Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ulug‘ sahoba Ubay ibn Ka’b ibn Qays ibn Ubayd ibn Muoviya ibn Amr ibn Molik ibn Najjor ibn Sa’laba ibn Amr Hazrajiy Madinai Munavvarada tug‘ilgan, birinchilardan bo‘lib iymon keltirgan madinaliklardan edi. U zot Hazraj qabilasining Banu Najjor qavmidan edi. Otasining ismi Ka’b, onasining ismi Suhayla binti Najjor bo‘lib, Abu Tolha ansoriyning ammasi edi.
Imom, qori, faqih, mufassir bo‘lgan bu sahoba ikkala Aqaba bay’atida, barcha g‘azotlarda, jumladan, Badr, Uhud va Xandaq g‘azotlarida qatnashgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muhojir va ansorlarni birodar tutintirganlarida Ubay ibn Ka’bni jannat bashoratini olgan o‘n sahobadan biri – Said ibn Zayd bilan birodar tutintirganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuni «Abul Munzir» degan kunya bilan, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu esa «Abu Tufayl» degan kunya bilan chaqirishgan. Umar roziyallohu anhu u kishini «musulmonlarning sayyidi» der edi.
Ubay ibn Ka’b johiliyat davrida o‘qish-yozishni biladigan oz sonli kishilardan biri edi. Madinada ansorlar orasidan birinchi bo‘lib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga kotiblik qilgan kishi Ubay ibn Ka’b bo‘ldi. Shu tarzda Madina davrida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga kelgan ilk vahiyni aynan Ubay ibn Ka’b yozgan. Ubay ibn Ka’b bo‘lmagan paytlarda esa oyatlarni Zayd ibn Sobit yozib borar edi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomdan vahiyni qabul qilib olsalar, Ubay ibn Ka’b uni yozib bo‘lgach, hali siyohi qurib ulgurmay yod olib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o‘qib berar edi.
Ubay ibn Ka’b janglarda ham eng birinchi safda edi. Ahzob urushida yarador bo‘lganida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam unga tabib yubordilar. Tabib hazrat Ubayning bir tomirini kesib turib, keyin qizdirilgan narsa bosdi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Ahzob urushida bemor bo‘lgan Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuga tabib yuborishlari u zotning har xil tabiblikni da’vo qiluvchilarni emas, haqiqiy tajribadan o‘tgan tibni e’tirof qilishlarini bildiradi. Shu bilan birga, u zot alayhissalomning Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuga nisbatan bo‘lgan ehtimom va ehtiromlarini ko‘rsatadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinadan biror joyga safar qilsalar, ko‘pincha Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuni o‘rnilariga qoldirib, besh mahal namozga imomlik qilishni buyurar edilar.
Alloh taolo Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuga o‘tkir zakovat ato etgan edi. U zot bu zakovatni Qur’oni Karimni o‘rganishga, ilm olishga sarfladi. Bu sa’y-harakat tezda o‘z samarasini berib, u sahobai kiromlar ichida qiroatda ham, boshqa ilmlarda ham peshqadam bo‘lib qoldi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam yana: «Ummatimdan Allohning Kitobiga eng qorisi Ubay ibn Ka’bdir», deganlar.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning fazilatlari haqida ko‘p va xo‘p aytilgan. Ammo ularning gultoji Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlaridir. U zot sollallohu alayhi vasallam «Qur’on qiroatini to‘rt kishidan – Ibn Mas’uddan, Abu Huzayfaning mavlosi Solimdan, Ubaydan va Muoz ibn Jabaldan o‘rganinglar», deganlar (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarga Qur’oni Karim o‘rgatish uchun aynan Ubay ibn Ka’bni tayin qildilar. Ubay ibn Ka’b Masjidi Nabaviyda barchaga Allohning Kalomini o‘rgatar edi. Ko‘plab sahobiylar, xususan, Abu Hurayra, Ibn Abbos kabi mashhur sahobalar ham Ubay ibn Ka’bdan ilm o‘rganishgan.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Allohning Kitobidagi eng ulug‘ oyat qaysi?» dedilar. «Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq», dedi Ubay ibn Ka’b. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam savollarini yana bir marta takrorlagan edilar, «Allohu laa ilaaha illaa huval Hayyul-Qoyyum», dedi Ubay. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mamnun bo‘lib, «Ilm senga oson qilinsin, Abu Munzir», dedilar.
Bu ulkan bashorat edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu so‘zlari Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuga ilm ne’mati berilganiga ishora hamda bu ilm yanada ziyoda bo‘lishini so‘rab qilingan duo edi. Alloh taolo bu duoni ijobat qildi. Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu musulmon ummatining eng mashhur qorisiga aylandi, bu ummatning eng ilmli kishilaridan biri bo‘ldi.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuga:
– Ubay, Alloh taolo menga Qur’onni senga o‘qib berishimni buyurdi, – dedilar.
– Ota-onam sizga fido bo‘lsin, ey Allohning Rasuli! U Zot sizga mening ismimni aytdimi? – dedi Ubay.
– Ha, isming ham, nasabing ham mala’ul-a’loda, – dedilar u zot.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga mala’ul-a’loda – farishtalar davrasida bir insonning, bir bandaning ismi zikr qilinishidan ulug‘ martaba bormi?
Alloh taolo O‘zi Qur’onni vahiy qilib yuborayotgan zotga «Qur’onni Ubay ibn Ka’bga o‘qib bering», deb buyurishidan ulug‘ darajot bormi?
Bir kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam namozdagi qiroatda ikkilanib qoldilar. Namozdan keyin Ubay ibn Ka’bga: «Sen ham biz bilan birga namoz o‘qidingmi?» deb so‘radilar. «Ha», dedi Ubay. «Nega luqma tashlamading?» dedilar.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu Qur’onga eng mohir qorilardan biri edilar. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdek zot namozda u kishidan luqma kutgan ekanlar.
Ammo Ubay ibn Ka’bga ato etilgan darajotlarning eng oliysi shuki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga jannatni va’da qilganlar!
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu doim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlarida bo‘lishga intilar, u zot bilan eng uzoq vaqt birga bo‘ladigan sahobalardan edi. Shuning uchun ham keyinchalik Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari qatoridagi olti qozining biri bo‘ldi. Shuningdek, Ubay ibn Ka’b Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlik chog‘laridayoq fatvo bergan oz sonli sahobiylardan biri bo‘ldi. Muhammad ibn Sahl roziyallohu anhu «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonlarida fatvo bergan sahobiylardan uchtasi ansoriy, uchtasi muhojir edi. Muhojirlar – Umar, Usmon va Aliy roziyallohu anhum, ansorlar esa Ubay ibn Ka’b, Muoz ibn Jabal va Zayd ibn Sobit roziyallohu anhum edi», degan.
Tafsir, hadis, fiqh va boshqa ko‘plab diniy ilmlarning shakllanishi va rivojlanishida Ubay roziyallohu anhuning katta xizmatlari bor. U kishi Qur’oni Karimdan tashqari Tavrot va Injilni ham yaxshi bilar edi. Hazrat Umar roziyallohu anhuning buyrug‘i bilan musulmonlar ilk bor taroveh namozini o‘qishganda ularga aynan Ubay roziyallohu anhu imom bo‘lgan.
Hazrat Umar roziyallohu anhuning davrida Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuga qori sifatida ham, olim sifatida ham Islom ummatiga katta xizmatlar nasib qildi. Ehtimol, shuning uchundir, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu u kishini «sayyidul-muslimin» der edilar. Bir kuni Jobiyada xutba qilib, shunday deganlar:
«Ey odamlar! Kim Qur’on bo‘yicha savol so‘ramoqchi bo‘lsa, Ubay ibn Ka’bning oldiga kelsin.
Kim meros bo‘yicha savol so‘ramoqchi bo‘lsa, Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning oldiga kelsin.
Kim fiqh bo‘yicha savol so‘ramoqchi bo‘lsa, Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning oldiga kelsin.
Kim mol-dunyo so‘ramoqchi bo‘lsa, mening oldimga kelsin. Alloh meni musulmonlarning mol-mulkiga voliy va taqsimlovchi qildi».
Bu rivoyatda ham o‘sha paytda musulmon ummati ichida Qur’oni Karimni Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuchalik biladigan odam yo‘qligiga dalolat bor.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu o‘sha paytning eng ko‘zga ko‘ringan qozisi ham edilar. Bir kuni Umar roziyallohu anhu Masjidi Nabaviyni kengaytirmoqchi bo‘ldilar. Masjid yonida Abbos ibn Abdulmuttolib roziyallohu anhuning hovlisi bor edi. Hazrat Umar u kishiga o‘sha hovlini sotishni so‘radi. Hazrat Abbos esa hovlini sotishdan bosh tortdi. Shunda Umar: «Unday bo‘lsa, uni menga hadya qil», dedilar. U yana bosh tortdi. Shunda Umar: «Bo‘lmasa, uni sotib, masjidni kengaytirishga hissa qo‘sh», dedi. Abbos roziyallohu anhu bunga ham rozi bo‘lmagach, hazrat Umar: «Shulardan birini albatta tanlashing kerak», dedi. U bundan ham bosh tortgan edi, Umar: «Unda o‘rtamizga bitta odam (hakam) tanla», dedi. U esa Ubay ibn Ka’bni tanladi. Ikkovi qozining oldiga borishdi. Ubay Umarga: «Menimcha, uni rozi qilmay turib, hovlisidan chiqara olmaysan», dedi. Umar unga: «Sening bu hukming Allohning Kitobida bormi yoki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida kelganmi?» dedilar. Ubay: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida», dedi. Umar: «Qaysi sunnatlarida?» dedilar. Ubay ibn Ka’b shunday dedi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Sulaymon ibn Dovud alayhissalom Baytul-Maqdisni bino qilganida qaysi devorni qursa, yiqilib tushaverdi. Shunda Alloh unga «Birovni rozi qilmaguningcha uning haqqiga bino qurma», deb vahiy qildi», deganlarini eshitganman». Bu so‘zni eshitgach, Umar uni o‘z holiga qo‘ydi. Abbos roziyallohu anhu esa hovlisini masjidning hududiga qo‘shib, uni kengaytirishga hissa qo‘shdi.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu hazrat Umar roziyallohu anhuni bemalol tanqid qilaverar edi.
Bir kuni Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning bir oyatni o‘qiganini eshitib, hayron bo‘lib qoldi. Shunda Ubay: «Men buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganman, u paytda sen Baqi’da bozorda yurgan bo‘lsang kerak», dedi. Umar roziyallohu anhu: «To‘g‘ri aytasan! Oramizda haqni aytadigan odam bormi, yo‘qmi deb, sinamoqchi bo‘ldim, xolos. Huzurida haq so‘z aytilmaydigan, o‘zi ham uni aytmaydigan amirda yaxshilik yo‘q», dedi.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu Laylatul-qadr Ramazoni sharifning yigirma yettinchi kechasi ekanini aytgan sahobalardan biridir.
Bir kuni Ubay ibn Ka’b betob bo‘lib qoldi. Abdulloh ibn Nusoyr roziyallohu anhu bir nechta sahoba bilan birga uni ko‘rishga keldi. Shu payt azon eshitilib qoldi. Hazrat Ubay «Bu azonmi yo takbirmi?» deb so‘radi. Ziyoratchilar «Takbir», deyishdi. U: «Nimani kutib turibsizlar? Tezroq namozga bormaysizlarmi?» dedi. «Seni shu holatda tashlab ketamizmi?» deyishgan edi, u shunday dedi: «Bunday qilmanglar! Turinglar! Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga bomdod namozini o‘qib berib bo‘lib, so‘ng jamoatga yuzlanib, «Falonchi bormi? Falonchi bormi?» deb, namozga kelmagan uch kishini chaqirdilar. So‘ng bunday dedilar:
«Munofiqlar uchun eng og‘ir namoz bomdod bilan xuftondir. Agar ular bu ikki namozning qanchalik savobligini bilishganda emaklab bo‘lsa ham masjidga kelgan bo‘lishar edi. Bilib qo‘yinglar: yolg‘iz o‘qilgan namozdan ikki kishi bo‘lib o‘qilgan namoz afzal. Ko‘pchilik bilan o‘qigan namozingiz Allohga sevimliroqdir. Birinchi saf farishtalarning safi kabidir. Agar uning fazilatini bilishsa, unga shoshilgan bo‘lishardi. Bilib qo‘yinglar, jamoat bilan o‘qilgan namoz yolg‘iz, jamoatsiz o‘qilgan namozdan 24 yoki 25 daraja afzaldir».
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan 164 ta hadis rivoyat qilgan. Ulardan oltmishtasi «Kutubi sitta»da kelgan, uchtasi Imom Buxoriyning, yettitasi Imom Muslimning hadislar to‘plamiga kiritilgan.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadislarning biri shunday mazmunda:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim: «Odam bolasining bir vodiy to‘la oltini bo‘lsa, ikkinchisini istaydi. Ikki vodiy to‘la oltini bo‘lsa, uchinchisini istaydi. Insonning ko‘zini tuproqdan boshqa narsa to‘ydira olmaydi. Alloh taolo esa tavba qilganning tavbasini qabul qiladi!»
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu hijratning 30-yilida vafot etdi.
Ibn Zamra aytadi: «Madinaga kelsam, xalq qo‘zg‘algan, shov-shuv bo‘layotgan ekan. «Nima bo‘ldi», deb so‘rasam, «Bu yerlik emasmisan? Axir barcha musulmonlarning, qorilarning sayyidi vafot etdilar-ku», deyishdi».
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning vafot etgan sanasi haqida bir necha xil ma’lumotlar bor. Al-Voqidiy bunday deydi: «Bir qancha hodisalar u zot Umar roziyallohu anhuning xalifalik davrida vafot etganini ko‘rsatadi. Yaqinlari va boshqalar esa Madinada, hijriy 22 yili vafot etganini aytishgan. Biroq Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu Usmon roziyallohu anhuning xalifalik davrlarida – hijriy 30 yilda vafot etgani haqda ma’lumotlar ham bor». Bizningcha, mana shu haqiqatga yaqinroq bo‘lib, hazrat Usmonning Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuga Qur’oni Karimni jamlashni buyurganlari fikrimizning dalili bo‘la oladi.
Alloh taolo Ubay ibn Ka’bdan rozi bo‘lsin!
Mustafo Mahmud tayyorladi
«Hilol» jurnali 4 (61) son
Alloh taoloning inson zotiga ko‘rsatgan cheksiz marhamatlaridan biri shubhasiz suv ne’matidir. Zamindagi biror tirik jon suvdan behojat bo‘lolmaydi. Ushbu hayotdagi barcha narsa suv bilan tirikdir. Lekin Yaratuvchi bu ulug‘ ne’matini maxsus bir suv bilan xosladi. Unga fazl va barakot ato etdi. Musulmonlar kurrai zaminning turli nuqtalaridan ushbu xos ne’matdan bahramand bo‘lish uchun keladilar. U ham bo‘lsa zamzam suvidir. Xo‘sh, zamzam suvi o‘zi nima va uning qanday mo‘jizakor xususiyatlari bor?
Zamzam suvi
Zamzam suvi bu - zamzam qudug‘idan chiqadigan suvdir. Bu quduq Makkai mukarramadagi Haram hududida joylashgan. Bu suv barcha musulmonlar nazdida muqaddas suv hisoblanadi. Zero, Alloh taolo uni o‘ziga xos mo‘'jizaviy xususiyatlar bilan boshqa suvlardan afzal qilgan. Dini Islom ta’limotlariga ko‘ra, zamzam bulog‘ini Alloh taolo Ismoil alayhissalom va uning onasi uchun chiqarib bergan.
Zamzam qudug‘i Makkiy Haram hududi o‘z ichiga olgan muhim tarixiy unsurlardan biri hisoblanadi. U yer sathidagi eng mashhur buloq bo‘lib, musulmonlar qalbida o‘ziga xos ruhiy o‘rni bor. Ayniqsa, hojilar va umra ziyoratchilari uchun bu suvning ahamiyati katta. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Yer yuzidagi eng yaxshi suv zamzam suvidir. U to‘yimli taom va kasallikdan shifodir" (Tabaroniy rivoyati, al-Mo‘jam al-Kabir, sahih hadis).
Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa bunday marhamat qilinadi: "Zamzam suvi nima niyatda ichilgan bo‘lsa, o‘sha niyatning ro‘yobga chiqishiga sabab bo‘ladi" (Imom Ahmad, ibn Moja va boshqalar rivoyati).
Zamzam suvining nomlari
Zamzam suvining ko‘p nomlari bo‘lib, quyida ularning ba’zilarini zikr qilamiz:
1. "Zamzam" va "Zumazim". Bu so‘z "zamma-yazimmu-zumuman" fe’lidan olingan bo‘lib, biror idishga suv lim-lim to‘lib yonlaridan oqib tushganda ishlatiladi. Zamzam bulog‘ining suvi ko‘p va barakali bo‘lganligi uchun shunday nomlangan. Boshqa bir rivoyatda kelishicha, zamzam bulog‘i otilib chiqqan paytda Hojar onamiz unga qarab "zam-zam!" ya’ni "ko‘pay va ziyoda bo‘l!", degan ekanlar. Yana bir qavlga ko‘ra esa zamzamning bunday nomlanishi Jabroil alayissalomning zamzamasidan ya’ni, farishtaning mazkur buloq ustida chiqargan tovushi va kalomi tufaylidir. Boshqa bir fikrga ko‘ra, mazkur buloq ilk marotaba otilib chiqqan vaqtda o‘zidan maxsus tovush chiqarib sharqirab turgan, shu sababli zamzam deb nomlangan. Zero, zamzama so‘zi shovqin bermoq, muttasil tovush chiqarmoq ma’nosini anglatadi. Zamzama so‘zining yana bir ma’nosi biror narsaning yoyilib ketgan chetlarini to‘plash, tarqalib ketmasligi uchun jamlash ma’nosini anglatadi.
2. "Baraka" va "Muboraka". Baraka so‘zi o‘sish, ziyoda bo‘lish, ko‘p yaxshilik va saodat ma’nolarini anglatadi. Zero, ularning bari zamzamda mavjuddir.
3. "Barra". Bu so‘z yaxshilik, ezgulik va vafo ma’nolarini anglatuvchi "birrun" so‘zidan olingan. Chunki Alloh taolo bu suv bilan Ismoil alayhissalomga yaxshilik qilgan. Yana bir qavlda esa aytiladiki, chunki u abrorlar, ya’ni yaxshilar uchun oqib chiqqan, fojirlardan esa tiyilgan.
4. "Bushro". Bushro so‘zi lug‘atda yaxshilik va xursandchilik xabari, mujda ma’nosini anglatadi. Zamzamning bunday nom bilan atalishiga sabab o‘zi va o‘g‘lining hayotini saqlab qolish uchun jon holatda suv qidirayotgan paytda Hojar onamiz uchun xushxabar bo‘lganligidandir. Zero, Hojar onamiz Safo va Marvo orasida suv izlab umidlari uzilay degan paytda Alloh taolo tomonidan in’om qilingan zamzamni ko‘rib qolgach, benihoya xursand bo‘lib ketadilar va "menga xushxabar bo‘lsin, axir bu suv-ku!", deb yuboradilar.
5. "Maktuma" (yashirilgan). Jurhum qabilasidan so‘ng zamzam bulog‘i yerga ko‘milib, berkilib ketganligi uchun shunday atalgan edi. So‘ngra Abdul Muttolib uni qayta ochgan.
6. "Haramiyya". Zamzam qudug‘i Alloh taoloning Harami ichkarisida bo‘lganligi tufayli unga "Haramiyya", ya’ni Haram bulog‘i degan nom berildi.
7. "Rakzatu Jibriyl" (Jabroilning qanot qoqishi), "hazmatu Jibriyl" (Jabroil paydo qilgan quyilik, chuqircha), "vat’atu Jibriyl" (Jabroilning oyoq bosishi). Zamzam suvining bunday nomlar bilan nomlanishiga sabab uning Jabroil farishta o‘z qanoti bilan yerga urishi yoxud oyog‘i bilan yerga tepishi natijasida paydo bo‘lib, yerdan otilib chiqqanligidir.
8. "Solima" (sog‘lom va salomatli suv). Zamzamning bu ism bilan nomlanishiga sabab unda salomatlik va ofiyat borligidandir.
9. "Siqoyatul hoj" (Hojilarga suv berish). Zamzam suvi hojilarni suv bilan ta’minlaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hojilarni zamzam suvi bilan ta’minlash ishini Abbos roziyallohu anhu va oilasiga topshirdilar.
10. "Sayyida". Chunki zamzam suvi boshqa barcha suvlarning sayyidi, eng afzali, eng sharaflisi va eng qadri balandi hisoblanadi.
11. "Shabbo‘atul 'iyol" (kambag‘allarni to‘ydiruvchi) shuningdek, "shab’a" (to‘qlik, to‘yimlilik). Johiliyat davrida zamzam bulog‘i shu nom bilan ham nomlanardi. Sababi, u chanqaganni chanqog‘ini qondirardi, kambag‘allarning qornini to‘ydirardi.
12. "Sharobul abror" (yaxshilarning sharobi). Sababi hamma yaxshilar va solih kishilar zamzam suvidan ichishga haris bo‘ladilar.
13. "Shifau suqmin" (kasalliklar shifosi). Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qildilar: "Zamzam yer yuzidagi eng yaxshi suvdir. Unda ochiqqanlar uchun taom, kasalliklar uchun shifo bordir" (Tabaroniy {11167, 11/98}, Haysamiy {3/286}, Ibn Hibbon sahih deganlar). Unda Alloh taoloning izni bilan barcha kasalliklarga davo bordir. Kim shifo niyatida ichsa, Allohning irodasi bilan, albatta, tuzalib ketadi.
14. "Sofiya" (sof). Zamzam barcha zararli narsalardan pok va sof bo‘lgan suvdir.
15. "Tohira" (pok). Zamzam barcha aybu nuqsonlardan pok, ichuvchi kishi uchun foydali suvdir. Bundan tashqari, zamzam hurmati balandligi uchun iflos narsalarga iste’mol qilinmaydi.
16. "Toyyiba" (xush, shirin, mazali). Zamzam suvining bu nom bilan nomlanishi sabab, ichgan kishi lazzatlanadi, uni hamma yaxshi ko‘radi.
17. "Zohira" (zohir, ochiq-oydin). Zamzam suvining manfaati doim zohir bo‘lib, ko‘rinib turadi.
18. "Ofiyat". Zamzam suvi uni ichgan inson uchun ofiyat va shifodir. Alloh taolo mutaxassis tabiblar ham davolay olmagan qancha-qancha kasalliklardan zamzam tufayli shifo bergan.
19. "G‘iyos" (yordam, qutulish). Chunki u Hojar onamiz va u kishining farzandi Ismoil alayhissalom uchun yordam, qattiq qiyinchilikdan so‘ng qutulish manbai edi.
20. "Kofiya" (kifoya qiluvchi). Zamzam suvi uni ichayotgan kishining barcha hojatlariga kifoya qiluvchidir.
21. "La tunzofu vala tuzammu" (yo‘q bo‘lmaydi va kamaymaydi). Zamzam suvidan qancha ko‘p ichilmasin kamaymaydi ham, tugab ham qolmaydi.
22. "Ma’saratu Abbos" (Abbosning ulug‘ merosi). Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hojilarga zamzam suvini ichirishdek sharafli vazifani Abbos roziyallohu anhu va uning oilasi uchun ajratib beradilar. Bu esa Abbos roziyallohu anhu va uning oilasi uchun ulug‘likda tengsiz bo‘lgan meros edi.
23. "Mu’nisa" (do‘st, dildosh). Zamzam suvidan ichgan mo‘min unga o‘rganib, o‘zida unga nisbatan doimiy mayl his qiladi va uni yaxshi ko‘rib qoladi. Mudom zamzam suvidan ichgisi kelaveradi.
24. "Maymuna" (barakali). Zamzam suvi har tamonlama barakalidir.
25. "Nofi’a" (foydali). Zamzam suvi sanab tugatib bo‘lmaydigan manfaatlarga ega ekanligi tufayli shunday nomlangan.
Zamzam suvining foydalari
Zamzam suvi o‘zining ma’naviy foydalaridan tashqari salomatlik uchun ko‘plab foydali xususiyatlarga egadir. Ularning ba’zilarini quyida zikr qilamiz:
1. Erta qarishning oldini oladi.
2. Jismning himoya tizimini (immunitet) kuchaytiradi.
3. Ovqat hazm qilishga yordam beradi.
4. Saratonga qarshi samarali vositalardan biri hisoblanadi.
5. Jism uchun foydali bo‘lgan ozuqa moddalarini qonga so‘rilish jarayonini kuchaytiradi.
6. Jismga kuch-quvvat baxsh etadi. Ayniqsa, hojilar haj mavsimida bunday kuch-quvvat va energiya manbaiga muhtoj bo‘ladilar.
7. Ko‘plab kasalliklardan tuzalishga yordam beradi. Jumladan, ko‘rish qobiliyatining pasayishi, qizamiq, yurak-qon tomir kasalliklari, qon bosimi, qon aylanishi kasalliklari va boshqa bir qator xastaliklardan tuzalishda samarali yordam beradi.
8. Shuningdek, zamzam suvi qandli diabet kasaliga chalinganlar, buyrak xastalari uchun ham shifodir. Shu bilan birga suyak va bo‘g‘in kasalliklari, oshqozon-ichak kasalliklari, hazmdagi muammolar, yo‘g‘on ichak muammolari, qabziyat va yana bir qancha kasalliklarni davolashda samarali vosita hisoblanadi.
Zamzam suvini boshqa suvlarga aralashtirish haqida
Agar zamzam suvidan boshqa oddiy suvlarga aralashtirilsa mazkur oddiy suv unga qo‘shilgan aralashma miqdoricha barakot va fazilat kasb etadi. Qancha ko‘p aralashtirilsa, shunchalik barakoti ortadi. Kamroq aralashtirilgan bo‘lsa ham mazkur suv zamzam qo‘shilmagan suvdan afzalroq va barakotliroq bo‘ladi. Zero, zamzam aralashtirilgan suvdan ichgan kimsa zamzam suvining ma’lum miqdorini ichgan hisoblanadi. Shu tufayli, uning fayzidan bonasib bo‘ladi.
Imom Kosoniy (rahimahulloh) aytadilar: "Agar bir kimsa zamzam suvidan iborat bo‘lgan biror suvni ichmayman deb qasam ichgan bo‘lsa va o‘sha (zamzamdan iborat bo‘lgan) suvga boshqa suvlardan juda ko‘p miqdorda quyilib, natijada zamzam suvi o‘ziga quyilgan ko‘p miqdordagi suvga aralashib, boshqa suv uning ustidan g‘olib kelsa va shundan so‘ng, mazkur suvdan ichsa, qasamini buzgan hisoblanadi" ("Badoi’u-s-sanoi'": 3/63;).
Yuqoridagi matnda aytilmoqchi bo‘layotgan narsa shuki, zamzam suvini ichmayman deb qasam ichgan kishi o‘ziga juda ko‘p oddiy suv aralashtirilishi natijasida oddiy suvga aralashib ketgan zamzam suvidan ichsa, qasamiga rioya qilmagan va zamzamdan ichib qo‘ygan hisoblanar ekan. Bu esa oddiy suvga aralashtirilgan zamzam butkul yo‘qolib ketmasligini anglatadi. Balki, u aralashgan suviga barakot kirgazadi.
Shu ma’noda, zamzam aralashtirilgan suvga "zamzam" deyilsa ham u hukman zamzam maqomida bo‘ladi. Unda zamzamning barakoti va fazilati mavjud bo‘ladi. Oddiy suvlardan ortiq bo‘ladi. Unga har qancha ko‘p suv quyilsa ham baribir, ichida zamzam mavjud bo‘ladi. Ammo fazilatda musaffo zamzamchalik bo‘lmaydi.
Sahobai kiromlar nafaqat zamzam, balki Nabiy alayhissalom tahorat qilgan suvlardan ham tabarruklanganlar. Uzoqdan kelgan kishilar uylariga qaytishda U zotning (alayhissalom) tahoratdan qolgan suvlarini o‘zlari bilan olib ketib, uni ko‘p miqdordagi suvlarga qo‘shib ko‘paytirganliklari rivoyat qilinadi.
Bu ham bo‘lsa, tabarruk narsa boshqa oddiy (tohir va pok) narsaga aralashtirilganda, aralashtirilgan oddiy narsa ham barakot va fazilat kasb etishiga dalolat qiladi.
Rivoyat qilinishicha, Nabiy alayhissalom Makkaning hokimiga odam yuborib, undan Madinaga zamzam suvidan jo‘natishni talab qilar ekanlar. Bundan maqsad, Madinaliklar ham zamzamdan yuqorida aytilganidek, oddiy suvlarga aralashtirib, ko‘paytirish orqali bahramand bo‘lishlari uchun ekan.
Abdulloh Kamolov