Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Hanifa bu fiqhning qoidalarini jamlashda o‘z zamonidagi tobe’inlar va ulardan keyingilardan ham ko‘p mehnat qildi. Shuning uchun hanafiy mazhabidagi eng katta odam bo‘ldi, eng katta ta’sir ko‘rsatgan inson bo‘ldi. O‘tganlardan naql qilib, dalillar keltirgani uchun, tartiblab chiqqani uchun uning nomi bilan aytiladigan bo‘ldi. Mabodo Abu Hanifa dunyoga kelmagan taqdirda ham, boshqa bir odam Kufada Ibn Mas’ud, Aliy va boshqalarning fiqhini naql qilgan bo‘lar edi. Mazhabimiz Yusufiy yoki Muhammadiy mazhabi deb yoki boshqa bir Falonchining mazhabi deb nomlanaverar edi. Xullas, Abu Hanifa shu mazhabga mansub odamlardan biridir, bu mazhabdagi birlamchi odam emas.
Endi bir shaxsga taqlid qilmasligimizni isbotlovchi ikkinchi bir dalilni ko‘rib chiqaylik. Bu ham juda muhim gap. Gap shundaki, bu mazhabda chiqarilgan fatvolarda Abu Hanifaning ellik foiz fiqhiga amal qilinmagan. Muzora’a, musoqot, haj va barcha qozilik masalalarida Abu Hanifaning so‘ziga fatvo berilmagan. Agar biz bir shaxsga taqlid qilganimizda, bir shaxsga ergashganimizda, uning birorta aytgan so‘zidan chiqmagan bo‘lardik. Vaholanki, Abu Hanifa bergan fatvolarning yarmiga amal qilinmayapti. Demak, biz shaxsga taqlid qilmayapmiz.
Yana bir misol. Hozirgi kunda hanafiy mazhabidagi hukmlarning qanchasi Abu Hanifaga tegishli? Menimcha, ikki yoki uch foizdan ko‘p emas, chunki imom A’zamdan keyin kelgan aksar ulamolar uning qavllarini taxrij qilishgan (usulidan masalalarni keltirib chiqarishgan). Natijada fiqhiy fatvo kitoblarining 90 foizidan oshig‘i taxrijdan iborat bo‘lib qolgan.
«Abu Hanifaning so‘zidan taxrij qilindi», degani nima o‘zi? Buning ma’nosi shuki, mazhabdagi hukmlar Abu Hanifaning o‘z so‘zi emas. Masalan, uning shogirdi imom Muhammad «Zohirur-rivoya» kitobida Abu Hanifaning so‘ziga binoan masalalarni chiqarib: «Abu Hanifaning so‘ziga qiyosan…» deydi.
Undan keyingi fatvolarning hammasi taxrijlardir.[1] Demak, «Abu Hanifa mazhabi» degani faxriy nomdir. Biz bu ulug‘ olimning buyuk xizmatlari tufayli uning nomini ana shunday ulug‘laymiz. Yana bir muhim gapni aytib o‘taman. Bu ma’lumotlardan maqsad o‘quvchida ilmiy qarash hosil qilishdir. Shunda yo‘lingiz mustahkam bo‘ladi, dinni tushunishdagi yo‘lingiz kuchli va to‘g‘ri bo‘ladi. Tashaddud va taraddud maktablari va tarixdagi adashgan toifalar bu fikrdan uzoqdadir. Biz Ahli sunna sifatida bunga e’tibor qaratamiz va mana shu g‘oyani saqlab qolishni istaymiz. Yuqorida biz yakka shaxslarga ergashmasligimiz haqida so‘z yuritib:
– Abu Hanifa bu mazhabning bir a’zosi ekaniga misollar keltirdik;
– Abu Hanifaning so‘zlaridan ko‘piga fatvo berilmaganini aytdik;
– Abu Hanifaning bevosita o‘ziga tegishli masalalar nihoyatda kam ekanini aytib o‘tdik.
Endi bir savol berib ko‘raylik. Mazhabda biz Abu Hanifaning so‘ziga suyanamizmi yoki mazhabdagi murajjih (ya’ni ixtilofli masalalarning biri ikkinchisidan ustun ekanini bayon qilgan) ulamolarning so‘zigami?
Javob: Mazhabdagi murajjih ulamolarning so‘ziga.
Ibn Obidin «Rosmul-muftiy»da mazhab ichidagi mujtahidlarning gapini olishimiz kerak, deb qaror qilgan, ya’ni agar ulamolar Abu Hanifaning so‘zini ma’qullashsa, shuni olamiz. Agar boshqasini tarjih qilishsa, shunga yuriladi. Mana shulardan tezkor xulosa qilishimiz mumkinki, biz, ya’ni Ahli sunna shaxsga taqlid qilmaymiz, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan boshqalar ma’sum emas. Hatto sahoba ham xato qilishi mumkin, Abu Hanifa ham xato qilishi mumkin, hamma xato qilishi mumkin. Shunday ekan, kuchli yo‘l turib, nega xato qilish chegarasiga kirish kerak?
[1] Mujtahidning usuli asosida hukm chiqarish (tarj.)
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan
O‘qilishi: Shahidallohu annahu laa ilaha illa huva val malaaikatu va ulul ilmi qooiman bilqisti laa ilaha illa huval ’aziyzul hakiym.
Ma’nosi: "Alloh adolat ila turib, albatta, Undan o‘zga iloh yo‘qligiga shohidlik berdi. Farishtalar va ilm egalari ham guvohlik berdilar. Undan o‘zga iloh yo‘q. U aziz va hakim Zotdir" (Oli Imron surasi, 18-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Kim ushbu oyatni o‘qib, oxirida "Allohdan boshqa iloh yo‘q ekanligiga men ham guvohman" desa, Alloh taolo ushbu oyatning harflari adadicha farishtalarni qiyomat kunigacha o‘sha kishining haqqiga istig‘for ayttirib qo‘yadi".
U zot alayhissalom boshqa hadisda bunday deganlar: "Kim uyquga yotishidan oldin ushbu oyatni o‘qisa, Alloh taolo yetmish mingta farishtani yaratadi va ular qiyomat kunigacha o‘sha kishining haqqiga istig‘for aytib turadilar".
Abu G‘olib aytadilar: "Men Kufaga tijorat qilish uchun borganimda A’mashga qo‘shni bo‘lib turdim. Shunda u kishini har kecha ushbu oyatni takror va takror o‘qigani va undan keyin: "Men ham Alloh guvohlik bergan narsaga guvohman, men ushbu guvohligimni Allohga omonat qilib topshiraman. Qiyomat kunida Alloh taolo menga omonatimni qaytargay" deganlarini eshitar edim.
Shunda u kishidan buning sababini so‘raganimda, aytgan edilar: "Abu Voil menga Ibn Mas’uddan rivoyat qilib aytgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Kim ushbu oyatni o‘qib, oxirida ushbu kalimalarni aytsa, qiyomat kunida Alloh taolo unga xitob qilib bunday deydi: "Bandam menga bergan va’dangda turding, ya’ni tavhidda, Men ham O‘z va’damda turaman. Ey, maloikalarim! Jannatning hamma eshiklarini ochinglar, bu bandam xohlagan eshigidan kirsin", deydi".