Aristotel Sokrat Onassis 1906 yil tavallud topgan. Kemasozlik biznesi bilan shug‘ullangan, birinchi bo‘lib supertankerlarni qurishni boshlagan gretsiyalik xalqaro tadbirkor.
Onassis 25 yoshida millioner bo‘lgan. Ikki nafar farzandning otasi edi. O‘g‘li 24 yoshida samolyot halokatida, qizi esa 37 yoshida vafot etgan.
1974 yilda 500 million AQSH dollaridan ortiq sarmoyaga ega milliarder Onassis miasteniya gravis (myasthenia gravis) ya’ni muskullarning tez toliqishi bilan kechuvchi surunkali autoimmun kasalligiga chalinadi.
Muskullarini o‘zi mustaqil ravishda ishlata olmas, hatto ko‘zlarining yuqori qovog‘ini ham ko‘tara olmasdi. Kasallik sababli nafas olishda ishtirok etuvchi muskullar ham zararlanib, Onassis nafas olishga ham qiynalib, bo‘g‘ilib qolardi. 1975 yil nafas etishmovchiligi tufayli 69 yoshida vafot etdi.
Vafotidan oldin milliarderdan orzusi haqida so‘rashganda “Eng katta orzuim – bir marta bo‘lsa ham ko‘zimni ochib-yumishni xohlayman, buning uchun bor boyligimni beraman” deb javob beradi.
Bir marotaba ko‘zni ochib-yumishning ne’mat ekanini afsuski yaxshi anglamaymiz, uning qadriga yetmaymiz. Allohning bergan ne’matlari beminnat va behisobdir, ularning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Besh narsadan oldin besh narsani g‘animat bil: keksaliging oldidan yoshligingni, kasalliging oldidan salomatligingni, kambag‘alliging oldidan boyligingni, mashg‘ulliging odidan bo‘shligingni, o‘liming oldidan hayotingni”, deganlar (Imom Hokim rivoyati).
Junayd Bag‘dodiy rahimahulloh aytadilar: “Haqiqiy shukr – Alloh bergan ne’matni U harom qilgan ishlarga ishlatmaslikdir”.
Allohim bergan ne’matlaringdan O‘zing rozi bo‘ladigan amallarga foydalanishimizga tavfiq bergin.
Davron NURMUHAMMAD
Bugun, Zulhijjaning 8-kuni mehmonxonadan tashkiliy guruh boshchiligida avtobuslarda talbiya aytib, Minoga yetib kelgan bo‘lg‘usi hojilarimiz: "Allohim bu Minodir. Sen do‘stlaringga ato etgan ehsonlaringdan menga ham in’om et!”, deb duolar qilishdi.
Mino maydonida O‘zbekiston hojilari uchun alohida joy ajratilgan. Bu yerda hojilarimiz bemolol ibodat qilishlari uchun sharoit hozirlangan. Shuningdek, tamaddi qilishlari uchun turli xil taomlar, choy, suv kabi ichimliklar chodirlarga olib kelib ulashilmoqda.
Nabiy alayhissalom sunnatlariga muvofiq, bugun Minoda tarviya kuni peshin, asr, shom, xufton namozlari o‘qiladi. Ayni paytda o‘zbekistonlik ziyoratchilar Mino vodiysida erta tongdan to kun botgunga qadar ulamolarning suhbatlaridan bahramand bo‘lib, toatu ibodat va duoyu iltijolar bilan o‘tkazishmoqda.
Alloh taolo barcha hojilar qatorida, yurtimiz hojilarining ham duo va ibodatlarini qabul aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati