiqishga bag‘ishlangan navbatdan tashqari Arab-islom sammiti bo‘lib o‘tdi.
Saudiya Arabistoni raisligida o‘tgan tadbirda Yaqin Sharq, Markaziy va Janubiy Osiyo, Afrika qit’asining yetakchi mamlakatlarining davlat va hukumat rahbarlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Kun tartibiga muvofiq, xalqaro hamjamiyatning G‘azo va Livandagi keskinlikni kamaytirish, yuzaga kelayotgan vaziyatni tez fursatda siyosiy yo‘l bilan hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini birlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Sammitda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Davlatimiz rahbari eng o‘tkir va og‘riqli masala – Falastin muammosiga bag‘ishlangan sammitni tashkil etgani uchun Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz al Saud hamda Valiahd Muhammad bin Salmon al Saudga alohida minnatdorlik bildirdi.
Prezident Falastin — Isroil muammosini tinchlik va diplomatiya yo‘li bilan hal etishga qaratilgan barcha amaliy tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatladi.
Nutqda harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, xavfsiz gumanitar yo‘laklarni ta’minlash va tinchlik muzokaralarini boshlash masalalari Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Xavfsizlik kengashining doimiy e’tibor markazida turishi zarurligi qayd etildi. Shuningdek, qadimiy va boy tarixga ega falastin xalqi 1967 yildagi chegaralar doirasida poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va ozod davlatini tuzishga to‘la haqli ekani bayon etildi. Davlat rahbari urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor ekanini ham ta’kidladi.
Urushning mudhish oqibatlari haqida to‘xtalagan muhtaram Prezidentimiz, jumladan bunday dedi:
“Ming-minglab begunoh bolalar, ayollar va keksalar o‘limiga sabab bo‘layotgan bu vayronkor va mudhish hujumlar insoniyat yangi tarixining eng qora sahifasiga aylanmoqda. Ijtimoiy infratuzilma obyektlari, maktab va shifoxonalar, masjidlar, butun boshli shaharlar yo‘q qilib tashlanayotgani, millionlab tinch aholi boshpanasiz qolib, ocharchilik va kasalliklarga mahkum bo‘layotganini iztirobsiz kuzatish mumkin emas”.
Falastin xalqiga amaliy yordam ko‘rsatish masalalarini kelgusi yili Samarqandda o‘tadigan “Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” sammitida ham muhokama qilish niyati bildirildi. Prezident muqaddas Al-Aqso masjidi, Quddusdagi boshqa noyob tarixiy-madaniy yodgorliklarning daxlsizligini ta’minlash hamda ularni beshikast saqlab qolish masalalariga alohida urg‘u berdi.
Yurtboshimizning anjumanda yana bir bor tinchlik ne’matining naqadar ulug‘ligi, urushning vayronakorlik oqibatlari, uning natijasida ko‘plab insonlarning, ayniqsa, norasida go‘daklarning hayotdan ko‘z yumayotgani, obod maskanlar xarobaga aylanayotganini jahon hamjamiyati diqqatiga taqdim qildi.
Qur’oni karimning Baqara surasi 208-oyatida Alloh taolo insoniyatni yoppasiga tinchlik ishiga kirishishga buyurgan. Tafsir kitoblarida keltirishicha, oyatdagi birgina “koffatan” so‘zi bir jihatdan barcha insonlar birlashgan holda, tinchlik yo‘lini tutishlari lozimligini bildirsa, boshqa jihatdan tinchlikni barqarorlashtirish uchun qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham hissa qo‘shish zarurligini bildiradi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida:
“Musulmon musulmonning birodari, unga zulm qilmaydi va uni tashlab qo‘ymaydi. Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim musulmondan bir tashvishni aritsa, Alloh uning qiyomat tashvishlaridan birini aritadi. Kim musulmonning aybini berkitsa, Alloh qiyomat kunida uning aybini berkitadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Prezidentimiz haqiqiy mo‘minning sifatini namoyon etib, ushbu xayrli ishlarni qo‘llab-quvvatlagan holda, urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor ekanini ta’kidladi.
Bu esa haqiqiy musulmonchilik, haqiqiy odamgarchilik nuqtayi nazaridan yondashuvdir. Musulmon inson o‘zi uchun tinchlik-osoyishtalik, sog‘lik-salomatlik, baxt-saodat, farovonlikni yaxshi ko‘rganidek, o‘zgalarga ham shuni va shunga o‘xshagan narsalarni ravo ko‘radi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan birortangiz to, o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani, birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi”, dedilar” (Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan).
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Mo‘minlarning o‘zaro do‘stliklari, rahm qilishlari va mehr ko‘rsatishlari xuddi bir jasadga o‘xshaydi. Undagi bir a’zo xasta bo‘lsa, jasadning qolgani unga qo‘shilib bedor bo‘ladi va isitmalaydi”, deganlar.
Demak, mo‘min kishi o‘zining barcha do‘stlari uchun dardkash bo‘lar ekan. Birodari dardu alam, turli qiyinchilikda qolganda unga rahm-shavqat ko‘rsatadi, uning dardini yengil qilish uchun chora izlaydi.
Dunyoda barqarorlik hukm surishi, xalqlar tinch va osuda hayot kechirishi uchun hamda mazlumlarga yordam qo‘lini cho‘zish borasida muhtaram Prezidentimizning ilgari surayotgan tashabbuslari ro‘yobga chiqishini Alloh taolo nasib aylasin!
Zayniddin ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Har bir musulmon uchun hayotning har bir jabhasida Islom axloqiga amal qilish farz sanaladi. Buning ichiga yo‘lda harakatlanish, piyoda va haydovchi sifatida qoidalarga rioya qilish ham kiradi. Islom dini faqat ibodatlar bilan cheklanib qolmaydi, balki jamiyatda tinch-totuv yashash va boshqalarning huquqlarini hurmat qilishni ham talab qiladi.
1. Javobgarlik hissi — haydovchining odobi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi boshqalarga zarar yetkazmaydi va zarar ham ko‘rmaydi” (Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyati).
Ushbu hadisga ko‘ra, haydovchi yo‘lda boshqalarning hayotiga, salomatligiga tahdid soluvchi harakatlardan ehtiyot bo‘lishi lozim. Yo‘ldagi har bir harakatimiz boshqalarga ta’sir qilishi mumkin.
2. Qoidalarga rioya qilish — itoat va omonat.
Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!” (Niso surasi, 59-oyat).
Hukumat tomonidan belgilangan yo‘l qoidalari kishilarning xavfsizligi uchun joriy qilingan. Ularga itoat qilish – Islom ta’limotiga muvofiq harakat qilishdir.
3. Shoshilmaslik va sabr - hayotni saqlab qolish vositasidir.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Xotirjamlik Allohdan va shoshilish shaytondandir” (Imom Termiziy rivoyati).
Yo‘lda shoshish, qonunni buzish, ortiqcha tezlik bilan harakatlanish –haydovchining nafaqat o‘z hayotiga, balki boshqalar hayotiga ham xavf tug‘diradi.
4. Qo‘pollikdan ehtiyot bo‘lish va yo‘ldagi odob.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yo‘l odoblari haqida: “Yo‘llarda o‘tirishdan saqlaninglar!” deganlar.
Shunda “Bizning yo‘lda o‘tirishdan boshqa ilojimiz yo‘q, chunki gaplashadigan majlislarimiz yo‘llarda bo‘ladi”, deyishdi.
U zot alayhissalom: “Agar yo‘lda o‘tirishdan boshqaga ko‘nmasangiz, u holda yo‘lning haqini ado etinglar”, dedilar. Ular: “Yo‘lning haqi nima?” deb so‘rashdi.
U zot alayhissalom: “Yo‘lning haqqi ko‘zni tiyish, ozor yetkazishdan tiyilish, salomga alik olish, ma’ruf ishlarga buyurish va munkar ishlardan qaytarish”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Bugungi kunda bu odoblar haydovchilar va piyodalar uchun ham dolzarbdir. Yo‘lda hurmat va odobni saqlash, yo‘l berish, o‘zgalarni haqorat qilmaslik – musulmonning odobidir.
5. Huquqqa rioya qilish — boshqalarga yordam
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim dunyoda bir mo‘minni dunyo g‘amlaridan birini yengillatsa, Alloh taolo uning dunyo va oxirat g‘amlarini yengillatadi. Kim bir mo‘minning qiyinchiligini osonlashtirsa, Alloh taolo o‘sha insonni dunyo va oxiratda mushkulini oson qiladi” (Imom Muslim rivoyati).
Yo‘lda boshqalarga yordam berish — masalan, haydovchi bo‘lsangiz, qariya yoki nogironni olib o‘tish, mashinangizda yordamga muhtoj kishini olib borish – savobli amaldir.
Xulosa:
Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish faqat davlat talabiga amal qilish emas, balki Islom axloqi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilishdir. Har bir musulmon harakatda ham, niyatda ham odobli, mas’uliyatli va salbiy oqibatlarni oldindan o‘ylaydigan inson bo‘lishi lozim.
Manbalar asosida
Ilyos Ahmedov tayyorladi.