Cavol: Savol berishdan maqsad sunnatni inkor qilish emas. Faqat hozirgi kunda kimlardir hijoma, yana kimlardir donorlik qildiradilar. Avtohalokat va boshqa turli kasalliklar tufayli bemorlarga qon zarur bo‘lib qoladi. Shundan kelib chiqib, hozirgi davrda hijoma qildirgan yaxshimi yoki donorlikmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz so‘ragan narsa qon oldiruvchi bemorning holati va shifokorning unga bergan tavsiyasiga qarab belgilanadi. O‘zi sog‘lom, lekin qon oldirmoqchi bo‘lgan insonga siz aytgan mulohazalar tufayli donorlik afzal hisoblanadi. Chunki bunda insonlarga yordam berish, hayotini qutqarish kabi yaxshiliklar bor. Ammo mazkur donorlik beg‘araz bo‘lishi, ya’ni mablag‘ evaziga bo‘lmasligi kerak. Alloh taolo insonni aziz va mukarram etib yaratgani uchun, hur odamni va uning tana a’zolarini sotish aslo mumkin emas. “Fathi bobil inoya” kitobida bu haqda bunday deyilgan:
وَلاَ بيع أَجْزَاءِ آدَمِيِ لكرامته
“Inson mukarram bo‘lganligi uchun uning a’zolarini sotish mumkin emas”.
Lekin qon quyish zarurati tug‘ilganda xolis yordam beruvchi topilmay qolsa, bemor hayotini saqlab qolish uchun qon sotib olishga ruxsat beriladi.
Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Imkoniyatni qo‘ldan boy bermang! Jumaga erta borganga tuya qurbonlik qilganning savobi beriladi...
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Qachonki, juma kuni bo‘lsa, masjidning eshiklaridan har bir eshikda farishtalar turadi va kelganni yozadilar. Qachonki imom kelsa, sahifalarni yopib, zikrni tinglashga kelurlar. Erta boruvchi xuddi tuya qurbonlik qilgan kabidir.
So‘ngra, xuddi qoramol qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi qo‘chqor qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi tovuq qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi tuxum qurbonlik qilgan kabi", dedilar.