Yahyo domla RAZZOQOV
Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi
00:00 Anons
00:48 Haqiqiy musofir kim? Inson qachon musofir sanaladi?
01:27 Muqim kishilar to‘rt rakatli namozda musofirga iqtido qilishsa va musofir imom ikkinchi rakatda namozni tugatmay, to‘rt rakat o‘qisa, uning bu ishi iqtido qilgan muqimlarning namoziga ta’siri yo‘qmi? 02:46 Men Farg‘onalikman. Toshkentda o‘qiyman. Yil oxirida ta’til berilganda uyimga borib kelaman. Uyda turgan vaqtimda namozlarimni qasr qilib o‘qishim kerakmi?
03:19 Musofir qachon muqimga aylanadi?
04:03 Qasr qilib o‘qish nima degani? (Sunnat namozlari ham qasr qilib o‘qiladimi?)
04:30 Vatani asliy va vatani iqoma nima?
05:32 Bir odam biror hojat uchun uyidan chiqdi. 20-30 kmlik masofaga bordi. U yerda ishi bitmay, yana yo‘lida davom etdi va safar masofasi (90 km)ni bosib o‘tdi. Shu odam musofir bo‘ladimi yoki muqimmi?
06:37 Musofir ro‘za tutmasa bo‘ladimi?
07:23 Musofir qaysi vaqt bilan og‘iz ochadi? (Samolyot, poyezdda bo‘lganida...).
07:53 Qarzi bor odam safarga chiqishi mumkinmi?
08:38 Umra ibodatiga borganda namoz qanday o‘qiladi?
09:17 Musofirga qurbonlik qilish vojibmi?
10:06 Safarda maxsi kiyish shartlari va tartibi
10:51 Uzoq yo‘lga chiqqanda mashinada o‘tirib namoz o‘qib ketsa bo‘ladimi?
12:21 Samolyot, poyezdda qibla qanday aniqlanadi?
12:44 Muqimlikni niyat qilgan kishi qachondan namozlarni to‘liq o‘qiydi?
13:11 Men o‘z uyimdan 200 km uzoqda xizmat safarida ishlayman. Har 10-12 kunda uyga 2-3 kunga boraman. Ishda men namozlarni qasr qilib o‘qiyman. Sharoitlar yaxshi, men namozimni qasr qilib o‘qishim shartmi bu holatda yoki to‘liq qilib o‘qisam ham bo‘laveradimi?
14:07 Uzoq safarlarga chiqqanda samolyot yoki poyezdlarda namoz vaqtlari to‘g‘ri keladi. Shunda qanday yo‘l tutish kerak?
14:47 Safarga chiqqan kishi borgan joyida qancha turishini bilmasa, namozini qanday o‘qiydi? Men Gulistonda yashayman. Toshkentda o‘qiyman. Toshkentga o‘qishga borganimda ba’zida bir hafta, ba’zida ikki hafta, ba’zida 15 kundan ko‘p qolaman. Aytmoqchi bo‘lganim ma’lum muddatni qasd qilib bormayman, vaziyatga qarab, uyga qaytib qolishim mumkin. Toshkentga borganimda qancha vaqt qolishimni bilmasam, namozlarimni qanday o‘qiyman?
16:24 Men Qo‘qon shahridanman. Toshkentdan Qo‘qonga qatnab, taksichilik qilaman. Yo‘lovchilarning ba’zisi Qo‘qonning o‘ziga borsa, yana ayrimlari shaharga qo‘shni bo‘lgan qishloqlarga boradi. Toshkentga borish va qaytishda namozni qasr o‘qish kerakligini bilaman. Qaytishda namozni qayerdan boshlab to‘liq o‘qiyman?
17:04 Aytaylik bizning 3ta uyimiz bor va bularning xammasining orasi 90 km dan oshadi, agar oilam bilan xar doim yashaydigan uyimdan boshqa uyimga xoxlagan paytim borib yashasam, o‘sha uyimda xam muqim bo‘lamanmi?
18:45 Musofir odam halol xayvonni go‘shti bo‘lsa iste’mol qilaveradi, uni qay yo‘sinda so‘yilgani bilan qiziqmaydi deb eshitib qoldim. Bu qanchalik to‘g‘ri?
19:50 Ayol kishi safarga chiqqanida kimlar mahram bo‘la oladi?
Hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimning sharhlovchisi sifatida hukm chiqarish vakolatiga ega edilar. Shunga binoan hadis hukm chiqarish bo‘yicha ikki asosiy sohani qamrab oladi.
Birinchi soha: Qur’oni karimda zikr etilgan hukmlarni yoritib berish.
Ikkinchi soha: Qur’oni karimda ko‘rsatilmagan masalalarni hukm shaklida belgilash.
Birinchi sohada hadis Qur’oni karim oyatlarini tafsir qiladi. Umumiy ma’noga ega bo‘lganini xoslashtiradi, ya’ni unga xususiy ma’no beradi, mutloq, ya’ni, qayd va shartsiz oyatlarni qaydlaydi.
Shu o‘rinda ba’zi bir misollar keltirib o‘tamiz. Qur’oni karimda “Namoz o‘qinglar” deb amr qilingan. Lekin namozlarning soni, sifati, rak’atlarining soni Payg‘ambarimiz alayxissalom tomonidan belgilangan va amalda ko‘rsatib berilgan. Bu esa mujmal iborani izohlash misoli.
Umumiy mazmunni xos qilish uchun misol. Qur’oni karimda meros tizimi umumiy ma’noda kelgan. Ya’ni meros qoldirish va meros olish huquqi berilgan. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam meros olish uchun din birligi, qotil bo‘lmaslik va qul bo‘lmaslikni shart qilib qo‘yib uni xoslashtirganlar. Masalan, o‘z otasini o‘ldirgan yoki nohaq yo‘l bilan uning o‘limiga sabab bo‘lgan farzand otasidan meros olish xuquqidan mahrum bo‘ladi.
Ikkinchi soha bo‘yicha hadisga tegishli masalalar. Zarurat chog‘ida Qur’oni karimda aytilmagan biron bir yangi hukmni hadis hukm qilib belgilab beradi. Bu o‘rinda ayrim hukmlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan maxfiy vahiy yoki ilhom orqali sodir bo‘lgan va ba’zilari u zotning ijtihodlari va shaxsiy fikrlaridan kelib chiqqan. Albatta, Payg‘ambarimiz alayhissalom ijtihod qilishda ham islom ruhi va falsafasini nazarda tutar edilar.
Bu o‘rinda ko‘p misollar berish mumkin. Masalan, momoga merosdan oltidan bir hissa berish, nikoh bitimining to‘g‘ri bo‘lishi uchun guvohlar shartligi, badan a’zolari xun bahosini belgilash kabi hukmlar kiradi.
Islom shariatida hadislarning o‘rni ahamiyatli ekani ko‘rinib turibdi. Hukmlar faqatgina Qur’oni karimning o‘zidan olinmaydi. Qur’oni karimda kelgan ko‘pgina hukmlar tafsilotini bilish uchun hadislar muhim ahamiyat kasb etadi. Balki shar’iy hukmlarning bir qanchasi hadislar orqali kelib chiqqan ekan.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.