Sayt test holatida ishlamoqda!
24 May, 2025   |   26 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:18
Quyosh
04:57
Peshin
12:25
Asr
17:29
Shom
19:46
Xufton
21:19
Bismillah
24 May, 2025, 26 Zulqa`da, 1446

Ota-ona Alloh taolo harom qilgan ishni qilsa, bola nima qilishi kerak?

18.11.2024   3312   3 min.
Ota-ona Alloh taolo harom qilgan ishni qilsa, bola nima qilishi kerak?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ba’zi holatlarda farzand ahli solih, ota-ona fojir va fosiq bo‘lishi hollari ham uchrab turadi. Agar ota-ona Alloh taolo harom qilgan ishni qilsa, bola nima qilishi kerak? Bu savolning javobi quyidagi rivoyatda keladi.

عَنْ مُحَمَّدِ بْنِ أَبِي حَاضِرٍ قَالَ: كَانَ أَوَّلُ مَا ذُكِرَ بِهِ الْحَسَنُ أَنَّ رَجُلًا أَتَى حَلْقَةً فِيهَا الْحَسَنُ، فَقَالَ: مَا تَقُولُ فِي رَجُلٍ غَلَبَتْهُ أُمُّهُ أَيَضْرِبُهَا أَوْ يُقَيِّدُهَا؟ قَالَ: فَأَحْجَمَ الْقَوْمُ بِأَنْ يَأْمُرُوهُ فِي أُمِّهِ بِشَيْءٍ، فَقَالَ الْحَسَنُ: أَيُّهَا الرَّجُلُ قَيِّدْهَا؛ فَإِنَّكَ لَا تَصِلُهَا بِشَيْءٍ أَفْضَلُ مِنْ أَنْ تَحْجِزَهَا عَنْ مَحَارِمِ اللهِ. قَالَ النَّاسُ: قَالَ الْحَسَنُ كَذَا وَكَذَا، فَكَانَ ذَلِكَ أَوَّلَ مَا ذُكِرَ بِهِ الْحَسَنُ.

Muhammad ibn Abu Hozirdan rivoyat qilinadi: «Hasanning zikri tarqalishiga sabab bo‘lgan avvalgi masala quyidagi edi. Bir kishi Hasan o‘tirgan majlisga kelib, «Onasi g‘olib kelib, holi-joniga qo‘ymayotgan odam haqida nima deysan? Uni ursinmi yoki bog‘lab qo‘ysinmi?» dedi.

Qavm unga onasi haqida biror narsa deyishni bilmay, to‘xtab qoldi. Shunda Hasan: «Hoy odam! Sen uni bog‘lab qo‘y. Sen uning uchun Alloh harom qilgan narsalardan to‘sishdan ko‘ra afzalroq silai rahm qila olmaysan», dedi.

Odamlar: «Hasan unday dedi, bunday dedi», deyishni boshladilar. Hasanning zikri birinchi bor shunday tarqaldi».

Sharh: Hazrati Hasan Basriy ushbu rivoyatdagi masala sababli mashhur bo‘lib ketdilar. U kishi bu masalaga to‘g‘ri javob topib, ilk bor el og‘ziga tushgan edilar.

So‘ralgan savol quyidagicha ekan: Bir kishining onasi uni hech o‘z holiga qo‘ymay, nuqul janjal ko‘tarib, kun bermas ekan. Azbaroyi jonidan to‘yib ketgan kishi na onasini urishni, na uni bog‘lab qo‘yishni bilmay, ko‘pchilik ulamolar o‘tirgan majlisga murojaat qilgan ekan.

Darhaqiqat, bu juda og‘ir savol edi. Unda farzandning onaga munosabatidek nozik masala ko‘tarilgan edi. Ilmiy suhbat qilib o‘tirganlar bu mushkul savolni eshitib, indamay qolishibdi.

Shunda Hasan Basriy rahmatullohi alayhi shunday debdilar: «Ey yigit! Onang shu qadar haddidan oshgan bo‘lsa, urmagin, balki bog‘lab qo‘ygin. Chunki onangni bog‘lab qo‘yib, uni Alloh harom qilgan ishlardan to‘sishing afzal silai rahmdir».

Farzand haddidan oshgan onasini bog‘lab qo‘ysa, uni gunohdan to‘xtatadi, uning zulmidan xalos bo‘lib, zimmasidagi barcha yaxshilikni qilishda davom etaveradi, onaga qo‘l ko‘tarish gunohidan saqlanadi. Ovqatini berishda, hurmatini qilishda davom etaveradi, yomonligidan esa saqlanadi. Onani Alloh harom qilgan narsalardan to‘sib qo‘yib, unga yaxshilik qilishda davom etish onaning o‘zi uchun ham yaxshi bo‘ladi.

Agar mazkur gunohni ota-onadan boshqa odam qilsa, uni ursa bo‘lar edi. Ammo ota-onaning hurmatidan farzand ularni ura olmaydi. Shunday paytlarda ularni bog‘lab qo‘yishi mumkin ekan. Bu ish ota-onasining gunohdan tiyilishiga sabab bo‘ladi. Qolaversa, farzandning o‘z ota-onasini Alloh taolo harom qilgan ishdan bog‘lab qo‘yishi ularga qilgan yaxshiligi bo‘ladi.

«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Dinda g‘uluv ketishning salbiy oqibatlari

23.05.2025   1504   1 min.
Dinda g‘uluv ketishning salbiy oqibatlari

#Maqola #Ixtilof #G‘uluv

Islomda "g‘uluv" din ilmini anglashda haddan oshishdir. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: "Ayting: "Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!" (Moida surasi, 77-oyat).

Rasululloh alayhissalom "Alloh taolo shariatda ziyoda chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar", deb uch marta aytishlarida, dinda haddan tashqari ziyodalik qilish insonni halok qilish bilan teng ekanligidan ogohlantirmoqdalar. 

Dinda g‘uluvga ketish musulmon jamiyatlarida ixtilof va guruhbozlikka, fitnaga va oxir-oqibat aqidaning buzilishiga olib keladi. Islom tarixida xavorij, mo‘tazila va boshqa oqim va toifalarning vujudga kelishi ham, asosan, dinda g‘uluvga ketish natijasida sodir bo‘lgan. 

Ayni vaqtda, g‘uluvga berilganlar dinni o‘ta og‘ir va mashaqqatli tushuntirganlari bois odamlar to‘g‘ri yo‘ldan adashib, undan bezib qoladilar. Dinda g‘uluvga ketish haqida so‘z yuritilganda aqidaparast oqimlarning aqidaviy masalalarda g‘uluvga ketganlari va ularning xatolari hamda bu e’tiqodlari sof islomiy ta’limotlarga naqadar zid ekanini eslamasdan iloji yo‘q. 

G‘uluvga ketish, sarkashlik, itoatsizlik, manmansirash kabi illatlardan xoli bo‘lgan o‘tmish ajdodlarimiz dinimizni asrab-avaylab, bizgacha yetkazdilar. Shunday ekan, dinning musaffoligini asrash va uni kelajak avlodga asl xolicha yetkazish bizning vazifamizdir.

Abdug‘offor Hakimov, Mingbuloq tumani "Qo‘sh qishloq" jome masjidi imom-xatibi

MAQOLA