Cavol: Masjidimiz uch tomonidan qabriston bilan o‘ralgan. Ba’zi tanishlarim qabriston ichida joylashgan masjidda namoz o‘qib bo‘lmaydi, deb jamoat namoziga, masjidga chiqishmaydi. Ularni shu ishlari to‘g‘rimi? Qabristonga qo‘shni masjidda namoz o‘qib bo‘lmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Agar masjid devorlar bilan o‘ralgan yoki boshqa biror to‘siq bo‘lib qabriston tashqarida qolgan bo‘lsa, namoz o‘qish makruh bo‘lmaydi. Bu holatda bemalol namoz o‘qish mumkin. Ammo o‘rtada biror to‘siq bo‘lmasa namoz o‘qish makruh bo‘ladi. Bu haqida mo‘tabar fiqh kitoblarimizda Bunday deyiladi:
“Agar qabristonda namoz uchun joy tayyorlangan bo‘lib u joyda qabr ham najosat ham bo‘lmasa, namoz o‘qishning biror zarari yo‘qdir” (“Raddul muhtor” kitobi).
“Ulamolar qabrga qarab namoz o‘qish makruhligi to‘g‘risida so‘z yuritib, ayrimlari: “Makruhlik sababi bu ishda ahli kitoblarga o‘xshashlik bor”, ba’zilari “Qabristonda mayyitlar suyagi bor bo‘lib, ular nopok va najosatdir”, deganlar.
Ulamolar aytgan bu makruhlik – namoz o‘qiyotgan bilan qabriston o‘rtasida devor yoki biror to‘siq bo‘lmagan holatda bo‘ladi. Agar devor yoki to‘siq bo‘lsa, namoz o‘qish makruh emas.
Devor ajratuvchi bo‘ladi. Agar namoz o‘quvchi bilan qabrlar o‘rtasida biror to‘siq bo‘lmasa, jamoat masjidlarida qabr tarafga yuzlanish makruh bo‘ladi” (“Al-Muhiyt al-Burhoniy” kitobi).
Zamondosh olimlarimiz tomonidan yozilgan mo‘tabar manbalarda ham ushbu masalaga quyidagicha xulosa qilingan:
Hanafiylar: “Qabristonda agar qabr namoz o‘qiyotgan kishi oldida bo‘lib, namozxon xushu bilan namoz o‘qiyotganida (ya’ni, ko‘zi sajda joyiga qaraganda ham) ko‘zi qabrga tushadigan darajada bo‘lsa (ya’ni biror to‘siq bo‘lmasa), namoz o‘qish makruh hisoblanadi”.
Agar qabr namozxonning tepasi, usti yoki ostida bo‘lsa, bu holda karohiyat yo‘qdir. Bu xuddi najosat va nopok narsalardan xoli, namoz uchun tayyorlab qo‘yilgan joyda namoz o‘qish makruh bo‘lmagani kabidir”, deganlar (“Al-fiqhul islamiy va adillatuhu” va “Al-fiqhu alal mazahibil arba’a” kitoblari).
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, qabristonga qo‘shni masjidlarda namoz o‘qish joiz. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning masjidlari bunga eng katta dalildir. Chunki ushbu masjid ham qadimdan “Baqi’” qabristoni bilan yonma-yon joylashgan. Rasuli akram alayhissalomning muborak qabrlari ham masjid bilan tutash. Shunga qaramay hozirga qadar birorta ulamo “Masjidi Nabaviy”da namoz o‘qib bo‘lmaydi, degan da’voni qilgani yo‘q. Qolaversa, shariatimizda qabriston atrofiga masjid qurishdan qaytarilmagan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Saudiya Arabistonining Swift News internet nashri haj mavsumida ziyoratchilarimizga ko‘rsatilayotgan e’tiborni keng yoritdi. Maqola avvalida mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar rivojlanayotgani, ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabatlari, o‘zaro tashriflari va samimiy muloqotlar haqida so‘z yuritilgan.
Nashrda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda haj kvotasi 3 barobar oshirilib, har yili 15 ming nafar fuqaro hojilik baxtiga musharraf bo‘layotgani, umra ziyoratchilari soni bir necha yuz mingni tashkil etishi yuqori baholangan.
Joriy mavsumda Madina shahriga yetib kelgan bo‘lajak hojilarimiz katta ehtirom ila kutib olinayotgani, ziyoratchilar respublikamizning 9 ta xalqaro aeroporti orqali munavvar shaharga kuzatilayotgani qayd etilgan. Shuningdek, muborak safar mobaynida har bir tadbir aniq reja asosida, yuksak saviyada amalga oshirilayotgani, tashkiliy-hujjat ishlari, toatu ibodatlar, istiqomat, oziq-ovqat, tibbiyot va transport xizmatlari yuqori sifat va darajada yo‘lga qo‘yilganiga urg‘u qaratilgan.
Qisqacha aytganda, arab nashrida chop etilgan maqolada mamlakatimizda haj va umra tadbirlariga katta e’tibor berilib, mo‘min-musulmonlarning ulug‘ amallarini mukammal ado etishlari uchun barcha imkoniyatlar hozirlangani, bundan nafaqat yurtimiz ahli, balki saudiyalik mutasaddilar ham mamnun ekani bayon etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati