Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَا مِنْ يَوْمٍ يُصْبِحُ الْعِبَادُ فِيهِ إِلَّا مَلَكَانِ يَنْزِلَانِ، فَيَقُولُ أَحَدُهُمَا: اللَّهُمَّ أَعْطِ مُنْفِقًا خَلَفًا، وَيَقُولُ الْآخَرُ: اللَّهُمَّ أَعْطِ مُمْسِكًا تَلَفًا. رَوَاهُمَا الشَّيْخَانِ وَالنَّسَائِيُّ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Bandalar tong ottirgan har bir kunda albatta, ikki farishta nozil bo‘ladi. Ulardan biri: «Allohim! Infoq qiluvchiga evaz bergin», deydi. Ikkinchisi esa: «Allohim! Ziqnaga yo‘qotish bergin», deydi» (Ikkisini ikki Shayx va Nasaiy rivoyat qilganlar).
Har kuni ertalab yer yuziga ikkita farishta ma’lum vazifa bilan tushar ekan. Ulardan birining vazifasi molu dunyosini infoq qiluvchi kishiga o‘sha moli o‘rniga undan ko‘ra yaxshiroq evaz so‘rab, nido (duo) qilish ekan. Ikkinchi farishtaning vazifasi esa ziqna, xasisning moli talofatga uchrashini tilab, duo qilib turish ekan.
Albatta, farishtalarning duosi maqbuldir. Shuning uchun hech qachon mumsik bo‘lmaslik kerak. Doimo molni Alloh ko‘rsatgan joylarga infoq qilishga, shu jumladan, zakotni ham o‘z o‘rniga ado etishga harakat qilish lozim. Uni Allohning yo‘lida yetkazish payidan bo‘lish kerak. Zero, Allohning yo‘lida sarflangan mol hech qachon zoye ketmaydi. Aksincha, infoq qilingan, zakoti chiqarilgan molga baraka kiradi. Farishtalarning duosi ila ketgan molning o‘rniga undan ko‘proq va yaxshirog‘i keladi.
«Hadis va hayot» kitobi asosida tayyorlandi
#Maqola #Ixtilof #G‘uluv
Islomda "g‘uluv" din ilmini anglashda haddan oshishdir. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: "Ayting: "Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!" (Moida surasi, 77-oyat).
Rasululloh alayhissalom "Alloh taolo shariatda ziyoda chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar", deb uch marta aytishlarida, dinda haddan tashqari ziyodalik qilish insonni halok qilish bilan teng ekanligidan ogohlantirmoqdalar.
Dinda g‘uluvga ketish musulmon jamiyatlarida ixtilof va guruhbozlikka, fitnaga va oxir-oqibat aqidaning buzilishiga olib keladi. Islom tarixida xavorij, mo‘tazila va boshqa oqim va toifalarning vujudga kelishi ham, asosan, dinda g‘uluvga ketish natijasida sodir bo‘lgan.
Ayni vaqtda, g‘uluvga berilganlar dinni o‘ta og‘ir va mashaqqatli tushuntirganlari bois odamlar to‘g‘ri yo‘ldan adashib, undan bezib qoladilar. Dinda g‘uluvga ketish haqida so‘z yuritilganda aqidaparast oqimlarning aqidaviy masalalarda g‘uluvga ketganlari va ularning xatolari hamda bu e’tiqodlari sof islomiy ta’limotlarga naqadar zid ekanini eslamasdan iloji yo‘q.
G‘uluvga ketish, sarkashlik, itoatsizlik, manmansirash kabi illatlardan xoli bo‘lgan o‘tmish ajdodlarimiz dinimizni asrab-avaylab, bizgacha yetkazdilar. Shunday ekan, dinning musaffoligini asrash va uni kelajak avlodga asl xolicha yetkazish bizning vazifamizdir.
Abdug‘offor Hakimov, Mingbuloq tumani "Qo‘sh qishloq" jome masjidi imom-xatibi