Bir qiz aytadi: «Mahzun bo‘lgan damlarimda Allohning g‘azabiga sabab bo‘ladigan ko‘p so‘zlarni aytib yuborardim. O‘zimga yomonlik, hatto o‘lim tilar edim. Keyin esa bu qilayotgan ishim harom ekanini bilib qoldim. Shundan keyin qayg‘uga tushganimda bunday gaplarni og‘zimga olmaydigan bo‘ldim. Lekin ahvolim battar og‘irlashaverdi. Qayg‘ularimni, alamlarimni qanday ifodalashni bilmay qoldim. Endi nima qilaman? Endi nima deyman? Nima qilishimni bilmay ancha vaqt yurdim. Bir kuni bir olimning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qiyinchilik, tashvish va qayg‘u kelganda aytadigan duolar haqida so‘zlayotganini eshitib qoldim-u, qalbimda misli ko‘rilmagan xotirjamlikni tuydim, chunki qayg‘ular o‘rab olganda nima deyishni o‘rganib olgan edim! Ana shu duolar bilan g‘am-tashvishlarimni ifodalay olaman. O‘sha zahoti Robbimga duo qildimu, Islom dini nimani harom qilgan bo‘lsa, albatta uning o‘rniga pokiza, halol narsani ham ko‘rsatib berganini tushunib yetdim. Demak, Alloh taolo bizga qayg‘u vaqtida U Zotni g‘azablantiradigan so‘zlarni harom qilib, buning o‘rniga U Zot rozi bo‘ladigan, dardlarni aritadigan duolarni o‘rgatgan ekan».
Birinchi duo
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam g‘am-tashvish paytida «Laa ilaaha illallohul‑’aziymul‑haliym, laa ilaaha illallohu Robbus‑samaavaati val‑ardi va Robbul‑’arshil‑’aziym», deb duo qilar edilar» (Imom Buxoriy, imom Muslim rivoyati).
Ma’nosi: «Buyuk, Halim Allohdan o‘zga iloh yo‘q. Yeru osmonlarning Robbi, buyuk Arshning Robbi Allohdan o‘zga iloh yo‘q».
Mulohaza:
Bu hadisni bizga aytib berayotgan buyuk sahobiy – Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida o‘n uch yashar o‘spirin bo‘lgan. U kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam g‘am-tashvishga tushgan vaqtlarida shu duoni aytayotganlarini eshitib yurgan, uni ko‘p aytganlari uchun eshitaverib, yodlab olgan.
Yoshlar (qizlar ham, o‘g‘il bolalar ham) balog‘at yoshiga, ya’ni o‘smirlik yoshiga yetmay turib ham bu duoni o‘rganib olsalar yaxshi bo‘ladi, chunki o‘smirlik ham turli tashvishlar, muammolar ko‘p bo‘ladigan davrdir. Bu davrning o‘ziga xos muammolarini yengishda bu duoni yodlab, uni ixlos bilan o‘qib yurish foydalidir.
Pokiza singlim! Mahzun bo‘lganingizda bu duoni oila a’zolaringiz – aka-uka, opa-singillaringiz eshitadigan qilib aytib yuring. Qarabsizki, ular ham sizdan eshitib, yodlab olishadi. Duoni ularga eshittirib aytsangiz, qayg‘uda ekaningizni bilib, sizga muloyim munosabatda bo‘lishadi, ko‘p bezovta qilmaslikka harakat qilishadi. Bundan tashqari, bu duoni oila a’zolaringizga eshittirib aytish bilan Ibn Abbos roziyallohu anhumoga eshittirib duo qilgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ham ergashgan bo‘lasiz!
Ikkinchi duo
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga g‘am-tashvish yetsa, «Yo Hayy, yo Qayyum! Rahmating bilan yordam so‘rayman!» der edilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Uchinchi duo
Abu Bakra Nofe’ ibn Horis Saqafiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Mushkuli borning duosi budir: «Allohim, rahmatingdan umidvorman. Meni ko‘z yumib-ochguncha ham o‘z holimga tashlab qo‘ymagin, hamma ishlarimni O‘zing o‘nglagin, O‘zingdan o‘zga iloh yo‘q"» (Imom Abu Dovud rivoyati).
To‘rtinchi duo
Asmo bint Umays roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga bunday deganlar: «Senga mushkul paytda nima deyishni o‘rgataymi? «Alloh, Robbim Alloh! U Zotga hech narsani sherik qilmayman» degin» (Abu Dovud, Ibn Moja rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizlari Fotima roziyallohu anhoga qayg‘ulardan saqlaydigan, ertalab va kechqurun aytiladigan go‘zal duoni bunday o‘rgatgan ekanlar:«Vasiyatlarimni eshiting, Fotima! Sizga vasiyatim shuki, tong otganda yoki kech kirganda shunday duo qiling: «Yo Hayy, yo Qayyum! Rahmating bilan yordam so‘rayman! Hamma ishlarimni O‘zing o‘nglagin, meni ko‘z yumib-ochguncha ham o‘z holimga tashlab qo‘ymagin!»
Ayol zoti erkaklarga nisbatan qayg‘ularga ko‘proq duch keladi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo g‘amlarni aritishi uchun aytiladigan duolarni ayollarga o‘rgatishga juda e’tiborli bo‘lganlar. Qizlari Fotima roziyallohu anhoga qayg‘ulardan saqlaydigan, tongda va kechda aytiladigan duoni, Asmo bint Umays roziyallohu anhoga boshga mushkul ish tushganda aytiladigan duolarni o‘rgatmoqdalar.
Beshinchi duo
Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Bir bandaga g‘am-tashvish, qayg‘u yetganda «Allohim, men Sening qulingman, qulingning, cho‘ringning farzandiman! Taqdirim qo‘lingda, hukmingdaman! Menga chiqargan hukming adolatli. O‘zing aytgan, maxluqotlaringga o‘rgatgan, Kitobingda keltirgan, g‘ayb ilmingda saqlab qo‘ygan barcha ismlaring haqqi, Qur’onni qalbimning bahori, qalbimning nuri, qayg‘ularimning kushoyishi, g‘amlarimning arituvchisi qilgin!» desa, Alloh taolo uning g‘am-tashvishlarini yetkazib, o‘rnini xursandchilik bilan to‘ldiradi».
Sahobalar «Ey Allohning Rasuli, bu duoni o‘rganib olaylikmi?» deyishgan edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ha, bu duoni eshitgan odamga uni o‘rganish vojib bo‘ladi», dedilar» (Imom Ahmad rivoyati).
Boshqa rivoyatda u zot «Shunday duo qilinglar, uni boshqalarga ham o‘rgatinglar! Kim bu duolarni aytsa, Alloh uning mahzunligini ketkazib, xursandchiligini bardavom qiladi», deganlar.
Bir qiz aytadi: «Men bu duolarni ko‘p aytar edim, lekin o‘zimdan «Nega «Allohim, Qur’onni qalbimning bahori, qalbimning nuri, qayg‘ularim kushoyishi, g‘amlarimning arituvchisi qilgin», deb duo qilamiz? Qanday qilib Qur’onni o‘qimasak ham, oyatlari haqida fikr yuritmasak ham, qayg‘ularimizning yechimi bo‘ladi?» deb so‘rayverardim.
Shunga qaramay, bu duoni ko‘p aytib yuraverdim. Natija esa meni hayron qoldirdi… men Qur’onni qattiq sevib qoldim. Tilovatiga sho‘ng‘ib, butun vujudim bilan uning halovatini his etardim. Har safar Qur’oni Karimni qo‘lga olganimda ajib hislar tuyar edim. Uni tilovat qilganimda meni baxt o‘rab olar, hayotimda Qur’onning o‘rni kengaygan sari saodatim ham ortib boraverardi. Qarabsizki, boshimga kulfat tushganda Alloh taolo duolarimni qabul qildi, Qur’onni qalbimning bahori, qalbimning nuri, qayg‘ularimning kushoyishi, g‘amlarimning arituvchisi qilib qo‘ydi.
Kim bu duoni tildan qo‘ymay aytib yursa, Alloh taolodan Qur’oni Karimni sevib tilovat qilishga, uni tushunib, unga amal qilishga muhabbat uyg‘otishini yolvorib so‘rasa, Alloh taolo uni Qur’onga oshiq qilib qo‘yar ekan. Alloh kimni Qur’onga muhabbat bilan siylagan bo‘lsa, bu inson qayg‘ulariga eng yaxshi malhamni topgan bo‘lar ekan».
Boshqa bir qiz aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshga g‘am-qayg‘u tushgan paytda aytiladigan duoni o‘rgatib, «Shu duoni qilinglar, boshqalarga ham o‘rgatinglar! Kim bu duolarni aytsa, Alloh uning mahzunligini ketkazib, xursandchiligini bardavom qiladi», degan ekanlar. Bu so‘zlar haqida mulohaza qilib ko‘rib, shunday xulosaga keldim: bu duoning foydasi faqat uning lafzlarini yodlab, aytib yuraverishda emas ekan, balki uni boshqalarga o‘rgatishda ham yaxshilik bor ekan. O‘zingiz duo qilganingizda qalbingiz shodlikka to‘lar ekan, uni boshqalarga o‘rgatganingizda esa o‘zingizga ham, boshqalarga ham saodat ulashgan bo‘lar ekansiz. Shu niyatda, ya’ni mening boshimga tushgan kunlarni ko‘rmasin degan maqsadda bu duoni singlimga o‘rgatdim.
Eh, bu duoni uchratgunimcha qancha-qancha yillarni mahzunlikda, mashaqqatda o‘tkazdim...
Uni o‘rganganimdan keyin esa hayotim yorqin tarafga o‘zgarib ketdi. Shuning uchun bu ishga jiddu jahd bilan kirishdim. Singlim ham bu duoni birpasda yodlab oldi. U ham men kabi mahzun bo‘lganida shu duoni eslab, tinmay takrorlar, dardi yengillasin deb, men ham singlim bilan birga shu duoni takrorlar edim. Singlimga bu duoni o‘rgatganimdan o‘zim ham xursand edim. Uni o‘zim tanigan hamma insonlarimga o‘rgatishga harakat qildim. Chiroyli qog‘ozga chiqartirib, dugonalarimga sovg‘a qildim. Sovg‘a qilayotib, «Bu duo hayotingni yanada nurlarga to‘ldiradi», der edim. Bularning barchasi – Payg‘ambarimizning va’dalariga ishonchim mevasi edi».
Oltinchi duo
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalariga «Sizlarga bir duoni o‘rgataymi? Kimga biror qiyinchilik yetsa yoki dunyodagi balolardan biri kelsa, Allohga shuni aytib duo qilsa, Alloh unga albatta kushoyish beradi!» degan ekanlar. Sahobalar: «O‘rgating, ey Allohning Rasuli!» deyishibdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu – Zunnunning duosi: «Laa ilaaha illaa anta, subhaanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn», degan ekanlar» (Imom Nasoiy rivoyati).
Boshqa rivoyatda bunday deyiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «Zunnun baliq ichida turib «Laa ilaaha illaa anta, subhaanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn», deb duo qilgan. Qay bir musulmon o‘sha duoni qilsa, Alloh uni albatta ijobat qiladi» (Imom Termiziy rivoyati).
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Abdulhakim Supiyev, Pop tumani bosh imom-xatibi