Bismillahir Rohmanir Rohiym
Biz harakatsiz yashash tarzi to‘g‘risida salbiy ma’nodagi gaplarni ko‘p eshitamiz, u yomon kayfiyatga sabab bo‘lishi yoki hatto kasalliklar ham qo‘zg‘atishi mumkinligi to‘g‘risida aytishadi. Haqiqatan ham nima uchun harakatsiz yashash tarzi shunchalik zararli?
Jismoniy harakat miyada yangi hujayralar paydo bo‘lishi va boshqa o‘zgarishlar yuz berishini ta’minlash bilan uning holatiga amaliy ta’sir o‘tkazadi. Yangi tadqiqodlar shuni ko‘rsatadiki, harakatsizlik bosh miyadagi ayrim neyronlarning deformatsiyasiga olib keladi, bu esa o‘z navbatida yurakka ham ta’sir qiladi.
Bundan 20 yil oldin ko‘pchilik olimlar qarilik boshlanishi bilan miya tuzilishi butunlay mahkamlanib qoladi deb hisoblashgan. Lekin oxirgi nevrologik tadqiqodlar natijasiga ko‘ra, butun hayotimiz davomida miya o‘z harakatchanligini saqlab qolar ekan. Olimlar miya rivojlanishi uchun ayniqsa jismoniy mashqlar samarali bo‘lishini aytishmoqda.
Olimlar taxmin qilishlaricha simpatik asab tizimi miyaning rostral bo‘limidagi neyronlar tomonidan haddan tashqari ko‘p xabar olishi natijasida tartibsiz va xavfli munosabat bildira boshlaydi.
Oddiy qilib aytganda, neyronlar simpatik asab tizimini ancha qattiqroq bezovta qila boshladi, bu esa o‘z navbatida uning faoliyat muvozanati buzilishiga olib keladi. Natijada qon bosimi oshishini va yurak-tomir kasalligini keltirib chiqaradi.
Xulosa: kamharakatli yashash tarzining juda ko‘p fiziologik oqibatlari bor, shu jumladan bosh miyaning tuzilishi va faoliyatiga ham ta’sir yetkazadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan Allohga sevimliroqdir, lekin har ikkisida ham yaxshilik bor", deganlar.
Saudiya Arabistonining Swift News internet nashri haj mavsumida ziyoratchilarimizga ko‘rsatilayotgan e’tiborni keng yoritdi. Maqola avvalida mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar rivojlanayotgani, ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabatlari, o‘zaro tashriflari va samimiy muloqotlar haqida so‘z yuritilgan.
Nashrda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda haj kvotasi 3 barobar oshirilib, har yili 15 ming nafar fuqaro hojilik baxtiga musharraf bo‘layotgani, umra ziyoratchilari soni bir necha yuz mingni tashkil etishi yuqori baholangan.
Joriy mavsumda Madina shahriga yetib kelgan bo‘lajak hojilarimiz katta ehtirom ila kutib olinayotgani, ziyoratchilar respublikamizning 9 ta xalqaro aeroporti orqali munavvar shaharga kuzatilayotgani qayd etilgan. Shuningdek, muborak safar mobaynida har bir tadbir aniq reja asosida, yuksak saviyada amalga oshirilayotgani, tashkiliy-hujjat ishlari, toatu ibodatlar, istiqomat, oziq-ovqat, tibbiyot va transport xizmatlari yuqori sifat va darajada yo‘lga qo‘yilganiga urg‘u qaratilgan.
Qisqacha aytganda, arab nashrida chop etilgan maqolada mamlakatimizda haj va umra tadbirlariga katta e’tibor berilib, mo‘min-musulmonlarning ulug‘ amallarini mukammal ado etishlari uchun barcha imkoniyatlar hozirlangani, bundan nafaqat yurtimiz ahli, balki saudiyalik mutasaddilar ham mamnun ekani bayon etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati