Bismillahir Rohmanir Rohiym
«Tufayl otasi Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Kechaning uchdan ikki qismi o‘tganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rinlaridan turib, «Ey odamlar, Allohni zikr qilinglar! Allohni zikr qilinglar! Rojifa* keldi, endi rodifa* ham keladi. O‘lim bor bo‘yicha keldi! O‘lim bor bo‘yicha keldi!» dedilar. «Ey Allohning Rasuli, men har kungi duolarim orasida sizga ham salavot aytaman. Bu duolarning qanchasini salavotga ajratayin?» dedim. U zot: «Istaganingcha», dedilar. «To‘rtdan birinimi?» dedim. U zot: «Xohishing, lekin bundan ham ko‘p bo‘lsa, o‘zingga yaxshi», dedilar. «Yarminimi?» dedim. U zot: «Xohishing, lekin bundan ham ko‘p bo‘lsa, o‘zingga yaxshi», dedilar. «Uchdan ikkisinimi?» dedim. U zot: «Xohishing, lekin bundan ham ko‘p bo‘lsa, o‘zingga yaxshi», dedilar. «Unda o‘sha duolarimning hammasi sizga salavot bo‘ladi», degan edim, «Unday bo‘lsa, g‘amlaring ariydi, gunohlaring kechiriladi», dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Rojifa – Qiyomat kuni surning birinchi chalinishi. Bunda barcha maxluqotlar halok bo‘ladi.
Rodifa – Qiyomat kuni surning ikkinchi chalinishi. Bunda barcha maxluqotlar qayta tiriladi.
Demak, Alloh taolo ko‘p salavot aytgan odamning barcha dunyoviy va uxroviy g‘am-tashvishlarini daf qilib, gunohlarini kechirib yuborar ekan. Shunday ekan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ko‘p-ko‘p salavot aytish kerak, shunda g‘amlarimish, qayg‘ularimiz ariydi, inson qiyinchiliklardan kengchilikka chiqadi.
Shu o‘rinda sizga mana bu go‘zal voqeani aytib beraman:
Bir kishi qattiq qiyinchilikka uchrabdi. Qarzlari ko‘payib, besh yuz tillaga yetibdi, ishlari esa yurishmay qolibdi. Kelishilgan vaqt kelganda haqdorlar qarzini so‘rab kelishibdi. Lekin bechoraning qarzni to‘lashga hech vaqosi yo‘q ekan. Haqdorlar uni qoziga olib borib, shikoyat qilishibdi. Qozi uni zindonga tashlashga hukm qilib, «Qarzlaring to‘lanmaguncha shu yerda yotasan», debdi. Bechora qarzdor qoziga «Muhtaram qozi, ertagacha muhlat bering, borib, ayolimga aytib kelayin, xavotir olib yurmasin», deb iltimos qilibdi. Qozi o‘ylanib qolibdi. So‘ng: «Ertaga qaytib kelishingga kim kafil bo‘ladi?» debdi. Qarzdor: «Qozi janoblari! Menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kafil bo‘ladilar. Aytilgan paytda kelmasam, dunyoda ham, oxiratda ham bu kishi Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatidan emas deb guvohlik beraverasiz!» debdi. Qozi yaxshi odam ekan, qarzdorning shu so‘zi uchun unga ruxsat beribdi.
Qarzdor kishi uyiga borib, ayolidan rozi-rizolik so‘rabdi. Oqila ayol: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni kafil qilib, bir kunga bo‘lsa ham ruxsat olibsiz, keling, kechasi bilan u zot sollallohu alayhi vasallamga salavot aytib chiqaylik», debdi. Er-xotin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot ayta boshlashibdi. Birpasdan keyin ikkisining ham ko‘zi ilinib, uxlab qolishibdi. Qarzdorning tushiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirib, bunday debdilar: «Tong otganda shahar hokimining oldiga borib, mendan salom ayting, «Rasululloh so‘rayaptilar, qarzimni to‘lab berar ekansiz», deb ayting. So‘zingizga isbot so‘rasa, ikkita isboti borligini aytasiz. Birinchisi – hokim har kuni kechasi menga ming marta salavot aytadi, biror kun qoldirmaydi. Ikkinchisi – u kecha kechasi adashib, salavotni kamroq aytdi, lekin u kam aytsa ham, menga to‘liq qilib yetkazildi. Shuni aytasiz».
Qarzdor yig‘lab uyg‘onibdi-yu, shahar hokimining uyiga boribdi. Oldiga kirib, «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sizga salom aytdilar, mening qarzimni to‘lab berishingizni aytdilar», debdi. Shahar hokimi «Qarzingiz qancha?» deb so‘rabdi. Qarzdor «Besh yuz tilla», debdi. Hokim «Rasululloh aynan sizga aynan meni aytganlarini qanday isbotlaysiz?» debdi. Qarzdor Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tushuntirganlaridek javob beribdi: «Ikkita isbotim bor. Birinchisi – siz har kuni kechasi Rasulullohga ming marta salavot aytar ekansiz», debdi. Bu gapni eshitib, hokim ho‘ngrab yig‘lab yuboribdi, zo‘rg‘a «To‘g‘ri», debdi. Qarzdor so‘zida davom etibdi: «Ikkinchi isboti – kecha kechasi adashib ketib, salavotni kamroq aytibsiz. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga to‘liq holda yetkazilibdi». Buni eshitgan shahar hokimi hushidan ketib qolay debdi, darhol baytulmoldan besh yuz tilla tanga olib kelishni buyuribdi, so‘ng o‘z hisobidan qarzdorga yana ikki ming besh yuz tilla tanga berib, «Bu – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning salomini yetkazganing uchun», debdi. Qarzdor odam u yerdan chiqib, qarzini to‘lash uchun qozining oldiga kelibdi. Kelsa, qozi ham uni kutib turgan ekan, ko‘rishi bilan: «Birodar, qarzlaringni o‘zim to‘layman! Mana bu besh yuz tilla esa senga hadya!» debdi. Qarzdor hayron bo‘lib qolibdi. Qozi esa: «Sen tufayli men bugun tushimda Rasulullohni ko‘rdim! U zot menga: «Bu kishining qarzlarini to‘lasangiz, biz ham sizning qarzlaringni to‘laymiz!» dedilar», deb yig‘labdi.
Shu payt qozining oldiga haqdor kirib kelib, «Qozi janoblari! Men bu kishiga bergan qarzlarimdan kechdim! Mana bu besh yuz tilla tanga esa mendan unga hadya! Chunki shu insonni deb, bugun kechasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tushimda ko‘rdim. U zot menga: «Bu kishining qarzlaridan kechsang, Qiyomat kuni afv etilasan», dedilar», deb yig‘labdi. Qozining oldiga bo‘ynida besh yuz tilla tanga qarz bilan kirib, salavotlarning barakotidan to‘rt ming tilla tanga bilan chiqqan qahramonimiz bir umr har kuni tinmay salavot aytib o‘tibdi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ta’lim berayotgan barcha duolarning tub maqsadi shuki, qay holatda, qanday ishda mashg‘ul bo‘lsangiz ham, qalbingiz faqat Alloh tomonga qarasin. Bu qalbni Alloh taolo O‘zi uchun yaratgan. Ko‘z, quloq, til va boshqa a’zolar dunyoviy ishlar uchun, ular orqali dunyoviy maqsadlarga erishiladi. Lekin qalbni Alloh taolo xolis O‘zi uchun yaratgan. Toki, unda Allohning tajalliysi (nuri) bo‘lsin, Allohning muhabbati ila yashnasin, Allohning zikri ila obod bo‘lsin.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Eng afzal amal bandaning tili Allohning zikri ila nam bo‘lishidir», dedilar.
Tilni Alloh taolo qalbga tushadigan zina qilgan. Til bilan zikr qilaversang, inshaAlloh, u zikr qalbga naqshlanib boraveradi. Alloh taoloning yodi va muhabbati shu darajada jo bo‘lsinki, qalb Alloh taoloning tajalliygohi (nuri tushadigan joy) bo‘lsin. Tariqat, tasavvuf va sulukning asl maqsadi ham shudir.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan