Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ibn Abbosdan roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Albatta Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mahzunlikda:
لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللهُ العَظِيمُ الحَلِيمُ، لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللهُ رَبُّ العَرْشِ العَظِيمِ، لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللهُ رَبُّ السَّمَوَاتِ، وَرَبُّ الأَرْضِ، رَبُّ العَرْشِ الكَرِيم.
«Laa ilaha illallohul ’aziymul haliym, Laa ilaha illallohu Robbul ’arshil ’aziym, Laa ilaha illallohu Robbus samavati va Robbul arzi Robbul ’arshil kariym», deb aytardilar.
Ma’nosi: «Halim va ulug‘ Allohdan boshqa iloh yo‘q. Ulug‘ arshning Robbi bo‘lgan Allohdan boshqa iloh yo‘q. Mukarram arshning va yeru osmonlarning Robbi bo‘lgan Allohdan boshqa iloh yo‘q (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).
Imom Muslimning rivoyatlarida: "Nabiy sollallohu alayhi vasallamga biror muhim ish tushsa yoki g‘am g‘ussa yetsa ana shu so‘zlarni aytganlar", deb aytilgan.
Bugun Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla Kenjayev boshchiligida Gurlan tumanidagi “Usmon Said bobo” jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda imom-xatiblar, vakillik xodimlari, tuman bosh imom-xatiblari va otinoyilari, shuningdek, “Haj – 2024” ziyoratchilari, mahalla raislari ishtirok etdi.
So‘ngra hududdagi oilalarga kirilib, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, nogironligi bor oilalar holidan xabar olindi. Ayrim sabablarga ko‘ra arazlashib qolgan oilalar imomlar, hojilarning hayot tajribasidan kelib chiqqan gaplaridan ta’sirlanib, yarashib oldilar.
Shuningdek, adashib aqidasi buzuq kimsalar tuzog‘iga tushib qolgan fuqarolar bilan ham suhbatlar o‘tkazilib, ularga islomning sof ta’limoti haqida ma’lumotlar berildi.
Bunday xayrli ishlar, ya’ni xalqqa xizmat qilib, odamlarni rozi qilish, Haqning roziligiga sabab bo‘ladi, inshoalloh.
So‘ngra imomlarning yo‘nalishga doir amalga oshirgan ishlari ko‘rib chiqildi.
Xayrli duolar bilan tashrif o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati