Sayt test holatida ishlamoqda!
25 May, 2025   |   27 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:47
Xufton
21:20
Bismillah
25 May, 2025, 27 Zulqa`da, 1446
Yangiliklar

Jonajon Vatanimizning aziz timsoli

18.11.2024   2351   3 min.
Jonajon Vatanimizning aziz timsoli

18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun

O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i – faxru g‘ururimiz, jonajon Vatanimizning aziz timsollaridan biri.

Milliy bayrog‘imiz qabul qilingan sana bu yil o‘zgacha shukuh va tantana bilan nishonlanmoqda. Ta’lim maskanlari, mahallalar, harbiy qismlar, tashkilot va idoralarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 33 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar, ma’rifiy anjumanlar, musobaqalar bo‘lib o‘tmoqda.

Jumladan, poytaxtimizdagi Amir Temur xiyoboni bo‘ylab Toshkent shahrida joylashgan kuch tuzilmalari kavaleriya bo‘linmalari ishtirokida “Otliq kavaleriya paradi“ bo‘lib o‘tdi.

Minglab yurtdoshlarimiz, poytaxtimiz mehmonlari, olovqalb yoshlar ana shu betakror tadbirning guvohi bo‘ldi.

Aytish kerakki, ezgu aksiya mamlakatimizda keyingi yillarda ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda kechayotgan yangilanish jarayonlarini aks ettirishi bilan birga yoshlarni vatanparvarlik, yurtga sodiqlik, millatparvarlik, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan shaxs etib kamolga yetkazish borasidagi ezgu ishlarning yana bir o‘ziga xos namoyishi bo‘ldi, deyish mumkin.

...Harbiy orkestr sadolari yangraydi. Tillarang tusga kirgan kuz ma’rifiy tadbirga o‘zgacha ko‘rinish, fayz, shukuh bag‘ishlaydi. Yurt bayrog‘ini tutgan minglab alpkelbat harbiy suvoriylar jonajon O‘zbekistonimizning kuch-qudrati, tengsiz shijoati timsoliga aylangan.

Bunday qiziqarli, hayajonli, betakror lahzalarga guvoh bo‘lish maqsadida ko‘plab yurtdoshlarimiz Sohibqiron Amir Temur nomi bilan yuritiluvchi ko‘chalarning yo‘l yoqasida jamuljam bo‘ldi. Yurtdoshlarimiz betakror voqelikni suratga olishga oshiqadilar. Ushbu tadbir vatandoshlarimizga unutilmas lahzalar, o‘z yurtidan, davlat ramzlaridan, mo‘tabar O‘zbekistonimizdan faxrlanish tuyg‘ularini bag‘ishlagani aniq. Chindan ham bayrog‘imiz ta’rifiga so‘z ojiz. G‘oyat chiroyli, umidbaxsh.

Darhaqiqat, millat bayrog‘i – ona Vatan timsoli. U – ota yurt ramzi. Ko‘kda mag‘rur hilpiragan bayrog‘imizga boqib, mustaqillik, farovonlik tushunchalarining mohiyatini yanada chuqurroq anglaymiz!

Bayrog‘imiz bizni ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtiradi. Yuksak va ulug‘ ishlarga ruhlantiradi! Shonli, asrlar qa’riga singib ketgan tariximizdan, bobolarimizning pokiza orzu-niyatlari, istiqlolimiz, hurriyatimiz, erk va ozodligimiz, mamlakatimizdagi yangilanish jarayonlaridan, ulkan marralar sari intilgan O‘zbekistonning nurli istiqbolidan so‘zlaydi.

18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan butun yurtimiz bo‘ylab madaniy tadbirlar, aksiya va fleshmoblar o‘tkazilyapti. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya hamkorligida o‘ziga xos loyiha amalga oshirilyapti. Rekord darajadagi 100 metrlik bayrog‘imiz yurtimiz bo‘ylab kezib, barchaga g‘urur-iftixor bag‘ishlamoqda. Xorazmdan Toshkent tomon yo‘lga chiqqan bayrog‘imiz jasur harbiylar, shijoatli yoshlar, vatanparvar yurtdoshlarimiz tomonidan dastlab Ichan-qal’adan, keyin Buxoroning Ark-qal’asidan, qadim va hamisha navqiron Samarqandning tarixiy ko‘chalaridan, ulug‘vor Jizzaxdan, vohayu vodiylardan olib o‘tilib, hademay azim poytaxtimizga yetib keladi.

Bayram kuni esa eng katta bayroqni poytaxtimizda ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi.

Darhaqiqat, bayrog‘imiz nurli kelajagimiz, mo‘tabar diyorimiz, sha’nimiz, or-nomusimiz, tengsiz iftixorimiz ramzidir.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri

Jonajon Vatanimizning aziz timsoli
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Dinda g‘uluv ketishning salbiy oqibatlari

23.05.2025   2521   1 min.
Dinda g‘uluv ketishning salbiy oqibatlari

#Maqola #Ixtilof #G‘uluv

Islomda "g‘uluv" din ilmini anglashda haddan oshishdir. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: "Ayting: "Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!" (Moida surasi, 77-oyat).

Rasululloh alayhissalom "Alloh taolo shariatda ziyoda chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar", deb uch marta aytishlarida, dinda haddan tashqari ziyodalik qilish insonni halok qilish bilan teng ekanligidan ogohlantirmoqdalar. 

Dinda g‘uluvga ketish musulmon jamiyatlarida ixtilof va guruhbozlikka, fitnaga va oxir-oqibat aqidaning buzilishiga olib keladi. Islom tarixida xavorij, mo‘tazila va boshqa oqim va toifalarning vujudga kelishi ham, asosan, dinda g‘uluvga ketish natijasida sodir bo‘lgan. 

Ayni vaqtda, g‘uluvga berilganlar dinni o‘ta og‘ir va mashaqqatli tushuntirganlari bois odamlar to‘g‘ri yo‘ldan adashib, undan bezib qoladilar. Dinda g‘uluvga ketish haqida so‘z yuritilganda aqidaparast oqimlarning aqidaviy masalalarda g‘uluvga ketganlari va ularning xatolari hamda bu e’tiqodlari sof islomiy ta’limotlarga naqadar zid ekanini eslamasdan iloji yo‘q. 

G‘uluvga ketish, sarkashlik, itoatsizlik, manmansirash kabi illatlardan xoli bo‘lgan o‘tmish ajdodlarimiz dinimizni asrab-avaylab, bizgacha yetkazdilar. Shunday ekan, dinning musaffoligini asrash va uni kelajak avlodga asl xolicha yetkazish bizning vazifamizdir.

Abdug‘offor Hakimov, Mingbuloq tumani "Qo‘sh qishloq" jome masjidi imom-xatibi

MAQOLA