Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Xadicha onamiz vafot etganidan keyin ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning u kishiga bo‘lgan muhabbatlari so‘nmadi. Agar Xadicha onamizning qarindoshlaridan biror kishi u zotning oldilariga kelsa, hol-ahvol so‘rab, unga g‘amxo‘rlik qilardilar. Xadicha onamizning eng qiyin damlarda u zot sollallohu alayhi vasallamga ko‘rsatgan katta yordamlarini har doim zikr qilardilar. Ba’zan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Xadicha onamiz haqida yaxshi gaplarni gapirsalar, Oisha onamiz rashk qilgan paytlari ham bo‘lardi. Oisha roziyallohu anhoning rivoyat qilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Xadicha onamizni esga olsalar, uni maqtab, haqqiga istig‘for aytishdan charchamas edilar.
Bir kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Xadicha onamizning mehribonligi haqida gapirib qoldilar. Oisha onamiz ham o‘sha yerda edi. U kishi o‘zlarini tuta olmay: «Doim Xadicha haqida gapirasiz. Lekin Alloh sizga o‘sha keksa kampirning o‘rniga yoshroq va go‘zalroq ayollarni berdi», dedilar.
Bu gapdan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qattiq g‘azablanganlarini ko‘rgan Oisha roziyallohu anho pushaymon bo‘lib, o‘ziga-o‘zi: «Yo Robbim! Rasulingni g‘azabi bosilsin, men bundan keyin Xadichani yomonlik bilan tilga olmayman», dedilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizning ahvolini ko‘rib:
«Yo‘q, Alloh menga undan yaxshisini bermadi. Allohga qasamki, hamma kufrda bo‘lgan bir paytda u menga iymon keltirdi. Hamma meni inkor qilgan paytda meni tasdiqladi. Alloh taolo undan menga farzandlar ato etdi», dedilar.
Shundan so‘ng Oisha onamizdagi Xadicha onamizga nisbatan rashk hissi butunlay yo‘qoldi. Oisha roziyallohu anho aytgan gaplaridan xijolat bo‘lib: «Ey Allohning Rasuli, sizni payg‘ambar qilib yuborgan Allohga qasamki, bundan buyon Xadicha haqidagi xotiralaringizni bizga aytib berishingizni xohlayman», deya Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ko‘ngillarini oldilar.
«Millioner sahobalar» kitobidan
Bugun Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla Kenjayev boshchiligida Gurlan tumanidagi “Usmon Said bobo” jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda imom-xatiblar, vakillik xodimlari, tuman bosh imom-xatiblari va otinoyilari, shuningdek, “Haj – 2024” ziyoratchilari, mahalla raislari ishtirok etdi.
So‘ngra hududdagi oilalarga kirilib, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, nogironligi bor oilalar holidan xabar olindi. Ayrim sabablarga ko‘ra arazlashib qolgan oilalar imomlar, hojilarning hayot tajribasidan kelib chiqqan gaplaridan ta’sirlanib, yarashib oldilar.
Shuningdek, adashib aqidasi buzuq kimsalar tuzog‘iga tushib qolgan fuqarolar bilan ham suhbatlar o‘tkazilib, ularga islomning sof ta’limoti haqida ma’lumotlar berildi.
Bunday xayrli ishlar, ya’ni xalqqa xizmat qilib, odamlarni rozi qilish, Haqning roziligiga sabab bo‘ladi, inshoalloh.
So‘ngra imomlarning yo‘nalishga doir amalga oshirgan ishlari ko‘rib chiqildi.
Xayrli duolar bilan tashrif o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati