Sayt test holatida ishlamoqda!
24 May, 2025   |   26 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:18
Quyosh
04:57
Peshin
12:25
Asr
17:29
Shom
19:46
Xufton
21:19
Bismillah
24 May, 2025, 26 Zulqa`da, 1446

Qayg‘ularimni salavot bilan yengaman

19.11.2024   3623   6 min.
Qayg‘ularimni salavot bilan yengaman

Bismillahir Rohmanir Rohiym

«Tufayl otasi Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:

«Kechaning uchdan ikki qismi o‘tganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rinlaridan turib, «Ey odamlar, Allohni zikr qilinglar! Allohni zikr qilinglar! Rojifa* keldi, endi rodifa* ham keladi. O‘lim bor bo‘yicha keldi! O‘lim bor bo‘yicha keldi!» dedilar. «Ey Allohning Rasuli, men har kungi duolarim orasida sizga ham salavot aytaman. Bu duolarning qanchasini salavotga ajratayin?» dedim. U zot: «Istaganingcha», dedilar. «To‘rtdan birinimi?» dedim. U zot: «Xohishing, lekin bundan ham ko‘p bo‘lsa, o‘zingga yaxshi», dedilar. «Yarminimi?» dedim. U zot: «Xohishing, lekin bundan ham ko‘p bo‘lsa, o‘zingga yaxshi», dedilar. «Uchdan ikkisinimi?» dedim. U zot: «Xohishing, lekin bundan ham ko‘p bo‘lsa, o‘zingga yaxshi», dedilar. «Unda o‘sha duolarimning hammasi sizga salavot bo‘ladi», degan edim, «Unday bo‘lsa, g‘amlaring ariydi, gunohlaring kechiriladi», dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).

Rojifa – Qiyomat kuni surning birinchi chalinishi. Bunda barcha maxluqotlar halok bo‘ladi.
Rodifa – Qiyomat kuni surning ikkinchi chalinishi. Bunda barcha maxluqotlar qayta tiriladi.

Demak, Alloh taolo ko‘p salavot aytgan odamning barcha dunyoviy va uxroviy g‘am-tashvishlarini daf qilib, gunohlarini kechirib yuborar ekan. Shunday ekan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ko‘p-ko‘p salavot aytish kerak, shunda g‘amlarimish, qayg‘ularimiz ariydi, inson qiyinchiliklardan kengchilikka chiqadi.

 

Shu o‘rinda sizga mana bu go‘zal voqeani aytib beraman:

Bir kishi qattiq qiyinchilikka uchrabdi. Qarzlari ko‘payib, besh yuz tillaga yetibdi, ishlari esa yurishmay qolibdi. Kelishilgan vaqt kelganda haqdorlar qarzini so‘rab kelishibdi. Lekin bechoraning qarzni to‘lashga hech vaqosi yo‘q ekan. Haqdorlar uni qoziga olib borib, shikoyat qilishibdi. Qozi uni zindonga tashlashga hukm qilib, «Qarzlaring to‘lanmaguncha shu yerda yotasan», debdi. Bechora qarzdor qoziga «Muhtaram qozi, ertagacha muhlat bering, borib, ayolimga aytib kelayin, xavotir olib yurmasin», deb iltimos qilibdi. Qozi o‘ylanib qolibdi. So‘ng: «Ertaga qaytib kelishingga kim kafil bo‘ladi?» debdi. Qarzdor: «Qozi janoblari! Menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kafil bo‘ladilar. Aytilgan paytda kelmasam, dunyoda ham, oxiratda ham bu kishi Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatidan emas deb guvohlik beraverasiz!» debdi. Qozi yaxshi odam ekan, qarzdorning shu so‘zi uchun unga ruxsat beribdi.

Qarzdor kishi uyiga borib, ayolidan rozi-rizolik so‘rabdi. Oqila ayol: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni kafil qilib, bir kunga bo‘lsa ham ruxsat olibsiz, keling, kechasi bilan u zot sollallohu alayhi vasallamga salavot aytib chiqaylik», debdi. Er-xotin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot ayta boshlashibdi. Birpasdan keyin ikkisining ham ko‘zi ilinib, uxlab qolishibdi. Qarzdorning tushiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirib, bunday debdilar: «Tong otganda shahar hokimining oldiga borib, mendan salom ayting, «Rasululloh so‘rayaptilar, qarzimni to‘lab berar ekansiz», deb ayting. So‘zingizga isbot so‘rasa, ikkita isboti borligini aytasiz. Birinchisi – hokim har kuni kechasi menga ming marta salavot aytadi, biror kun qoldirmaydi. Ikkinchisi – u kecha kechasi adashib, salavotni kamroq aytdi, lekin u kam aytsa ham, menga to‘liq qilib yetkazildi. Shuni aytasiz».

Qarzdor yig‘lab uyg‘onibdi-yu, shahar hokimining uyiga boribdi. Oldiga kirib, «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sizga salom aytdilar, mening qarzimni to‘lab berishingizni aytdilar», debdi. Shahar hokimi «Qarzingiz qancha?» deb so‘rabdi. Qarzdor «Besh yuz tilla», debdi. Hokim «Rasululloh aynan sizga aynan meni aytganlarini qanday isbotlaysiz?» debdi. Qarzdor Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tushuntirganlaridek javob beribdi: «Ikkita isbotim bor. Birinchisi – siz har kuni kechasi Rasulullohga ming marta salavot aytar ekansiz», debdi. Bu gapni eshitib, hokim ho‘ngrab yig‘lab yuboribdi, zo‘rg‘a «To‘g‘ri», debdi. Qarzdor so‘zida davom etibdi: «Ikkinchi isboti – kecha kechasi adashib ketib, salavotni kamroq aytibsiz. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga to‘liq holda yetkazilibdi». Buni eshitgan shahar hokimi hushidan ketib qolay debdi, darhol baytulmoldan besh yuz tilla tanga olib kelishni buyuribdi, so‘ng o‘z hisobidan qarzdorga yana ikki ming besh yuz tilla tanga berib, «Bu – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning salomini yetkazganing uchun», debdi. Qarzdor odam u yerdan chiqib, qarzini to‘lash uchun qozining oldiga kelibdi. Kelsa, qozi ham uni kutib turgan ekan, ko‘rishi bilan: «Birodar, qarzlaringni o‘zim to‘layman! Mana bu besh yuz tilla esa senga hadya!» debdi. Qarzdor hayron bo‘lib qolibdi. Qozi esa: «Sen tufayli men bugun tushimda Rasulullohni ko‘rdim! U zot menga: «Bu kishining qarzlarini to‘lasangiz, biz ham sizning qarzlaringni to‘laymiz!» dedilar», deb yig‘labdi.

Shu payt qozining oldiga haqdor kirib kelib, «Qozi janoblari! Men bu kishiga bergan qarzlarimdan kechdim! Mana bu besh yuz tilla tanga esa mendan unga hadya! Chunki shu insonni deb, bugun kechasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tushimda ko‘rdim. U zot menga: «Bu kishining qarzlaridan kechsang, Qiyomat kuni afv etilasan», dedilar», deb yig‘labdi. Qozining oldiga bo‘ynida besh yuz tilla tanga qarz bilan kirib, salavotlarning barakotidan to‘rt ming tilla tanga bilan chiqqan qahramonimiz bir umr har kuni tinmay salavot aytib o‘tibdi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.

Boshqa maqolalar

Mening onam ekanliklarini Robbim biladi... (hayotiy voqea)

23.05.2025   2984   3 min.
Mening onam ekanliklarini Robbim biladi... (hayotiy voqea)

Saudiyalik bir shifokor ayol hikoya qiladi: "Muhammad ismli yoshi taxminan o‘ttizlarda bo‘lgan bir yigit qabulimga keldi. Uning yonida onasi bor edi — u undan qochmoqchi bo‘lar, u esa uni bag‘riga bosardi. 
Onasi ro‘molini uloqtirardi, u esa qaytadan joyiga to‘g‘irlab qo‘yardi. Uning qo‘llarini tishlar, tirnardi, yuziga tuflardi — u esa jilmayardi.

Onasi shifoxonaga kirdi-yu, ro‘molini uloqtirib, aqli yo‘q majnun odam kabi kulib, shifokorning stoli atrofida yugurib aylana boshladi.

Shunda men so‘radim:
— Bu kim?
— Onam, — dedi u.
— Unga nima bo‘lgan?
— Ular shu hollarida, aqlsiz tug‘ilganlar, — dedi u.
— Unday bo‘lsa, siz qanday tug‘ilgansiz?
— Bobom ularni otamga olib bergan ekanlar, shoyad farzandli bo‘lar deb. Otam bir yildan so‘ng uni taloq qilgan ekanlar. Onam menga homilador bo‘lgan ekanlar. So‘ng men tug‘ilganman.

— Qachondan beri ularga qaraysiz, parvarish qilasiz?
— O‘n yoshimdan beri. Ularga ovqat tayyorlayman, qarayman. Uxlamoqchi bo‘lsam, chiqib ketib qolsalar qidirib yurmayin deb oyog‘imni oyoqlariga bog‘lab uxlayman...
— Nega bugun bu yerga olib keldingiz?
— Ularning qon bosimlari yuqori, qandli diabet kasallari bor.

Onasi kulib:
— Kartoshka ber, — dedi.
U berdi. Onasi yuziga tufladi. U kulib, yuzini tozaladi.
Shunda men so‘radim:
— U sizga ona ekanini biladilarmi, sizni taniydilarmi?
— Yo‘q, vallohi, men o‘g‘lilari ekanimni bilmaydilar. Lekin Yaratgan Robbim biladiki, u zot mening onamdirlar.

Onasi qarab turib:
— Ey o‘g‘lim, sen yolg‘onchisan! Nega meni Makkaga olib bormayapsan? — dedi.
U esa:
— Payshanba kuni olib boraman deb aytmadimmi, onajon? Payshanba kuni boramiz — dedi.
Men so‘radim:
— Uning zimmasidan (aqli joyida emasligi sabab) soqit bo‘lsa, Makkaga olib borish kerakmi?
U javob berdi:
— Opa, onam bilan Robbimning huzuriga hisobda turganimizda: “Muhammad, nega meni Makkaga olib bormagan eding?” — deyishini xohlamayman.
 Men Robbimga qarata: “Robbim, men onamni yelkamda opichlab ko‘tardim, tavof qildirdim, zamzam ichirdim, Ka’baga qaratib qo‘ydim”, deyishni xohlayman. 
   Yana: “Allohim! Garchi ularning aqllari bo‘lmagan bo‘lsada, mening onam ekanlarini albatta Sen bilguvchisan!”, deyishni istayman”, dedi. 

Men jim bo‘lib qoldim, ko‘zim yoshga to‘ldi. So‘ngra unga:
— Onangga ko‘rsatgan bu ehtiroming uchun Alloh senga ajru mukofotlar ato etsin! Bugungiday ota-onaga yaxshilik qilishni ko‘rmaganman.
U esa javob berdi:
— Men bu ishimni (kuni kelib) farzandlarim ham menga shunday muomala qilishlari umidila qilapman. Chunki birrul volidayn (albatta qaytadigan) qarzdir".