Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Xudoning o‘lgani va Uning qayta tirilmasligi haqidagi Fridrix Nitsshening solgan jari kimlargadir juda ham yoqib tushdi. Bu jarchi kim ekani, uning shaxsiyati, ruhiy xasta ekani va boshqa olmillar bilan hech kim qiziqmadi. O‘sha vaqtdagi oqim shunday edi. Uzoq yillar davomida o‘zlariga zulm o‘tkazib kelgan cherkovga qarshi har bir so‘z ko‘pchilikka ayni haqiqat bo‘lib ko‘rinar edi. Xudoning o‘lganiga ishonch hosil qilganlaridan keyin xudosizlik mafkurasini joriy qilishni boshladilar. Mazkur mafkura Din Xalverzonning ta’biri bilan aytgandan quyidagi ko‘rinishni oldi:
Xudoni inkor qilish
Xudosizlikning fundamental (tamal) qoidasi barcha g‘ayritabiiy narsalarni, shu jumladan, Xudoni ham inkor qilishdir. Ular uchun faqat moddiyat mavjud.
Xudosizlarlarning fikricha, Xudoga ishonish insonning o‘z fikr-xayollari va istak-xohishlarining intiqosidir. Xudo insonning o‘z shaklu shamoiliga ko‘ra yaratmagan, aksincha, inson Xudoni o‘z shaklu shamoyiliga ko‘ra yaratib olgan (Injilda «o‘z suratidek qilib» deyilgan).
Mo‘jizalarni inkor qilish
Xudoning borligi haqidagi fikrni inkor qilgandan keyin mo‘jizalar – ilohiy aralashuv mahsuli – yuz berishi mumkin emas, degan xulosa chiqarish mantiqqa muvofiq bo‘ladi. Xudosizlarning fikricha, Injilda bayon qilingan mo‘jizalar uning mualliflari muayyan diniy maqsadlardan kelib chiqqan holda to‘qib chiqargan uydirmalardir.
Evolyutsiya
Xudosizlarning ta’kidlashicha, koinotning borligi va uning murakkabligini evolyutsiya nazariyasi ilgari surgan tamoyillardan kelib chiqqan holda to‘liq izohlash mumkin. Shaxsiyat va ong (aql) ham evolyutsion jarayonning mahsuli bo‘lib, ularni kimyoviy va biologik elementlarning o‘zaro ta’sirlashuvi nuqtayi nazaridan qoniqarli darajada izohlash mumkin. Shunday qilib, hech qanday «mashinaning ruhi» yo‘q.
Inson
Xudosizlar dinga ahloqiy taqiqlar majmuasi va real voqelikdan qochish usuli deb qaraydilar. Din omi odamlarni qo‘rquvdan xalos qiladi, xolos. Xudosizlarning fikricha, insoniyat hayot uchun kurashish va qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun din tushovlaridan qutulib, muammolarga tik qarashi va yechimni o‘zidan, aql va ilm-fandan izlamog‘i darkor.
Ilm-fan
Xudosizlar ilmiy anglash usuli haqiqat va bilim tomon olib boruvchi yagona ishonchli yo‘ldir, deb qat’iy ishonadilar. Xudosizlarning fikricha, ong va iymon, ilm-fan va din, empirik tajriba va vahiy o‘rtasida murosasiz ziddiyat, adovat, qarama-qarshilik bor bo‘lib, haqiqat va bilim tomon olib boruvchi bu ikki yo‘l bir-birini inkor qiladi.
Hamma narsa haqida
Xudosizlar insondan tashqarida ahloqning mutlaq etaloni, andozasi (masalan, muqaddas Xudo) borligini inkor qiladilar. Ularning ta’kidlashicha, insoniyat ahloqiy fe’l-atvorga rioya qilish uchun yetarli sababga ega bo‘lish uchun o‘zidan tashqaridagi mutlaq ahloq me’yorlariga muhtoj emas. Inson azaldan ezgulik, yaxshilikka moyil, bu tug‘ma mehr-oqibatni ro‘yobga chiqarish uchun diniy evrilish emas, balki ta’lim, maorif kerak.
O‘lim
Inson o‘lgach, yaxlit va ongli shakldagi mavjudlikdan to‘xtaydi. «Ikkinchi Gumanistik manifest» (1973 y.) mualliflarining yozishicha, «tana o‘lgandan keyin yashashda davom etishining hech qanday ishonchli dalolati yo‘q».
«Olam va odam, din va ilm» kitobi asosida tayyorlandi
Saudiyalik bir shifokor ayol hikoya qiladi: "Muhammad ismli yoshi taxminan o‘ttizlarda bo‘lgan bir yigit qabulimga keldi. Uning yonida onasi bor edi — u undan qochmoqchi bo‘lar, u esa uni bag‘riga bosardi.
Onasi ro‘molini uloqtirardi, u esa qaytadan joyiga to‘g‘irlab qo‘yardi. Uning qo‘llarini tishlar, tirnardi, yuziga tuflardi — u esa jilmayardi.
Onasi shifoxonaga kirdi-yu, ro‘molini uloqtirib, aqli yo‘q majnun odam kabi kulib, shifokorning stoli atrofida yugurib aylana boshladi.
Shunda men so‘radim:
— Bu kim?
— Onam, — dedi u.
— Unga nima bo‘lgan?
— Ular shu hollarida, aqlsiz tug‘ilganlar, — dedi u.
— Unday bo‘lsa, siz qanday tug‘ilgansiz?
— Bobom ularni otamga olib bergan ekanlar, shoyad farzandli bo‘lar deb. Otam bir yildan so‘ng uni taloq qilgan ekanlar. Onam menga homilador bo‘lgan ekanlar. So‘ng men tug‘ilganman.
— Qachondan beri ularga qaraysiz, parvarish qilasiz?
— O‘n yoshimdan beri. Ularga ovqat tayyorlayman, qarayman. Uxlamoqchi bo‘lsam, chiqib ketib qolsalar qidirib yurmayin deb oyog‘imni oyoqlariga bog‘lab uxlayman...
— Nega bugun bu yerga olib keldingiz?
— Ularning qon bosimlari yuqori, qandli diabet kasallari bor.
Onasi kulib:
— Kartoshka ber, — dedi.
U berdi. Onasi yuziga tufladi. U kulib, yuzini tozaladi.
Shunda men so‘radim:
— U sizga ona ekanini biladilarmi, sizni taniydilarmi?
— Yo‘q, vallohi, men o‘g‘lilari ekanimni bilmaydilar. Lekin Yaratgan Robbim biladiki, u zot mening onamdirlar.
Onasi qarab turib:
— Ey o‘g‘lim, sen yolg‘onchisan! Nega meni Makkaga olib bormayapsan? — dedi.
U esa:
— Payshanba kuni olib boraman deb aytmadimmi, onajon? Payshanba kuni boramiz — dedi.
Men so‘radim:
— Uning zimmasidan (aqli joyida emasligi sabab) soqit bo‘lsa, Makkaga olib borish kerakmi?
U javob berdi:
— Opa, onam bilan Robbimning huzuriga hisobda turganimizda: “Muhammad, nega meni Makkaga olib bormagan eding?” — deyishini xohlamayman.
Men Robbimga qarata: “Robbim, men onamni yelkamda opichlab ko‘tardim, tavof qildirdim, zamzam ichirdim, Ka’baga qaratib qo‘ydim”, deyishni xohlayman.
Yana: “Allohim! Garchi ularning aqllari bo‘lmagan bo‘lsada, mening onam ekanlarini albatta Sen bilguvchisan!”, deyishni istayman”, dedi.
Men jim bo‘lib qoldim, ko‘zim yoshga to‘ldi. So‘ngra unga:
— Onangga ko‘rsatgan bu ehtiroming uchun Alloh senga ajru mukofotlar ato etsin! Bugungiday ota-onaga yaxshilik qilishni ko‘rmaganman.
U esa javob berdi:
— Men bu ishimni (kuni kelib) farzandlarim ham menga shunday muomala qilishlari umidila qilapman. Chunki birrul volidayn (albatta qaytadigan) qarzdir".